
Agar uzoq vaqt bir holatda o‘tirsangiz, bel qismingizda noqulaylik his qilasiz. Olimlarning bu holat nima uchun yuz berishi haqida bir nechta nazariyalari mavjud.
— Manba: «Daryo» nashri.
Nima uchun uzoq o‘tirishdan bel og‘riydi?
Aslida olimlar uzoq o‘tirishdan belning nima uchun og‘riy boshlashini aniq bilishmaydi. Bu mavzudagi tadqiqotlar kam. Shuning uchun ularni ishonchli dalil sifatida emas, balki nazariya sifatida qabul qilish kerak.

Orqa va qorin mushaklari charchaydi
O‘tirish paytida orqa mushaklar o‘z qobiliyatining atigi 10 foiziga zo‘riqadi, lekin shunda ham charchaydi.
Kichik tajribalardan birida olimlar ishtirokchilar tanasiga sensorlar o‘rnatib, tananing turli mushaklaridan kelayotgan elektr signallarini kuzatishgan. Harakatsiz 40 daqiqa o‘tgach, odamlarning orqani yozuvchi mushaklari va qorin pressi mushaklarining charchog‘i oshgan. To‘g‘ri, ishtirokchilar suyanchiqsiz stullarda, tizzalarida noutbuklar bilan o‘tirishgan. Ehtimol, ular qulay kreslolarda va stollar ortida o‘tirganlarida, natijalar boshqacha bo‘lardi.
Boshqa bir tajriba shuni ko‘rsatganki, agar oldinga egilib uzoq vaqt o‘tirilsa, belga tushadigan yuk ortadi. Olimlarning taxminicha, vaqt o‘tishi bilan bu mahalliy zo‘riqishga, charchoqqa va mushaklar shikastlanishiga olib kelishi mumkin.
Shu bilan birga, bukchaygan holat qorinning qiyshiq va ko‘ndalang mushaklarining charchashiga olib keladi, bu esa juda tez — atigi 20 daqiqadan so‘ng yuz beradi. Tana mushaklari belning barqarorligini ta’minlagani sababli ularning charchashi paylar va umurtqalararo disklarga tushayotgan yukni oshirishi va vaqt o‘tishi bilan bel og‘rig‘iga sabab bo‘lishi mumkin.
Orqa mushaklarida kislorod miqdori kamayadi
Bir tadqiqot shuni ko‘rsatganki, uzoq vaqt o‘tirish paytida orqa mushaklarida qonning kislorod bilan to‘yinish darajasi pasayadi. Kislorod organizmdagi barcha to‘qimalarning normal ishlashi uchun zarur va uning yetishmasligi og‘riqqa olib kelishi mumkin.
Boshqa bir tajribada olimlar sog‘lom ishtirokchilar va bel og‘rig‘i bor kishilarda mashqlar paytida mushaklardagi kislorod darajasini o‘lchashdi. Ma’lum bo‘lishicha, bel og‘rig‘i bor odamlarda ko‘rsatkich sog‘lom ishtirokchilarga nisbatan 6 foiz past ekan. Shuningdek, beli og‘riyotgan odamlarda kislorod tashuvchi oqsillar — gemoglobin va mioglobin miqdori kamroq bo‘lgan. Bundan tashqari, mushaklarda kislorod qanchalik kam bo‘lsa, ishtirokchilar mashqlardan so‘ng shunchalik kuchli og‘riqni his qilgan.
Biroq yana bir bor ta’kidlash joizki, ikkala tajriba ham juda kichik ko‘lamda o‘tkazilgan bo‘lib, birinchisida atigi 8, ikkinchisida esa 13 kishi ishtirok etgan. Demak, bu hali tasdiqlanishi yoki inkor etilishi kerak bo‘lgan navbatdagi nazariyadir.

Kasallik belgilari namoyon bo‘ladi
Agar beldagi noqulaylikdan tashqari, oyoq yoki qo‘lda og‘riq, sanchiq va uvishish paydo bo‘lgan bo‘lsa, bu umurtqalararo disk churrasidan dalolat berishi mumkin. Disklar amortizatsiya vazifasini bajaradi va umurtqalarning bir-biriga ishqalanishining oldini oladi. Agar disk tashqariga bo‘rtib chiqsa, u nervlarini siqib qo‘yishi va tananing boshqa qismlariga tarqaladigan bel og‘rig‘ini keltirib chiqarishi mumkin.
Churra rivojlanishiga uzoq vaqt o‘tirish sabab bo‘lishi mumkin. Ammo beldagi og‘riqlar kamdan-kam hollarda disk churrasi bilan bog‘liq bo‘ladi. Bundan tashqari, bu holat umuman hech qanday alomat bermasligi ham mumkin.
Uzoq vaqt o‘tirish surunkali bel og‘rig‘iga olib kelishi rostmi?
Uzoq o‘tirgandan keyin belda noqulaylik his qilishingiz mumkin. Ammo bu doimiy og‘riqlarga sabab bo‘lmaydi.
Ilgari olimlar uzoq vaqt o‘tirganda umurtqalararo disklar siqiladi va vaqt o‘tishi bilan bu ularning shikastlanishiga olib kelishi mumkin deb hisoblashgan. Biroq 2022-yilgi meta-tahlil mualliflari o‘tmishda bunday xulosalarga nomukammal o‘lchov texnologiyalari sabab bo‘lganini ta’kidladi. Zamonaviy tadqiqotlar o‘tirgan yoki turgan holatda umurtqalararo disklarga tushadigan bosim deyarli farq qilmasligini isbotlamoqda.

Uzoq o‘tirishdan bel og‘riganda nima qilish kerak?
Uzoq o‘tirish paytida paydo bo‘ladigan va o‘rningizdan turib harakatlanishingiz bilanoq o‘tib ketadigan yengil og‘riqlarda quyidagilarni sinab ko‘ring:
Har 30 daqiqada holatni o‘zgartirish. Har yarim soatda o‘rningizdan turishga yoki shunchaki yurishga harakat qiling. Kichik bir tadqiqotda olimlar holatni o‘zgartirish noqulaylikni kamaytirishi mumkinligini aniqladi. Agar vazifalardan chalg‘ish imkoni bo‘lmasa, tik turgan holda ishlab ko‘ring.
Gavda mushaklarini mustahkamlash. Ular qanchalik kuchli bo‘lsa, shunchalik uzoq vaqt bardosh bera oladi. Tana barqarorligi mashqlari esa beldagi surunkali nospetsifik og‘riqlarda noqulaylikni kamaytirishga yordam beradi.
Ko‘proq harakatlanish. Haftasiga 150-300 daqiqa yengil yuklamalar yoki 75-150 daqiqa yuqori shiddatli mashg‘ulotlar bilan shug‘ullaning.
Sog‘lom turmush tarziga o‘tish. Ortiqcha vazndan xalos bo‘ling, stress bilan kurashishni o‘rganing va uyqu tartibini yo‘lga qo‘ying. Bu o‘zgarishlarning barchasi belingiz holatiga va umuman sog‘lig‘ingizga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
