Agar qahvasiz uyg‘onishning imkoni bo‘lmasa, demak, ushbu ichimlik tanada qanday o‘zgarishlar yuz berishiga sabab bo‘lishini bilib qo‘yish kerak, chunki ko‘pchilik uchun ertalabki kofe oddiy holatga aylangan. Biroq uni nonushtadan avval ichish yaxshilikka olib kelmasligi mumkin, deb yozadi Sports.kz.
Och qoringa muntazam ravishda qahva ichish oqibatlari
Och qoringa kofein iste’mol qilish organizmda kortizol darajasini oshiradi. Bu stress gormoni bo‘lib, u boshqa gormonlarning nomutanosibligini keltirib chiqaradi va qondagi qand miqdorini oshiradi. Bu kun davomida tanadagi energiyalar almashinuvi buzilishiga va bosh og‘rig‘iga olib keladi.
Shuningdek, qahvani och qoringa ichish hazm qilishni amalga oshiruvchi xoletsistokinin gormonini ishlab chiqaradi. Agar qahva ichilganda oshqozon bo‘sh bo‘lsa, jig‘ildon qaynashi va gastrit alomatlari paydo bo‘ladi. Shu sababli qahva oshqozon kislotaliligi oshiruvchi mahsulotlar sirasiga kiritiladi.
Qahva tarkibidagi konservantlar moddalar almashinuvi jarayoniga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Qahva ichilganidan so‘ng bir soat vaqt o‘tib ish faoliyati oshadi va yana bir soatdan so‘ng uyquchanlik paydo bo‘ladi.
Qahva ichish uchun eng yaxshi vaqt qachon?
Kunning o‘rtasi qahva iste’mol qilish eng yaxshi vaqtdir. Kortizol darajasi tongda tabiiy ravishda uyg‘onganda eng yuqori darajaga yetadi. Uzoq vaqt davomida uning oshib yurishi immun tizimining faoliyatini buzishi mumkin. Shuning uchun ertalab kofein orqali tananing tabiiy kortizol darajasini kuchaytirish tavsiya etilmaydi. Stress gormoni darajasi biroz pasayguncha, ya’ni kunning o‘rtasigacha qahva ichishni kechiktirish foydalidir.
Bundan tashqari, uxlashdan olti-sakkiz soat oldin qahva va kofeinli ichimliklar ichishdan voz kechish lozim, chunki kofein uyquning sifatini buzishi mumkin.
Kofein tanada uzoq muddat saqlanib qolishi ilmiy isbotlangan. Naturopat shifokor doktor Erin Stouks tushdan keyin qahva iste’molini cheklash kerakligini uqtiradi, chunki kofein qonda 10 soatgacha qolishi mumkin.
Qahva o‘rniga foydaliroq ichimliklar tanlash
Yuz gramm qahva oshqozonni bezovta qilmasligi yoki stress gormonlarini oshirmasligi uchun tongda yengil va balansli nonushta qilish tavsiya etiladi. Agar siz kunni ovqatdan ko‘ra ichimlik bilan boshlashni afzal ko‘rsangiz, limon sharbati qo‘shilgan iliq suv, moychechakli choy, kokos suvi yoki smuzi iste’mol qilish tavsiya etiladi.