Leptin yogʻ toʻqimasidan ajralib chiqadigan gormon boʻlib, ishtahani bosadi va vazn yoʻqotishga yordam beradi. Boshqacha qilib aytganda, u miyaga xabar yuboradi: “Ovqat yetarli, yogʻ zaxiralarini sarflash fursati keldi”.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Источник: https://lifehacker.ru/

Ushbu gormonning normal ishlab chiqarilishi kaloriya va energiya sarfini hisobga olmaganda, vaznni barqaror saqlashga yordam beradi. Leptin yetishmasligi ishtahani oshiradi va kilogramm ortishiga sabab boʻladi. Ortiqchasi esa organizmning gormonlarga sezgirligini pasaytiradi, bu yalligʻlanish va metabolik kasalliklarga olib kelishi mumkin.

Leptin ishtahaga qanday taʼsir qiladi?

Ovqatlanishdan soʻng undagi yogʻ hujayralaridan leptin moddasi ajralib chiqadi va qon orqali miyaga yetib boradi. Bosh miyada gormon gipotalamusdagi retseptorlarga bogʻlanadi va energiya zaxiralari haqida maʼlumot uzatadi. Zaxira yetarli miqdorda boʻlsa, organizmda ishtahani bosadigan bir qancha peptidlar ishlab chiqariladi.

Insonda yogʻ sarfi ortib ketsa va kaloriya yetishmasa, leptin darajasi pasayadi, ishtaha ochiladi. Shu bois parhezlar chogʻida yogʻ zaxiralari koʻp boʻlsa ham, odam ochlikdan qiynaladi.

Boshqa tomondan, tanadagi yuqori yogʻ foizi, koʻp ovqatlanish, ayniqsa, uglevodlar, leptin darajasini oshiradi va ochlikni kamaytiradi. Shirinliklarni sevib isteʼmol qiladigan ortiqcha vaznli odamlarda “toʻyish gormoni” koʻproq boʻlishi kerak, shu bois ular deyarli ovqatga ehtiyoj sezmaydi. Bunday insonlarda leptin darajasi haqiqatan ham yuqori, ammo keyinchalik ishtahani kamaytira olmaydilar. Olimlarning taʼkidlashicha, bularning barchasi sezgirlikning buzilishi bilan bogʻliq.

Nima uchun organizmda leptinga befarqlik paydo boʻladi?

Tadqiqot shuni koʻrsatdiki, 12 soat mobaynida ortiqcha ovqatlanish (120 kkal / kg tana vazni) leptin darajasini 40 foizga oshirdi, bunday rejimning ikki haftasi gormon miqdorini uch baravarga koʻpaytiradi.

Olimlar leptinning haddan tashqari koʻp miqdori gipotalamusga toʻgʻridan toʻgʻri taʼsir qiladi va bu gormonga nisbatan sezgirlikni pasaytiradi, degan xulosani ilgari suradilar.

Bundan tashqari, leptinning miyani zararli qon tarkibiy qismlardan himoya qiluvchi qon-miya toʻsigʻi — filtr orqali oʻtishi holatni yomonlashtiradi. Shu tariqa oz miqdorda leptin toʻsiqdan oʻtadi va gipotalamus ishtahani bosish buyrugʻini olmaydi. Yetarli kaloriyalarga qaramay, toʻyinganlik hissi paydo boʻlmaydi.

Organizmning leptinga sezuvchanligini qanday oshirish mumkin?

Leptinga sezuvchanlikni yaxshilash va ishtahani muvozanatlashga yordam beradigan bir nechta strategiyalar mavjud.

Shakardan voz keching

Shakar isteʼmoliga javoban organizmda insulin darajasi koʻtariladi va doimiy giperinsulinemiya qon plazmasida leptin kontsentratsiyasi oshishiga olib keladi.

Uch kun mobaynida uglevodlarni ortiqcha qabul qilish bilan “toʻyinganlik gormoni” darajasi 28 foizga ortadi. Bundan tashqari, shakar, ayniqsa, uning bir qismi boʻlgan fruktoza organizmning leptinga sezuvchanligini pasaytiradi va semizlikni chaqiradi.

Shu jihatdan shirinliklardan maksimal darajada voz kechish afzaldir. Iloji boricha ularni taomnomadan chiqarib yuboring.

Toʻyingan yogʻlarni kamaytiring

Yogʻlar leptin darajasiga uglevodlarga qaraganda ancha kam taʼsir qiladi, ammo ular ham aks taʼsir xususiyatga ega.

Hayvonlarda oʻtkazilgan tajriba shuni koʻrsatdiki, toʻyingan yogʻ kislotalari leptinni qon-miya toʻsigʻi orqali oʻtish jarayonini buzadi, bu miyadagi gormon miqdori va uning ishtahaga taʼsirini yomonlashtiradi. Oʻsimlik yogʻlari, baliq va yongʻoqlarning toʻyinmagan yogʻli kislotalari bunday salbiy taʼsirga ega emas.

Parhez yoʻriqnomalari yurak-qon tomir tizimiga koʻrsatadigan zarari tufayli diyetadagi toʻyingan yogʻlar umumiy kaloriyalarini 5-10 foizgacha kamaytirishni maslahat beradi. Balki ishtahangizni kamaytirish uchun ushbu maslahatga amal qilishingiz kerakdir.

Yogʻli va qayta ishlangan goʻsht mahsulotlarining isteʼmolini cheklashga harakat qiling.

Vaqti-vaqti bilan roʻza tutishni odat qiling

Yuqorida qayd etilganidek, roʻza tutish, vazn yoʻqotish leptin darajasini pasaytiradi. Bu mantiqiy holat, yaʼni yogʻ hujayralari qancha kam boʻlsa, shuncha kam gormon ishlab chiqariladi.

Ilmiy maqolalarning birida taʼkidlanishicha, vaqti-vaqti bilan roʻza tutish ortiqcha leptindan, hatto yogʻ massasi yoʻqolishidan ham tezroq xalos boʻlishga yordam beradi.

Qolaversa, ushbu ovqatlanish usuli insulin va leptinga sezuvchanlikni oshiradi, organizmning yalligʻlanish bilan kurashishini ragʻbatlantiradi.

16 soat davomida roʻza tutib, qolgan vaqtda odatdagidek ovqatlanadigan ochlik rejimini sinab koʻring.

Sport bilan band boʻling

Jismoniy mashqlar vazn yoʻqotishning eng samarali usuli boʻlmasa-da, leptinga sezuvchanlikka ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Ilmiy tadqiqotlarning meta-tahliliga koʻra, toʻyinganlik gormoni darajasining pasayishi toʻgʻridan toʻgʻri yogʻ kamayishi bilan bogʻliq, ammo unga nisbatan sezuvchanlik vazn yoʻqotmasdan ham yaxshilanishi mumkinligi isbotlangan.

Rejalaringizga hafta mobaynida 3-4 marta 30-60 daqiqa davomida muntazam jismoniy mashqlar qilishni kiriting.

Yetarlicha uxlang

Kechasi 4-5 soat uxlaydigan odamlarda leptin darajasi 8-9 soat uxlaydigan odamlarga qaraganda 15,5-19 foizga past boʻladi.

Gormonga sezgirlik normal boʻlsa, darajasining pasayishi ortiqcha ovqatlanish va semizlikka olib kelishi mumkin. Shu bois tungi dam olishni taʼminlash juda muhim, ayniqsa, parhez tutayotganlar va ochlikni tez-tez his qilayotganlar uchun.

Tunda kamida sakkiz soat uxlashga harakat qiling. Bu sizni yogʻli va shirinliklardan va kilogramm orttiradigan chidab boʻlmas xohish-istaklardan xalos qiladi.

От qwert.uz