Qalqonsimon bez kichik bo‘lishiga qaramay juda muhim a’zodir. Organizmdagi ko‘plab muhim tizimlar salomatligi uning to‘g‘ri ishlashiga bog‘liq. Uning faoliyatidagi ozgina buzilish ham eng muhim a’zolarning ishiga jiddiy ta’sir qilishi va xavfli kasalliklarni qo‘zg‘atishi mumkin. Qalqonsimon bez holatini baholash uchun ayniqsa ushbu alomatlarga e’tibor bering.

— Manba: «Daryo» nashri.

Vaznning tushunarsiz tarzda o‘zgarishi

Metabolizmning tezligi qalqonsimon bez faoliyatiga ham bog‘liq, shuning uchun uning ishidagi eng kichik o‘zgarish ham darhol seziladi. Qalqonsimon bez haddan tashqari faol bo‘lsa, to‘satdan va sezilarli darajada ozish yoki hech qanday harakatsiz vazn yo‘qotish mumkin. Agarda, aksincha, bez gormonlarni odatdagidan ko‘ra kamroq qonga chiqaradigan bo‘lsa, insonda shish va semirish boshlanadi. Ikkala holatda ham shifokor bilan maslahatlashing, analiz topshiring va qalqonsimon bezning ultratovush tekshiruvini o‘tkazing.

Uyqusirash va charchoq hissi

Ishingiz juda ko‘p, dam olganingizga ko‘p bo‘ldi va yetarlicha dam ololmayapsizmi? Doim uyqusirab yurasiz, eng oddiy va odatiy kundalik yumushlardan ham charchab qolasiz. O‘zingizni ayblashga shoshilmang: ehtimol, bularning barchasi qalqonsimon bezning me’yorda ishlamayotganidan darak berayotgandir. Endokrinologlarning aytishicha: agarda siz muntazam charchoq hissi bilan uyg‘onsangiz, shifokorga murojaat qiling. Samarali davo choralaridan so‘ng yana ishchan bo‘lasiz.

Termoregulyatsiya bilan bog‘liq muammolar

Atrofdagilarning hammasi issiqdan nolib turganda siz adyolga o‘ranib olyapsizmi? Yoki, aksincha, fevralda terlab ketasizmi? Bu qalqonsimon bez faoliyatining buzilganligini ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan alomatlarning biri bo‘lib, asosan termoregulyatsiya bilan bog‘liqdir.

Hayz davrining buzilishi va homilador bo‘la olmaslik

Ayollarning reproduktiv salomatligi endokrin tizim bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, homilador bo‘lish, asosan, qalqonsimon bezning yaxshi ishlashiga bog‘liq. Hayz siklidagi o‘zgarishlar, uning og‘ir kechishida endokrinolog bilan bog‘lanish va qalqonsimon bezni tekshirish lozim. Gap shundaki, gipoterioz ovulyatsiya va hayz davrini boshqaradigan gormonlar ishlab chiqarishni blokirovka qilishi mumkin.

Depressiya va xavotirlanish

Qalqonsimon bez gormoni oshib ketsa, organizmning umumiy ritmi kuchayadi, asab tizimi stressni boshdan kechiradi va asabiylashamiz, ta’sirchan va xavotirli kayfiyat kuzatiladi. Gormonlar yetishmasa ham haqiqiy depressiya alomatlarini boshdan kechirishimiz mumkin. Agar ortiqcha tashvishlanish yoki depressiyaga tushib qolsangiz, ehtimol, psixiatrga qo‘shimcha ravishda endokrinologga uchrash lozim.

Teri va soch muammolari

Gipoteriozning yana ikki muhim belgisi soch to‘kilishi va terining quruqlashishidir. Ayniqsa, yoz mavsumida ushbu alomatga duch kelsangiz  ehtiyot bo‘lish kerak. Chunki metabolizmning sekinlashuvi bilan terlash ham kamayadi, natijada teri kamroq namlanadi, quriydi va, hatto, tezroq suvsizlanadi. Shuning uchun krem va losyonlardan qanjatlanmay — endokrinolog bilan maslahatlashing!

От qwert.uz