
Bath va Bristol universitetlarining olimlari Altsgeymer kasalligini klinik tashxis qo‘yilishidan yillar oldin aniqlay oladigan oddiy EEG (elektroensefalografiya) asosidagi test ishlab chiqdi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Fastball EEG deb nomlangan usul atigi uch daqiqa vaqt oladi: bu vaqt davomida ishtirokchiga turli tasvirlar ko‘rsatiladi va shu paytda miya faoliyatining elektr signallari qayd etiladi. Oddiy xotira testlaridan farqli o‘laroq, bu usulda bemordan hech narsani eslash yoki topshiriq bajarish talab qilinmaydi — tizim miyadagi avtomatik reaksiyalarni aniqlaydi.
Brain Communications jurnalida chop etilgan tadqiqot bu testni shifokorlar ishtirokisiz, bevosita uy sharoitida o‘tkazish mumkinligini ilk bor ko‘rsatdi. Bu esa arzon va ommaviy skrining uchun yo‘l ochadi.
Fastball usuli kognitiv qobiliyatlari biroz pasaygan odamlarda samaradorligini allaqachon isbotlagan. Olimlarning ta’kidlashicha, ayniqsa yangi dori vositalari — donanemab va lekanemab kabi — kasallikning ilk bosqichlarida eng samarali bo‘lgani uchun, erta tashxis qo‘yish nihoyatda muhim.
Bu texnologiya demensiya (aqliy susayish) sohasida tadqiqot olib boradigan BRACE xayriya tashkiloti tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va uni poliklinikalar, maxsus xotira markazlari yoki hatto uy sharoitida keng qo‘llash imkoniyati mavjud.
