Pigment dog‘lar tashqi ko‘rinishga ta’sir qiladigan noxush muammo bo‘lib, ularning yuz va tana terisida paydo bo‘lishi ba’zan organizmdagi jiddiy nosozliklarni ko‘rsatadi. Ammo ko‘pincha bu sog‘liq uchun xavf tug‘dirmaydigan odatiy estetik nuqsondir.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: Skin Base

Tanada jigarrang dog‘lar paydo bo‘lishining sabablari har xil. Bunga genetik moyillik, turli kasalliklar, jumladan xavfli o‘simtalar sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, inson organizmi vaqt o‘tishi bilan charchaydi, toksinlar buyrak, jigar, o‘pka va ichaklar tomonidan to‘liq chiqarib yuborilmaydi. Detoksifikatsiya funksiyalari teri tomonidan amalga oshirilgani tufayli qator omillar ta’sirida giperpigmentatsiya paydo bo‘ladi.

Shu sababli tanada bunday dog‘lar nima uchun paydo bo‘lganligini bilish uchun shifokor ko‘rigidan o‘tish va kerakli davolanish choralarini ko‘rish lozim.

Terida jigarrang dog‘lar qanday paydo bo‘ladi?

Terining yuqori qatlamida melaninni sintez qiladigan maxsus hujayralar — melanotsitlar mavjud. Aynan shu pigment tufayli teri ultrabinafsha nurlanishidan himoyalanadi. Agar biror sababga ko‘ra melanin ishlab chiqarish mexanizmi buzilsa, ushbu pigment me’yordan ortiq ishlab chiqariladi va yuzda dog‘ paydo qiladi.

Ushbu hodisa fanda giperpigmentatsiya deb ataladi. Quyosh ta’siridagi pigmentatsiya ko‘pincha yuz, bo‘yin, yelka va qo‘l terisida paydo bo‘ladi. Pigment dog‘lari og‘riqsiz bo‘lib, ular terining sirtidan ko‘tarilmaydi va teri tuzilishini o‘zgartirmaydi.

Foto: Adobe Stock

Agar ota-onangizning terisida bunday dog‘lar ko‘p bo‘lsa, sizda ham giperpigmentatsiya paydo bo‘lish ehtimoli yuqori. Ko‘pincha bunday holat keksa odamlarda ko‘proq uchraydi va yoshga bog‘liq tabiiy o‘zgarishlar hisoblanadi.

Bundan tashqari, homilador ayollarning terisida ham shunday dog‘lar paydo bo‘lishi mumkin. Ular aksariyat hollarda farzand dunyoga kelgandan keyin tezda yo‘qoladi.

Afsuski, giperpigmentatsiyaning jiddiyroq sabablari ham bor. Jigarrang dog‘larning paydo bo‘lishi oshqozon-ichak trakti va metabolizm bilan bog‘liq xastalik yoki saraton (melanoma) kabi jiddiy kasallikning alomati bo‘lishi mumkin.

To‘q rangli dog‘lar paydo bo‘lganda nima qilish lozim?

Bunday holatda dermatologga murojaat qilish, so‘ng shifokor ko‘rsatmasi bilan boshqa tor soha shifokorlaridan tibbiy maslahat olish hamda zarur analizlarni topshirish kerak. Tibbiy tekshiruvdan o‘tish sizda xavfli kasalliklar yo‘q ekanligini aniqlashga yordam beradi. Asosiysi, bunday dog‘lardan uy sharoitida, tanishlar tavsiyasi bilan mustaqil xalos bo‘lishga urinmang. Agar asosiy kasallik nazorat ostiga olinsa, bu teri holatining yaxshilanishiga olib kelishi mumkin.

От qwert.uz