Qon tomirlari bilan bog‘liq kasalliklar butun dunyoda eng ko‘p uchraydigan surunkali muammolar sirasiga kiradi. Varikoz esa faqat tashqi ko‘rinishdagi noqulaylik emas, balki jiddiy qon aylanishi buzilishlariga ham sabab bo‘lishi mumkin.
— Manba: «Daryo» nashri.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, venalarning varikoz kengayishi dunyodagi ayollarning 20–50 foizida uchraydi. Quyida varikozning oldini olish va venalarni sog‘lom saqlash bo‘yicha foydali tavsiyalarni keltiramiz.
Varikozning kelib chiqish sabablari
Genetik jihatdan kasallikka moyillik
Oyoqning pastki qismida tomirlarning bo‘rtib chiqishi, shishib ketishi, ko‘karishi va og‘riqlar paydo bo‘lishi irsiy jihatdan avloddan-avlodga o‘tadigan kasallikdir. Agar yaqin qarindoshlaringizdan biri varikozdan aziyat cheksa, sizda ham ushbu kasallik rivojlanishi ehtimoli bor.
Homiladorlik
Bo‘lajak onaning qon aylanish tizimiga katta yuk tushadi — homilani kerakli ozuqa moddalari va kislorod bilan ta’minlash uchun qon aylanish hajmi 20-30 foizga oshadi. Bachadon kattalashishi hisobiga tos qismidagi tomirlarni ezadi va venalarda qon aylanishi qiyinlashadi. Shuning uchun oyoq tomirlarida varikoz paydo bo‘ladi.
Ortiqcha vazn
To‘qimalarda yog‘ning miqdori oshishi hisobiga vena tomirlari siqilib qoladi va venalarda shishlar paydo bo‘ladi.
Kam harakat hayot tarzi
Kompyuterda har kuni ishlash yoki mashina haydash kabi kamharakat kasblar mushaklarni harakatsiz va zaif qiladi. Natijada qon aylanish tizimida nosozliklar yuzaga keladi va vena kasalliklariga olib keladi.
Inson yoshi
Ulg‘aygan sari qon tomir devorlari va klapanlar ham qariy boshlaydi, susayadi va elastikligini yo‘qotadi.
Varikoz kasalligini oldini olish choralari

Flebologiya markazi klinikasining bosh shifokori, qon-tomirlar jarrohi Andrey Chupeyev venalarning varikoz kengayishini oldini olish uchun kerakli chora va maslahatlarini aytib o‘tdi.
1-qoida. Kasallikni oldini olish uni davolashdan osonroq
Uzoq vaqt o‘tirish yoki tik turish oyoqlarga faqat statik yuk beradi. Dinamik jismoniy harakat: yugurish, tez yurish, o‘tirib-turish kabilar esa varikozning oldini olish uchun eng maqbul yechimdir.
2-qoida. Venalarning varikoz kengayishini o‘z vaqtida aniqlash muhim
Aksariyat insonlar kunning oxirida charchoq, oyoqlarda og‘riq va shish paydo bo‘lishini odatiy hol deb hisoblashadi. Ular bunday “kichik narsalar” ga e’tibor bermaydi va faqat kasallik jiddiyroq bosqichga o‘tgandagina tashvishlana boshlaydi. Shu sababli o‘z vaqtida flebologga murojaat etish va kasallikni boshlang‘ich qismida davolash muhimdir.
3-qoida. O‘zboshimchalik bilan varikozni davolash mumkin emas
Turli gazeta va internet saytlardagi reklamalarga ishonib, shifokor ko‘rsatmasisiz noma’lum preparatlarni qabul qilish orqali qimmatli vaqtingiz bekorga sarf qilasiz. Yaxshisi, kasallikning dastlabki belgilarida flebolog mutaxassis bilan uchrashing va varikoz tomirlari bilan qanday kurashish kerakligi bo‘yicha professional tavsiyalarni oling.
