
Olimlar mango tropik mevasi haqida qiziqarli xulosaga kelishdi. Bir porsiya mango mevasida 32 grammgacha shakar bo‘lishiga qaramay, u moddalar almashinuvi va umuman sog‘liq uchun ancha foydali ekani isbotlandi. Hatto undagi shakar miqdori atigi 11 gramm bo‘lgan parhezbop va yormali batonchikdan ham foydasi ko‘proq ekanligi aniqlandi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Tadqiqot Virjiniyadagi Jorj Meyson universitetining Oziq-ovqat tadqiqotlari kafedrasi dotsenti Rade Basiri rahbarligida o‘tkazildi. U mango iste’molining qand kasalligiga chalingan insonlarga ijobiy ta’sirini tasdiqlagan birinchi uzoq muddatli klinik sinov bo‘ldi. Ishtirokchilar ikki guruhga bo‘lindi: birinchisi olti oy davomida har kuni yangi uzilgan mango yedi, ikkinchisi esa shakari kam bo‘lgan batonchik iste’mol qildi. Jarayon davomida qondagi glyukoza, organizmning insulin ta’siriga javobi kuzatildi.

Natija kutilmagan bo‘ldi: mango iste’mol qilgan bir guruh odamlarda yog‘ massasi kamaydi, insulinga sezgirlik oshdi, hatto qondagi shakar darajasi me’yorga tushdi. Basiri buni quyidagicha izohladi:
“Sog‘liq uchun faqat shakar miqdori emas, balki u qanday shaklda organizmga kirishi ham muhim. Mango — bu oddiy shakar emas, balki o‘simlik tolalari, vitaminlar va boshqa foydali moddalar manbai”.
Tropik mevalarda shakar ko‘p bo‘ladi, masalan, 100 gramm mevada 10 dan 50 grammgacha shakar uchraydi. Mango esa juda shirin mevalar sirasiga kiradi. Shunga qaramay, tajriba shuni ko‘rsatdiki, sog‘lom ovqatlanishda masala faqat shakar miqdoriga muhim emas.

Olimlar ta’kidlashicha, mevalardagi tabiiy shirin modda yarim tayyor mahsulotlardagi qo‘shimcha shakarlardan tubdan farq qiladi. Shu jumladan, keng reklama qilinadigan sog‘lom nonushtalar yoki shirin batonchiklar ham bundan mustasno emas.
Albatta, bu xulosalar mangoni diabetga qarshi “mo‘jizaviy dori” sifatida talqin qilish mumkinligini anglatmaydi. Biroq ular hatto qon shakar darajasidan xavotirlanadigan yoki vaznini nazorat qiladigan odamlar uchun ham mevalarni ratsionga qo‘shishga jiddiy asos bo‘ladi. Diabet xavfi ostida bo‘lganlar uchun eng muhim jihat — shakar miqdorining o‘zi emas, balki uni qaysi mahsulot bilan va qanday qo‘shimcha oziq moddalar bilan qabul qilishi hisoblanadi.
