
O‘quv yilining boshlanishi bilan o‘quvchilar uchun eng muhim masalalardan biri — bu uyqu rejimini yo‘lga qo‘yish bo‘ladi. Uyqu me’yorlari va kun tartibiga amal qilish bolaning sog‘lom o‘sishida, bilimlarni puxta o‘zlashtirishida va yozgi ta’tildan keyin yuzaga keladigan stressni yengishda muhim rol o‘ynaydi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Agar bola tongda yengil uyg‘onsa va kun davomida tetik yurishga qodir bo‘lsa, demak, u yetarli darajada uxlamoqda. Ammo o‘quvchi maktabdan keyin doim charchasa, tez-tez shamollasa yoki bilim olishga motivatsiyasi bo‘lmasa, unday holda uning uyqu rejimini to‘g‘rilash zarur bo‘ladi.
Uyqu maktab o‘quvchilari uchun ayniqsa muhim jarayon hisoblanadi. U immunitetni mustahkamlaydi, dars jarayonida diqqatni jamlashga, o‘quv materiallarini tezroq o‘zlashtirishga va hissiyotlarni boshqarishga yordam beradi. To‘laqonli uyqu asabiylikni kamaytiradi, umumiy holatni yaxshilaydi hamda o‘qish samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Maktab o‘quvchilari yoshiga qarab bir kunda quyidagicha uxlashi lozim:
1–4-sinflar — 10–10,5 soat
5–7-sinflar — 10,5 soat
8–9-sinflar — 9–9,5 soat
10–11-sinflar — 8–9 soat
18–25 yoshdagilar — 7–9 soat
MSU huzuridagi Uyqu tibbiyoti markazi rahbari Aleksandr Kalinkinning so‘zlariga ko‘ra, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining uyquga ehtiyoji kattalarga nisbatan ancha yuqori. Agar bola tun bo‘yi to‘liq uxlamasa, kunduzi qisqa muddatli uyqu foydali bo‘ladi. Ammo bunday uyqu uzoq davom etmasligi — bir soat yoki bir yarim soat bo‘lishi lozim.
Ota-onalar bolaga qanday yordam bera oladi?

Foto: iStock
Rejimga amal qiling
Bolaning uyquga yotish va uyg‘onish vaqti bir xil bo‘lishi zarur. Masalan, agar u ertalab 7:00 da turishi kerak bo‘lsa va kuniga 10 soat uyqu talab qilinsa, soat 21:00 gacha uxlashi lozim. Dam olish kunlari ham bu tartib buzilmasligi muhim.
Tinch va osoyishta muhit yarating
Uyqudan avval xonani shamollating, yorug‘likni pasaytiring, shovqindan xoli qiling. Bola kitob o‘qishi mumkin, ammo qancha vaqt o‘qish va yorug‘likni qachon o‘chirish oldindan kelishib olinishi kerak.
Gadjetlardan uzoqroq bo‘ling
Uxlashdan kamida bir soat oldin smartfon, televizor va kompyuterni cheklash lozim. Telefonni zaryadlash joyi yotoqxona tashqarisida bo‘lsa, yanada yaxshi.
Kechki odatlarni shakllantiring
Vanna qabul qilish, kitob o‘qish yoki sayr qilish kabi odatlar tezroq uxlashga yordam beradi.
Ovqatlanish tartibiga e’tibor bering
Kechqurun shokolad, kofe, choy va gazli ichimliklardan voz keching.

Jismoniy faollikni qo‘llab-quvvatlang
Bolaga muntazam jismoniy mashqlar va o‘yinlar kerak. Boshlang‘ich sinfda kuniga 3–3,5 soat, yuqori sinflarda esa 2,5 soat harakat zarur. Lekin uxlashdan uch soat oldin og‘ir sport mashg‘ulotlaridan tiyilish lozim.
Uyqu sifatini kuzating
Agar bola tez-tez uyg‘onib ketsa, ko‘p xurrak otsa yoki tushida gapirsa, shifokor ko‘rigidan o‘tkazish lozim. Yotoq qulay, xona esa muntazam shamollatilgan bo‘lishi kerak.
Imtihon davrida uyqu me’yori
O‘quvchilar ko‘pincha imtihon oldidan tun bo‘yi o‘qishga intilishadi. Aslida esa bu davrda uyquni bir soatga ko‘paytirish tavsiya qilinadi. Qo‘shimcha dam miya faoliyatini yaxshilaydi, bilimlarni mustahkamlaydi va diqqatni oshiradi.
