Yozgi mavsumda tabiat bag‘rida vaqt o‘tkazayotgan bolalarda ari chaqishi bilan bog‘liq holatlar tez-tez uchraydi. Bu yoqimsiz holat kichik yoshdagi bolalar uchun juda xavotirli bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda muhim bo‘lgan narsa — sarosimaga tushmasdan, to‘g‘ri yordam ko‘rsatishdir.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Rossiyalik pediatr Anna Parshinova bolani ari chaqish oqibatidagi og‘riqni yengillashtirish, allergik reaksiya ehtimolini kamaytirish va asoratlarning oldini olishga yordam beradigan oddiy, ammo samarali choralarni aytdi.

Foto: “Daryo”/ Madina Nurman

1. Bolani hasharot chaqqanidan so‘ng, eng avvalo, terida nish (ya’ni chaqish paytida qolib ketgan igna) qolgan-qolmaganini tekshirish kerak. Asalarilar nish qoldirishi mumkin, biroq arilar odatda bunday qilmaydi. Agar nish qolgan bo‘lsa, uni ehtiyotkorlik bilan, bosmasdan, pinset yordamida olib tashlang. Bosish yallig‘lanish va og‘riqni kuchaytirishi mumkin, shuning uchun nishni ohista ko‘tarib, sekin chiqarish muhim.

2. Nish chiqarilgach, chaqqan joyni antiseptik vosita bilan tozalash kerak. Bu uchun vodorod peroksid, xlorgeksidin yoki spirtli salfetka mos keladi. Bunday antiseptiklar yara yuqtirib olish xavfini kamaytiradi va yallig‘lanishning oldini oladi.

3. Shish va og‘riqni kamaytirish uchun chaqqan joyga sovuq kompress qo‘ying. Bu sovuq suvga namlangan mato yoki sochiqqa o‘ralgan muz bo‘lishi mumkin. Ammo muzni to‘g‘ridan-to‘g‘ri teriga qo‘yish mumkin emas. Bu sovuq urish (muzlash) xavfini tug‘diradi.

4. Agar bolada allergik reaksiya — masalan, qichishish, qizarish yoki shish paydo bo‘lsa, unga yoshiga mos antigistamin (allergiyaga qarshi) dori berish mumkin. Bu dori allergiya belgilari va yallig‘lanishni kamaytiradi.

5. Agar bola og‘riqdan shikoyat qilsa, yoshi uchun mos dozada paratsetamol berish mumkin. Bu og‘riqni yengillashtiradi va noqulaylikni kamaytiradi.

Bolani holatini diqqat bilan kuzating. Agar uning yuzida kuchli shish, nafas olishda qiynalish, hushidan ketish yoki tanada kuchli toshmalar paydo bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat qilish zarur. Bunday belgilar anafilaktik shok rivojlanayotganidan darak berishi mumkin va bu holatda tezkor tibbiy yordam muhim hisoblanadi.

От qwert.uz