Ertalab och qoringa kefirli grechka iste’mol qilish qanchalik foydali?

Kefirli grechka organizmni toksinlardan tozalaydi, ovqat hazm qilish va metabolizmni yaxshilaydi, shuningdek, ozishning oddiy, ammo juda samarali usuli hisoblanadi.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: Getty Images

Ertalab kefirli grechka yeyish qanchalik foydali?

Grechka yormasi o‘simlik oqsili va sog‘lom uglevodlar manbayi bo‘lib, uzoq vaqt to‘yinganlik hissi va energiya beradi. Bundan tashqari, grechkada inson salomatligi uchun ko‘plab mikroelementlar va vitaminlar mavjud:

  • kaliy,
  • temir,
  • fosfor,
  • yod,
  • foliy kislotasi,
  • niotsin,
  • B vitaminlar guruhi,
  • vitamin RR.

Shuningdek, grechka antioksidantlarning kuchli manbayi hisoblanadi — tarkibida hujayralar qarishini sekinlashtiradigan moddalar borligi ilmiy asoslangan va isbotlangan.

Dag‘al kletchatkaga boy xom donlar ovqat hazm qilishni yaxshilaydi va qondagi qand miqdorini pasaytiradi. Gipertenziya, ateroskleroz, tromboz, revmatizm va diabet kabi kasalliklarning oldini olish uchun shifokorlar grechkani kundalik ratsionga kiritishni tavsiya qiladi.

Foto: Getty Images

Kefirda ham ovqat hazm qilish traktining faoliyatini yaxshilaydigan muhim aminokislotalar va bifidobakteriyalar mavjud. Ikkala mahsulot ham bir-birini mukammal ravishda to‘ldiradi, tanani barcha kerakli oziq moddalar bilan ta’minlaydi.

Ertalab och qoringa kefirli grechka yormasi tanani tozalashga, to‘plangan toksinlardan xalos bo‘lishga, qondagi qand miqdorini normallashtirishga yordam beradi.

Grechka qo‘shilgan sutli sho‘rva

  • sut -1 litr
  • grechka — 0,5 stakan;
  • shakar — 1,5 osh qoshiq;
  • tuz — bir chimdim;
  • sariyog‘ — 25 g.

Sutni qaynay deganda oldindan yuvilgan grechkani soling. Gazni pasaytiring, vaqti-vaqti bilan aralashtirib, 15 daqiqa pishiring. Tuz va shakar qo‘shgandan so‘ng, aralashtirib yana 5 daqiqa pishiring. Sariyog‘ qo‘shishni unutmang.

Grechka-guruchli bo‘tqa

  • grechka — 100 g;
  • guruch — 100 g;
  • tuz;
  • o‘simlik yog‘i — 1 osh qoshiq;
  • suv — 2,5 stakan.

Qaynagan suvga grechka va guruchni soling. Qaynab chiqishi bilan tuz va o‘simlik moyi qo‘shing (sariyog‘ ham mumkin). Suv deyarli bug‘lanib ketguncha 15 daqiqa qaynating. Pishgandan so‘ng qozonni gazdan olib, qopqog‘i yopiladi. 10 daqiqaga sochiq bilan o‘raladi. Keyin sariyog‘ solib dasturxonga tortish mumkin.

Foto: 7 dney.ru

Qaynatilmaydigan grechka

  • grechka (maydalangan) — 1 stakan;
  • suv (qaynoq suv) — 500 ml;
  • sariyog‘,
  • tuz.

Grechkani sovuq suvda yuvib, 500 ml qaynoq suv quying. Idishni qopqoq bilan yopib, sochiq bilan o‘rang. Bir yarim soat o‘tgach, grechka suvni o‘zlashtiradi va tayyor bo‘ladi. Agar hali ham ozgina suv bo‘lsa, uni to‘kib tashlash mumkin. Ta’bga tuz va sariyog‘ qo‘shishni unutmang.

Kefirli grechka

  1. 2 osh qoshiq grechka yormasini sovuq suvda yuvib, so‘ngra qaynoq suv quying.
  2. Suvni shimib olgach, grechkani idishga soling va 200 ml kefir quying va muzlatgichda bir kechaga qoldiring.
  3. Ertalab kefirli grechka iste’molga tayyor bo‘ladi. Uni ertalab och qoringa, nonushta o‘rniga yeyish lozim.

Tuz, shakar, sariyog‘ qo‘shmang!

Agar maqsadingiz vazn yo‘qotish bo‘lsa, kefirli grechkani bir-ikki hafta davomida iste’mol qilish kerak. Kundalik kaloriyani ham kuzatib boring: agar boshqa ovqatlar kaloriyasi juda yuqori bo‘lmasa, tez orada ijobiy natijani sezasiz.