
2023-yilda Daniya olimlari o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, biror taom suratini kun davomida qayta-qayta tomosha qilish odamning ishtahasini pasaytirishi mumkin. Tadqiqot Orxus universiteti Oziq-ovqat fanlari kafedrasida Tyark Andersen rahbarligida olib borildi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Eksperimentda 1000 dan ortiq kishi ishtirok etdi. Ularga dastlab faqat to‘q sariq rangli M&M’s konfetlari suratlari ko‘rsatildi. Bir guruh rasmni 3 marta, ikkinchi guruh esa 30 marta tomosha qildi. Natijada 30 marta rasmni ko‘rganlar keyinchalik kichikroq porsiyadagi ovqatni tanladi va o‘zlarini to‘qroq his qildi.
Mutaxassislarning tushuntirishicha, bu hodisa “ongli idrok” nazariyasiga asoslanadi. Ya’ni inson miyasi bir xil taomni ko‘p marotaba ko‘rganda, uni qisman “iste’mol qilgan” deb qabul qiladi va natijada sun’iy tarzda to‘qlik hissi paydo bo‘ladi.

Foto: iStock
Mazkur xulosalar kelajakda vaznni boshqarish bo‘yicha yangi strategiyalar ishlab chiqishda qo‘l kelishi mumkin. Masalan, odamlarni ortiqcha ovqatlanishdan qaytarish uchun mobil ilovalarda yoki maxsus dasturlarda bu usuldan foydalanish mumkin.
Bunday tajribalar boshqa davlatlarda ham qayd etilgan. AQSH va Buyuk Britaniyada olib borilgan izlanishlarda odamlar bir xil mahsulot suratini ko‘p marotaba ko‘rganida unga nisbatan qiziqishi kamaygani aniqlangan.
Mutaxassislar bu usulni mustaqil ozish vositasi sifatida qabul qilmaslik lozimligini ogohlantiradi. Suratga qarash metodidan sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollikni to‘ldiruvchi psixologik vosita sifatida foydalanish mumkin.
