Burun bo‘shlig‘ining qiyshayish sabablari va asoratlari

Burun o‘rta devorining bir yoki ikkala tomonga qiyshayishi nafas olishni qiyinlashtiradi va bir qator jiddiy kasalliklarga olib keladi. Ushbu patologik o‘zgarish burun bo‘shlig‘ining eng keng tarqalgan kasalliklardan biridir.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: “Medizstetik”

Sabablari:

  • fiziologik: burunning o‘rta devori suyak va tog‘ay qismdan iborat, o‘sish davrida bu ikkala to‘qima notekis o‘sishi natijasida yuzaga keladi.
  • burunning shikastlanishi: jarohat tufayli yuzaga keladi.
  • boshqa kasalliklar: burun bo‘shlig‘i poliplari, burun bo‘shlig‘ida begona jismlar, raxit kasalligi sabab bo‘lishi mumkin.

Аsoratlari:

Burun orqali nafas olish qiyinlashishi va hatto butkul nafas ololmaslik.

Og‘iz orqali nafas olganda, organizm kislorodga to‘yinmaydi, gap shundaki og‘izdan nafas olganda havo oqimiga qarshilik bo‘lmaydi, natijada o‘pkani faqat pastki qismi kislorod almashinuvida ishtirok etadi. Yuqori qismida havo almashinuvi buziladi, bu holatning uzoq vaqt davom etishi o‘pka hajmini kamaytiradi va infeksiyaga qarshi kurashish qobiliyatini pasaytiradi.

Burun atrofidagi bo‘shliqlarning (sinuslarni) surunkali yallig‘lanishi.

Surunkali gaymorit, etmoidit, frontit kasalliklarini keltirib chiqaradi. Sinuslar burun bo‘shlig‘i bilan mayda “tunnel” va teshiklar bilan tutashgan, havo oqimi burundan o‘tish jarayonida sinuslarda aylanib quruq havo namlanadi, sovuq havo isiydi, infeksiya, changdan tozalanadi. Undan tashqari sinuslar tovushini to‘g‘ri talaffuzini ta’minlaydi.

Miya va ichki a’zolar funksiyasining buzilishi va kasallanishi.

Kislorod yetishmasligi va surunkali infeksiya o‘chog‘idan chiqayotgan toksinlar miya ish faoliyatini buzadi. Yurak, buyrak faoliyatini susaytiradi va surunkali kasalliklar paydo bo‘ladi

Qanday davolash mumkin?

Faqat jarrohlik usulida davolanadi. Operatsiya endonazal usulda yuz terisini kesmasdan amalga oshiriladi, burun o‘rta devori qiyshiq qismini olish, to‘g‘irlash va reimplantatsiya qilishdan iborat. Shuningdek, burun shilliq qavati saqlanib qoladi.

Shifokor Xurshid A’zamxo‘jayev tavsiyalari asosida tayyorlandi.