Qon tomirlarida quyqalar hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladigan mahsulotlar yurak xuruji yoki insultga chalinish xavfini oshiradi, deya ogohlantiradi shifokorlar. Umuman olganda, noto‘g‘ri ovqatlanish tartibi va ortiqcha vazn inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin, deb xabar berdi “Sports.kz”.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: iStock

Ammo nima uchun ko‘plab odamlar barcha xavf-xatarlarni bilib turib zararli mahsulotlarni iste’mol qilishda davom etmoqda? Bunga insoniyatning jiddiy muammolaridan biri — stress sababchi bo‘lmoqda. Tushkunlikka olib keladigan sabablar esa talaygina. Shifokorlar hayotiy muammolarni “yeyish bilan” emas, balki ularni hal etish yo‘llarini izlash bilan bartaraf etish kerakligini aytadi. Bundan tashqari, stressni spirtli ichimliklar bilan bostirish masalani ijobiy hal qilmaydi, balki murakkablashtiradi.

Mutaxassislar qon tomirlari salomatligini saqlash uchun ba’zi turdagi mahsulotlardan voz kechishni tavsiya qiladi. Yurak kasalliklariga olib keladigan eng zararli mahsulot bu yog‘li go‘sht yoki qovurilgan mahsulotlar emas, balki shakardir.

Foto: Everyday Health

Shakar kaloriyaga boy, lekin unda ozuqa moddalari kam. U ko‘p iste’mol qilinganda kerakli energiyadan ziyod kaloriya hosil qiladi. Bu esa vaqt o‘tishi bilan ortiqcha vazn, qandli diabet, yurak-qon tomir va boshqa jiddiy xastaliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Qand va shakar qon tomirlarida quyqalar paydo qiladi, bejizga shakarni oq ajal deb atashmaydi.

Oshqozonga tushgan har bir konfet tanaga zararli. Shakar nafaqat qon tomirlarini zararlantiradi, balki tashqi ko‘rinishga putur yetkazadi, tez qaritadi hamda terining giperpigmentatsiyasiga olib keladi.

Shu bois uning iste’molini nazorat qilish juda muhim. Balansli parhez va shakar miqdorini kamaytirish orqali nafaqat salomatlikni yaxshilash, balki energiya darajasini ham saqlash mumkin.

От qwert.uz