
Azaldan ortiqcha vaznga yurak-qon tomir kasalliklari va erta o‘lim xavfini kuchaytiruvchi omil sifatida qaraladi. Biroq kamdan-kam hollarda vazn yetishmasligi haqida so‘z ochiladi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Yevropa diabetni o‘rganish assotsiatsiyasi (EASD) yillik yig‘ilishida taqdim etgan ilmiy izlanish bu masalaga boshqacha yondashish zarurligini ko‘rsatdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, haddan tashqari ozg‘inlik ortiqcha vaznga qaraganda ko‘proq xavf tug‘dirishi mumkin.
Olimlar tana massasi indeksi bilan bog‘liq o‘lim ko‘rsatkichlarini tahlil qildi. TMI — bu inson vaznini bo‘yiga nisbatan hisoblab, organizmdagi yog‘ miqdorini baholovchi asosiy ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
Tadqiqot doirasida 85 mingdan ortiq kishi haqida ma’lumot yig‘ilib, ular besh yil davomida muntazam kuzatib borildi. Kuzatuv davomida ishtirokchilarning yoshi, jinsi, mavjud kasalliklari va ijtimoiy omillari ham inobatga olindi.

Foto: Freepik
Shunday qilib, TMI bo‘yicha ishtirokchilar quyidagicha ajratildi:
18,5 dan past — vazn yetishmasligi;
18,5–25 — normal vazn;
25–30 — ortiqcha vazn;
30–40 — semizlik;
40 dan yuqori — og‘ir semizlik.
Kuzatuv davomida 7555 kishi (ya’ni 8 foiz) vafot etdi. Ularning ko‘rsatkichlari tahlil qilinganda, vazni me’yordan kam bo‘lgan insonlar normal vaznli odamlarga qaraganda 2,7 baravar ko‘proq o‘lim xavfiga ega ekani aniqlandi.
Ajablanarlisi shundaki, TMI 35 gacha bo‘lgan semizlikdagi kishilarning o‘lim ehtimoli normal vaznli odamlarnikidan deyarli farq qilmadi. Faqat TMI 35 dan yuqori bo‘lganda sezilarli xavf paydo bo‘ldi: bu ko‘rsatkich 40 ga yetganda o‘lim xavfi 23 foizga oshdi, og‘ir semizlikda esa 2 baravardan ko‘proq bo‘ldi.

Foto: iStock
Mutaxassislarning fikricha, haddan tashqari ozg‘inlik ayrim hollarda organizmda yashirin kechayotgan kasalliklarning belgisi bo‘lishi mumkin. Demak, ozg‘inlikning o‘zi ham alohida xavf sifatida qaralishi mumkin.
Bundan tashqari, ortiqcha vaznli odamlarda yog‘ning tana bo‘ylab qanday taqsimlangani ham muhim ahamiyatga ega. Masalan, qorin bo‘shlig‘ida to‘planadigan yog‘ yurak, jigar va boshqa ichki organlar faoliyatini izdan chiqarishi mumkin. Ammo son, dumba yoki boshqa periferik qismlarda to‘plangan yog‘lar ko‘p xavf tug‘dirmaydi. Shu sababli ortiqcha vazn haqida gapirganda uning nafaqat miqdori, balki joylashuviga ham e’tibor qaratish lozim.
