Shubhali xollar, qizarib ketgan ko‘zlar, hatto ortiqcha terlash — bularning barchasi imkon qadar tezroq shifokor bilan uchrashish uchun sababdir. Dermatolog jiddiy kasalliklarning boshlanishini aniqlaydi, ushbu xastaliklarning aksariyati nafaqat teriga, balki boshqa tana aʼzolariga ham salbiy taʼsir ko‘rsatadi. Quyidagi alomatlarning qaysi biri sizda sodir bo‘layotganini payqasangiz, iloji boricha tezroq shifokorga uchrang.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Shubhali xollar

Deformatsiyalangan, assimetrik, g‘alati rangli, beo‘xshov qirralari, go‘yoki terining yuzasidan ko‘tarilgan xollar haqiqiy “qizil bayroqlar” bo‘lib, ular orqali organizm bizni xavfdan ogohlantiradi. Melanomadan tashqari o‘zingizda bunday shakllanishlarni sezsangiz, imkon qadar tezroq shifokorga murojaat qiling.

Qizargan, qichiydigan ko‘z qovoqlari

Ko‘z qovoqlari atrofida qizarish va qichishish — bu eng keng tarqalgan ko‘z infeksiyasi bo‘lgan konyunktivitning birinchi belgisidir. Ushbu alomatni nega dermatolog davolaydi, deb hayron bo‘lyapsizmi? Gap shundaki, bakteriyalar ko‘z qovoqlarining nozik terisiga taʼsir qiladi va dermatolog to‘g‘ri davolanish tartibini tanlay oladi.

Tuzalishi uchun juda ko‘p vaqt talab qiladigan yaralar

Yara bir oy yoki undan ko‘proq vaqt davomida tuzalmasa, albatta, dermatologga murojaat qilishingiz kerak. Birinchidan, hech qanday choralar ko‘rilmasa, zararlanagan to‘qimalarda chirish boshlanishi mumkin. Ikkinchidan, bunday “uzoq davom etadigan” yaralar baʼzan teri saratoni belgisi hisoblanadi.

Teridagi har qanday o‘zgarishlar

Uzoq vaqt davomida o‘tib ketmaydigan teridagi har qanday o‘zgarishlar dermatologga ko‘rsatilishi kerak: husnbuzar, pigmentli dog‘lari, qorayish, boshqa neoplazmalar — bularning barchasi jiddiy kasallikning belgisi bo‘lishi mumkin.

Og‘izdagi yaralar

Og‘iz bo‘shlig‘ida uzoq vaqt ketmaydigan yoki qayta-qayta paydo bo‘ladigan yaralar imkon qadar tezroq shifokorga uchrash uchun sababdir. Bu ovqat hazm qilish trakti kasalliklari, og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklari, hatto saraton belgisi bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Qanday bo‘lmasin, ularni shifokorga ko‘rsatish zarur.

O‘ta quruq teri

Ko‘rilgan barcha choralarga qaramay, teringiz quruq va rangi xira tortib qolsa, dermatologga murojaat qiling. Bu ekzema yoki psoriaz kasalligi rivojlanishining birinchi alomati bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, haddan tashqari quruq teri ichki organlarning ishlashidagi buzilishlarni ko‘rsatadi.

Terlash

Gormonal nomutanosiblik, qalqonsimon bez kasalliklari, hatto diabet kasalligi ham ortiqcha terlashga olib keladi. Agar odatdagidan ko‘proq terlayotganingizni sezsangiz, kuchliroq antiperspirant sotib olishga shoshilmang — avval shifokor bilan maslahatlashing.

Tirnoqlarning o‘zgarishi

Tirnoqlarning mo‘rtligi, qichishishi, rangi o‘zgarishi yoki sinib ketishi kuzatilganda shifokorga uchrang. Tirnoqlar holatidagi bunday o‘zgarishlar vitaminlar yetishmasligi, jigar va buyraklardagi buzilishlar yoki psoriazning rivojlanishi tufayli yuzaga kelishi mumkin. Ushbu signallarni o‘tkazib yubormang!

Soch to‘kilishi

Odatda kuniga 80 tagacha soch to‘kiladi. Ammo tarog‘ingizda ularning soni sezilarli darajada ko‘p bo‘lsa, shampunni almashtirishdan avval shifokor maslahati muhimroqdir. Yaxshi tomoni, soch to‘kilishining ko‘pgina sabablarini davolash mumkin. Sochlaringiz hajmi ortib, sog‘lom bo‘ladi.

От qwert.uz