AQSHning Massachusets texnologiya instituti (MIT) olimlari sun’iy intellekt yordamida dori vositalariga chidamli gonoreya va xavfli MRSA (metitsillinga chidamli oltin rangli stafilokokk) bakteriyalarini yo‘q qilishga qodir 2 ta yangi antibiotik ishlab chiqdi.  Bu haqda BBC xabar berdi.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: BBC
Foto: BBC

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu preparatlar sun’iy intellekt (SI) yordamida yaratilgan bo‘lib, ular laboratoriyada hayvonlar ustida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan. Shunga qaramay, ularni bemorlarga qo‘llashdan oldin bir necha yillik takomillashtirish va klinik sinovlar talab etiladi.

Odatda antibiotiklar bakteriyalarni o‘ldiradi, biroq so‘nggi yillarda ularning haddan tashqari ko‘p ishlatilishi oqibatida dori ta’siriga chidamli infeksiyalar paydo bo‘lib bormoqda. Bu esa har yili milliondan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lmoqda. Yangi antibiotiklar ishlab chiqish jarayoni esa o‘n yillardan beri susayib qolgan.

Oldinlari olimlar SIdan mavjud kimyoviy moddalar ichidan potensial foydali variantlarni topishda foydalangan bo‘lsa, MIT jamoasi bu safar infeksiyalarga qarshi butunlay yangi antibiotiklarni yaratishga urinib ko‘rdi. SI dastlab ma’lum dorilarning kimyoviy tuzilishi va ularning bakteriyalarga ta’siri haqidagi ma’lumotlar bilan boyitilgan. Keyin esa ikki yo‘nalishda ish olib borilgan — biri mavjud kimyoviy fragmentlar bilan ishlash, ikkinchisi esa SIga to‘liq erkinlik berish.

Natijada inson salomatligi uchun xavfli bo‘lmagan va mavjud antibiotiklarga o‘xshamaydigan 2 ta istiqbolli dori ishlab chiqilgan. Ular laboratoriya sharoitida sichqonlarda sinovdan o‘tkazilib, ijobiy natijaga erishilgan. MIT professori Jeyms Kollinsning aytishicha, sun’iy intellekt yordamida antibiotiklarni tez va arzon ishlab chiqish imkoniyati paydo bo‘lmoqda, bu esa “superbakteriyalar”ga qarshi kurashda muhim qadam bo‘ladi.

Foto: BBC
Foto: BBC

Olimlar preparatlar hali klinik sinovlarga tayyor emasligini, ularni takomillashtirish uchun kamida yana 1–2 yil kerak bo‘lishini ta’kidlamoqda. Mutaxassislar fikricha, SI dori kashfiyotlarini tezlashtirishi mumkin, ammo ularning xavfsizligi va samaradorligini tasdiqlash uchun uzoq va qimmat jarayon hali ham zarur.

Bundan tashqari, iqtisodiy muammolar ham mavjud: yangi antibiotiklar samaradorligini saqlab qolish uchun ularni kamroq ishlatish kerak, bu esa tijoriy foyda olish imkoniyatini cheklaydi. Shu sababli, dori ishlab chiqarishda SI yutuqlaridan to‘liq foydalanish uchun sog‘liqni saqlash va farmatsevtika tizimida yangi yondashuvlar talab etiladi.

Gonoreya — bu jinsiy yo‘l bilan yuqadigan bakterial infeksiya bo‘lib, unga neisseria gonorrhoeae bakteriyasi sabab bo‘ladi. U onadan bolaga tug‘ruq vaqtida ham o‘tishi mumkin. Kasallikning asosiy belgilari quyidagilar: peshob chiqarishda og‘riq va achishish; jinsiy a’zolardan ajralma kelishi; qorin pastida og‘riq va ba’zan bo‘yin, ko‘z yoki tomoq ham zararlanadi. Gonoreya antibiotiklar yordamida davolanadi, lekin oxirgi yillarda kasallik ko‘plab dorilarga chidamli bo‘lib bormoqda. U o‘z vaqtida davolanmasa, bepushtlik yoki boshqa og‘ir asoratlar keltirib chiqarishi mumkin.

MRSA — bu metitsillinga chidamli oltin rangli stafilokokk bakteriyasi bo‘lib, odatiy antibiotiklar, ayniqsa metitsillin va unga o‘xshash ko‘plab dori vositalariga chidamli (ya’ni ular bilan davolab bo‘lmaydigan) infeksiya turi. U odatda odam terisida yoki burun shilliq qavatida yashaydi, lekin immunitet pasayganda yoki yara-chaqalar orqali organizmga kirsa, infeksiya chaqiradi. Kasallik to‘g‘ridan to‘g‘ri teri bilan aloqa, iflos yuzalar va buyumlar hamda jarohat yoki operatsiya yaralari orqali yuqadi. Uning belgilariga qizarish, shish, og‘riq, yiringli yara, og‘ir holatlarda o‘pka yallig‘lanishi va qon infeksiyasi (sepsis) kiradi.

От qwert.uz