
O‘yinlar bolalikning ajralmas qismidir. Madaniyat va an’analardagi farqlarga qaramay, butun dunyo bolalari ko‘ngilochishni va o‘z o‘yin-kulgilarini o‘ylab topishni yaxshi ko‘radi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Biroq turli mamlakatlardagi o‘yinlar farqli bo‘lishi mumkin: ba’zilari qadimiy urf-odatlarga asoslangan bo‘lsa, boshqalari zamonaviy yo‘nalishlarga tayanadi.
Afrika
Afrikada uyda dam olish an’analar bilan chambarchas bog‘liq: stol ustida o‘ynaladigan strategik o‘yinlar, o‘yin orqali oilaviy muloqot, hikoyalar va qo‘shiqlar. Masalan, Janubiy Afrikada morabaraba — mashhur stol o‘yinidir. Bu o‘yin Janubiy Afrika va Botsvanada keng tarqalgan va madaniy merosning bir qismi sanaladi.

Gana, Nigeriya va Tanzaniyada ko‘plab bolalar mankala deb ataladigan o‘yinga qiziqadi. Bu o‘yin toshchalarni chuqurchalarga joylashtirishdan iborat. Mazkur jarayonni ham o‘yin, ham hisoblashni o‘rganish usuli sifatida baholash mumkin.
Afrika “bor narsadan o‘ynash”ning yorqin misolidir: bolalar matodan qo‘g‘irchoqlar, simdan mashinalar, lattadan koptoklar yasaydi, toshlar, tayoqchalar, qopqoqlar va urug‘lardan foydalanadi. Bo‘sh vaqt an’anaviy stol o‘yinlari va oilaviy muloqot atrofida o‘tkaziladi. Uy xo‘jaligi qanchalik kambag‘al bo‘lsa, o‘yinning asosiy vositasi sifatida qo‘lbola va uy buyumlariga o‘tish shunchalik sezilarli bo‘ladi. Farovonlik darajasi yuqori bo‘lgan joylarda do‘kondan xarid qilingan o‘yinchoqlar ko‘proq uchraydi.
Avstraliya
Avstraliyalik ota-onalarning 94 foizi o‘yinni bolaning jismoniy va aqliy rivojlanishi uchun, 95 foizi esa uning ijtimoiy va hissiy farovonligi uchun muhim deb hisoblaydi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, stol o‘yinlari hamkorlik, fikr almashish, nizolarni hal qilish kabi ijtimoiy ko‘nikmalarni va oilaviy munosabatlarni mustahkamlashga yordam beradi. Avstraliyada bolalarning aksariyati suzish bilan shug‘ullanadi.

Mahalliy hayvonlar va an’analarga asoslangan xalq o‘yinlari ham ommalashgan. Masalan, kenguru sakrashini taqlid qiluvchi skippiru-kenguru o‘yini hamda o‘rdakburunning ovqat izlash usulini aks ettiruvchi o‘rdakburun o‘yini shular jumlasidan. Bundan tashqari, bolalar Avstraliya tub aholisining an’anaviy o‘yini hisoblangan voggabaliri kabi o‘yinlarni o‘ynashadi. Bu o‘yinda to‘pni oyoq bilan urib o‘ynaladi. Kattaroq yoshdagi bolalar esa nayza uloqtirishni yoqtirishadi.
Hindiston
Hindistondagi eng mashhur bolalar o‘yinlaridan biri kabaddi hisoblanadi. Bu jamoaviy o‘yinda bir o‘yinchi raqiblariga tegib, ularning ushlab olishiga yo‘l qo‘ymasdan o‘z tomoniga qaytishi lozim.
Kriket o‘yini ham hind o‘g‘il bolalarining eng sevimli mashg‘ulotidir. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, qishloq o‘smir o‘g‘il bolalarining 74 foizi uchun kriket asosiy o‘yin yoki sport turi hisoblanadi.

Boshqa ko‘plab mamlakatlardagi kabi Hindistonda ham ko‘pchilik bolalar stol o‘yinlari — ludo, karrom va shaxmat o‘ynashni yaxshi ko‘radi. Hindistonda karrom deyarli “oilaviy an’ana” darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, butun oila a’zolari uchun sevimli dam olish usuli hisoblanadi.
Ko‘cha o‘yinlariga kelsak, hind bolalari lagori o‘yinini afzal ko‘radilar — bu o‘yin ikki jamoa o‘rtasida o‘ynaladi. Bir jamoa a’zosi yumshoq to‘pni tosh uyumiga otib, ularni qulatishga harakat qiladi. Eng ko‘p toshni qulatgan jamoa g‘olib bo‘ladi.
Yevropa
Yevropaliklar bolalar o‘yinchoqlarini tanlashda eng muhim mezonlardan biri xavfsizlikdir. 2024-yil may oyida o‘tkazilgan Eurobarometer tadqiqoti natijalariga ko‘ra, yevropaliklarning 84 foizi kundalik mahsulotlar va o‘yinchoqlardagi zararli kimyoviy moddalarning ta’siridan tashvishda. Shu sababli ota-onalar faqat sifatli va sinovdan o‘tgan bolalar mahsulotlarini tanlashadi.

Yevropada ham birgalikda o‘ynaladigan stol o‘yinlari (Catan, Ticket to Ride, stol viktorinalari) va ijodiy to‘plamlar (rasm chizish, loy bilan ishlash, STEM to‘plamlari) keng tarqalgan.
Yevropadagi bolalar o‘yinlari qadimiy an’analar, zamonaviy yo‘nalishlar va mahalliy xususiyatlar uyg‘unligidan iborat. Madaniyatlarning boy xilma-xilligiga qaramay, ko‘plab Yevropa o‘yinlari umumiy jihatlarga ega: harakatchanlik, sodda qoidalar va kam jihozlar bilan o‘ynalishi shular jumlasidan.
Xulosa o‘rnida
Turli xalqlarning bolalar o‘yinlaridagi asosiy farq shundaki, boy mamlakatlarda (Yevropa, Avstraliya, Xitoy) bolalar tobora ko‘proq raqamli o‘yinlar, stol o‘yinlari va ta’lim to‘plamlaridan foydalanadi. Afrika va Hindistonning ayrim hududlarida esa an’anaviy stol o‘yinlari, qo‘lbola o‘yinchoqlar va maishiy buyumlar hamon muhim ahamiyatga ega bo‘lib qolmoqda.
Tanlov bevosita oilaning daromad darajasi, texnologiyalarning mavjudligi va madaniy an’analarga bog‘liq: qurilmalar va internet mavjud bo‘lgan joylarda raqamli o‘yinlar ustunlik qilsa, resurslar kam bo‘lgan joylarda “qo‘lda bor narsalardan” yasalgan o‘yinlar saqlanib qolmoqda.
Shunday qilib, bolalar o‘yini nafaqat bolaning yosh xususiyatlarini, balki ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat va madaniy muhitni ham aks ettiradi
