Insultning oldini olish uchun amal qilish kerak bo‘lgan 6 tavsiya

Oqibati falajlik, hatto o‘lim bilan tugashi mumkin bo‘lgan insult kelib chiqmasligi uchun nimalarga e’tiborli bo‘lish kerakligi haqida ma’lumot berib o‘tamiz.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: “Domashniy ochag”

Insult o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi

35-64 yoshdagi ayollarda insultning paydo bo‘lish ehtimoli shu yoshdagi erkaklarga qaraganda 3 karra ko‘p. Shuningdek, statistika ma’lumotlariga qaraganda, 60 foiz holat ayollarning o‘limi bilan tugaydi. Insult vaqti organizmda qanday o‘zgarish yuz beradi? Miyaning ma’lum qismida qon aylanishi susayadi yoki umuman to‘xtab qoladi. Bu tromb arteriya yoki miya kapillyarlarini to‘sib qo‘yishi hisobiga yuz beradi. Miyaning o‘sha qismi kislorod bilan ta’minlanmagani uchun hujayralar o‘la boshlaydi.

Nima uchun ayollarning kasallanish xavfi yuqori? Asosiy sabablardan biri ortiqcha vazn bilan bog‘liq. Aynan shu sabab ham qon bosimi, qondagi xolesterin miqdori va pulsni nazorat qilib turish kerak. Hatto vazn biroz ortiqcha bo‘lganda ham, shifokorga borib, insultga moyillik bormi yoki yo‘q ekanini maslahatlashish kerak. Agar sizda insult paydo bo‘lish xavfi yuqori bo‘lsa, turmush tarzini o‘zgartirish va davolanish kerak. Eng jiddiy xatolardan biri — insultni to‘satdan paydo bo‘ladi deb hisoblash. Aslida dastlab asta-sekinlik bilan shakllanadi. Bemorlar esa o‘zini kasallikdan himoya qilish uchun ko‘p narsa qilib ko‘radi.

Miya uchun foydali bo‘lgan mahsulotlarni iste’mol qiling

Lavlagi insultning oldini olish uchun samarali va eng arzon mahsulotlardan sanaladi. Ushbu sabzavot nitrit — qon bosimini pasaytiradigan moddalarga boy bo‘ladi. Ayrim tadqiqotlarda lavlagi miyadagi qon aylanishini yaxshilab, yangi qon tomirlar shakllanishiga hissa qo‘shishi aniqlangan. Shu sabab ham ratsionga lavlagini kiritish va to‘g‘ri ovqatlanishga amal qilish kerak. Ko‘proq sabzavot, meva, baliq, yog‘siz baliq, foydali yog‘larni yeyishni kanda qilmang. Shu bilan birga, shakar va fastfuddan tiyilishni odat qiling.

Sho‘r va tuzli mahsulotlardan tiyiling

Tayyor ovqatga tuz qo‘shib yeyish eng katta xatolardan biri hisoblanadi. Tuzning haddan ortiq ekani qon bosimini ko‘taradi, bu esa insultning paydo bo‘lish xavfini orttiradi. Sosiska, kolbasa, muzlatilgan pitssalar va lazanya yoshdan qat’iy nazar, tiyilish muhim bo‘lgan mahsulotlardan hisoblanadi. Kun davomida 5-6 grammdan ortiq tuz iste’mol qilmang.

Insultga xos asosiy alomatlar

Qo‘l va oyoqlardagi sezuvchanlikning yo‘qolishi insultga xos simptomlardan sanaladi. Undan tashqari, yana qanday alomatlar bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumot berib o‘tamiz.

Tabassum

Insult bo‘lgan odam tabassum qilganda yuzining bir tarafi ko‘tariladi, ikkinchisi esa yo‘q.

Nutq

Odam asta-sekin, tutilib-tutilib gapiradi.

Qo‘llar

Insultdan aziyat chekayotgan odam ikki qo‘lini teng ko‘tara olmaydi. Birinchisi ikkinchisidan pastroq turadi.

Til

Til nosimmetrik ko‘rinadi yoki bir tomoni qimirlamay qoladi. Ushbu simptomlardan biri kuzatiladigan bo‘lsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak. Agar xuruj boshlanganidan uch soat o‘tib yordam ko‘rsatilsa, tiklanish ehtimoli ko‘p bo‘ladi.

Boshni orqaga tashlamang

Boshni 2-3 daqiqadan uzoq vaqt davomida orqaga tashlamang. Bu vaqtda miyani qon bilan ta’minlaydigan arteriya yopilib qolishi bu esa insult kelib chiqishiga olib kelishi mumkin. Sartaroshga borganda, sochga niqob qilib ortga tashlab o‘tirganda shuni esingizdan chiqarmang.

Xotirjamlikni saqlashga harakat qiling

Salomatlik uchun qon bosimining ortishiga olib keladigan surunkali stressdan-da yomonroq narsa bo‘lmaydi. Doimiy ravishda badjahl bo‘lib yurish, tashvishda bo‘lish va asabiylashish insult xavfini orttiradi. Surunkali stress organizmni kundan kunga susaytirib, yallig‘lanish jarayonlarining kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Bu ham yetmagandek, asabiylashganda ajraladigan gormon — kortizolning ko‘payishi, bu esa hujayralar shikastlanishiga olib keladi.