
Ba’zilar aynan uxlashdan oldin kechki taom yeyishni odatga aylantirgan. Bu turli omillar bilan izohlanadi: ayrimlar och qorin bilan uyquga keta olmaydi, boshqalar ochlik sababli kechasi uyg‘onib ketaveradi. Ammo biz parvo qilmaydigan tungi ovqatlanishning salomatlik uchun salbiy ta’siri ko‘pligi ilmiy jihatdan asoslangan.
— Manba: «Daryo» nashri.
Uyqudan avval ovqat iste’mol qilish oshqozon-ichak tizimida noxush holatlarni keltirib chiqaradi. Jumladan, oshqozonda og‘irlik hissi, qorin dam bo‘lishi va qizilo‘ngach reflyuksi (ovqatning qizilo‘ngachga qaytishi) kuzatiladi. Bu, avvalo, yotgan holatda ichki organlar joylashuvining o‘zgarishi va ovqatning yuqoriga qaytishi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, tungi uyqu davrida metabolik jarayonlar sekinlashadi. Ortiqcha kaloriya esa yog‘ to‘planishiga olib kelib, semirish, qandli diabet, arterial gipertoniya va yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshiradi.

Biroq ayrim klinik holatlarda yotishdan oldin ovqatlanish haqiqatda zarur bo‘lishi mumkin. Masalan, 1-turdagi qandli diabet yoki endokrin tizimdagi ayrim buzilishlarga ega shaxslarda tunda glyukoza miqdorining keskin pasayishi (gipoglikemiya) ehtimoli bor. Bunday vaziyatda tunda yengil ovqatlanish glyukozaning me’yoriy darajasini saqlab turishga yordam beradi.
Kasallik bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa holatlarda esa tungi ovqatlanish fiziologik ochlik bilan emas, balki psixoemotsional omillar bilan bog‘liq. Kuni bo‘yi to‘plangan charchoq va stress oqibatida shirinlik yoki fastfud yeyish istagi kuchayadi. Bu esa keraksiz kaloriya qabul qilish va ichak mikroflorasining muvozanatini buzishga olib keladi.
Tungi tamaddilar sonini kamaytirish uchun kechki ovqatni uyqudan 2–3 soat avval qilish maqsadga muvofiq. Rasionda oqsil va sekin so‘riladigan uglevodlar bo‘lishi lozim. Agar ochlik hissi baribir ketmasa, kefir, tvorog, banan yoki oz miqdorda pishloqli sendvich kabi yengil mahsulotlarni kechqurun yeyish mumkin. Shirinlik, chips va non mahsulotlari esa kechki ovqatga tavsiya etilmaydi.
Kechki payt ovqatlanish odatidan voz kechish qiyin bo‘lishi va bu holat davom etaverishi ovqatlanish buzilishining klinik belgisi bo‘lishi mumkin. Ushbu muammoni hal qilish uchun mutaxassis shifokorlarga — gastroenterolog, endokrinolog yoki psixoterapevtga murojaat qilish va kompleks davolanish o‘tkazish zarur.
