Kuzda ayniqsa, har qachongidan ham ko‘proq kuzatiladigan immunitet susayishi va avitaminozga qarshi kurashish uchun nimalar qilish kerakligi haqida ma’lumot berib o‘tamiz.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: “Tion”

Uyquning me’yorda bo‘lishi

Uyquning qanchalik sifatli ekani immunitetga ham bevosita ta’sir qilmay qolmaydi. Uyquning yomon bo‘lishi qondagi kortizol miqdori ortib, surunkali stressga sabab bo‘lishi, bu esa immunitetni susayishiga olib kelishi mumkin. Shu sabab ham, ayniqsa, kuzda uyquning me’yorda bo‘lishiga alohida e’tibor berish kerak. Bir vaqtda uyquga yotib, bir vaqt turishga odatlaning. Shu bilan birga uxlashdan avval va uyg‘ongandan keyin turib o‘zingizga kelib olish uchun 30 daqiqa ajrating. Yotoqning qulayligi, xona yetarlicha qorong‘i va havo bor ekaniga amin bo‘ling. Xona salqinroq bo‘lishi va ovoz hamda shovqinlar eshitilmasligi kerak. Uyqudan 15-20 daqiqa avval gadjetlarni o‘chirib qo‘ying. Ulardagi sun’iy yorug‘lik sirkad ritmiga salbiy ta’sir ta’sir qilishi mumkin. Shunda ham uyquda halovat bo‘lmasa, tireotrop gormoni, D vitamin va magniy miqdorini tekshirtirib ko‘rish, tanqislik kuzatilsa o‘z vaqtida shifokor bilan maslahatlashib uni bartaraf qilish kerak.

Sabzavot va mevalarni kanda qilmaslik

Kundalik ratsionda kamida 600 gramm barra meva va sabzavotlar bo‘lishiga e’tibor bering. Ular А, D, E, K, B, С singari immunitetni mustahkamlovchi vitaminlar, shuningdek, ichaklar faoliyati uchun ahamiyatli bo‘lgan kletchatkalar mujassam bo‘ladi. Hech qaysi biologik faol qo‘shimchalar tabiiy mahsulotlarning o‘rnini bosa olmasligini unutmang. Olma, sabzi, ismaloq, brokkoli va qizil bulg‘ori qalampiri bu borada ayni muddao hisoblanadi.

Jismoniy faol bo‘lish

Immunitetni mustahkamlash uchun yarim soat toza havoda sayr qilish va kun davomida bajarilgan 10 daqiqalik jismoniy mashq kifoya qiladi. Mashqlar juda ham oddiy: o‘tirib-turish, qo‘llarni ko‘tarib pastga tushirish yoki arqonda sakrashdan iborat bo‘lishi mumkin. Doimiy ravishda kardio faollik va hafta davomida 2-3 marta sport zalga borilsa, yana yaxshi.

D vitaminiga boy mahsulotlarni iste’mol qilish

Immunitetni mustahkamlash bilan birga, organizmni turli shamollash va infeksion kasalliklardan himoya qiladigan D vitamini yog‘li baliq mahsulotlari, tuxumning sarig‘i, sariyog‘, pishloq hamda mol go‘shtida bisyor bo‘ladi. Shu sabab ham ushbu mahsulotlarni ratsionga kiriting va D vitaminini qo‘shimcha sifatida qabul qiling. Ushbu vitaminning kunlik me’yori shifokor ko‘rsatmasisiz 2000 ME dan oshmasligi kerak.

Kontrast dush qabul qilish

Kontrast dush qabul qilish qon-tomirlar va asab tizimi ahvolini yaxshilash bilan birga, immunitetni ko‘tarishning ham eng samarali usullaridan hisoblanadi. Jarayonda qon-tomirlar torayib, kengaygani hisobiga qon aylanishi va a’zolar hujayralarining qon bilan ta’minlanishi yaxshilanadi. A’zolar faoliyati qanchalik yaxshi bo‘lsa, immunitet bakteriya va viruslar bilan shuncha yaxshi kurashadi. Darhol tetiklashtirgani va kun davomida energiyaga to‘la yurishga hissa qo‘shgani uchun ham kontrast dushni tongda qabul qilgan yaxshi.

От qwert.uz