
Ko‘pchilik uchun tongni bir finjon xushbo‘y qahvasiz tasavvur qilish qiyin. Uyg‘onish, tetiklashish va kunni sermahsul boshlash uchun qahva ichish odatga aylangan. Ammo har kuni qahva ichish organizmga qanday ta’sir qiladi? Ushbu maqolada qahvaning kundalik iste’moli haqida so‘z yuritiladi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Har kuni qahva ichish yaxshimi yoki yomon?
Qahvaning o‘rtacha miqdorda iste’mol qilinishi zarar emas. Aksincha, tabiiy qahva donlarida yuzlab foydali moddalar mavjud. Agar qahva me’yorda, har kuni iste’mol qilinsa, u hatto sog‘liqqa foyda keltirishi mumkin.
Miya faollashadi: kofein tetiklashtiradi, xotira, diqqat va reaksiyani yaxshilaydi. Tadqiqotlar qahva ichuvchilar orasida Parkinson va Alsgeymer kasalliklari xavfi kamayishini ko‘rsatmoqda.
Moddalar almashinuvi: metabolizmni 3–10 foizga yaxshilaydi, jismoniy bardoshlilikni oshiradi.
Hujayralarni himoya qiladi: tarkibidagi antioksidantlar (flavonoidlar, polifenollar) hujayralarning shikastlanishiga qarshi kurashadi.
Qandli diabetga qarshi: kofein diabetning 2-turi rivojlanish xavfini kamaytirishi mumkin.
Hazm qilish: qahva gastrin ajralishini rag‘batlantiradi, bu esa ichak faoliyatini yaxshilaydi.
Ammo asosiy jihat — me’yor. JSST (Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti) kuniga 300–500 mg kofein iste’molini tavsiya etadi. Bu taxminan 4–5 finjon donli qahva. Lekin bu raqam hamma uchun bir xil emas. Kimdadir ikki finjondan keyin noqulaylik paydo bo‘ladi, boshqalari esa bundan ko‘proq ichib ham o‘zini yaxshi his qiladi.
Har kuni qahva ichishning xavflari

Asablar taranglashadi: tashvish, asabiylashish, vahima xurujlari paydo bo‘lishi mumkin. Kofein — kuchli markaziy asab tizimi stimulyatori. Me’yordan oshirilsa, stress darajasi ikki baravar oshadi!
Energiya manfiyga o‘tadi: biroz vaqtga tetiklik bersa ham, haddan ortiq qabul qilish charchoq va befarqlik keltiradi. Organizm tezda holdan toyadi.
Yurak tez uradi: yurak urishining tezlashishi – ortiqcha kofeinning keng tarqalgan belgisi. Ayniqsa gipertoniya yoki aritmiya bilan og‘riganlar uchun xavfli — ularga ko‘pincha qahvani cheklash tavsiya etiladi.
Suyaklar zaiflashadi: yoshi katta odamlarda ko‘p qahva kalsiy va magniyning yuvilib ketishiga olib kelishi mumkin, bu esa suyak sinishi xavfini oshiradi. Agar qahvani sut bilan ichsangiz — zo‘r. Har bir chashkaga ikki qoshiq sut qo‘shilishi, kalsiy yo‘qotilishini qisman qoplashga yordam beradi. Ammo baribir yoshi kattalarga shifokor bilan kofein me’yorini kelishib olish tavsiya etiladi.
Buyraklarga zarar: har kuni ko‘p qahva ichish, ayniqsa siydik-tosh kasalligi bo‘lganlarda, kofeinning parchalanishidan hosil bo‘lgan, siydik kislotasi tufayli tosh paydo bo‘lishini kuchaytiradi. Tez-tez siydik ajralishi ham ortiqcha qabulning belgisi.
Oshqozon noroziligi: qahva oshqozon kislotasi ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. Natija — jig‘ildon qaynashi, ko‘ngil aynishi, og‘riq, ayniqsa och qoringa. Ovqat hazm qilish muammosi bo‘lganlar ehtiyot bo‘lishi kerak.
Temir va vitaminlar o‘zlashmasligi: qahvadagi taninlar temir, oqsil va ba’zi vitaminlarning so‘rilishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Vitaminlarni qahva bilan ichmang.
Qaramlik rivojlanadi: haddan tashqari va muntazam ichish odatlanishga olib keladi. Organizmga effekt uchun tobora ko‘proq kofein kerak bo‘ladi, kofeinsiz esa — bosh og‘rig‘i, zaiflik, asabiylashish kabi “chekinish” alomatlari paydo bo‘ladi. Bir zumda tashlash emas, asta-sekin kamaytirish kerak.
Uyqusizlik: kofein tanadan uzoq vaqt chiqadi. So‘nggi finjonni uxlashdan 6–8 soat oldin ichish tavsiya etiladi. Eng yaxshisi — 16:00 dan keyin ichmaslik.
“O‘lim dozalari”: ha, nazariy jihatdan mavjud — taxminan birdaniga 100 chashka qahva. Ammo bu amalda imkonsiz miqdor.

Ertalab qaysi qahva turini tanlash kerak?
Donli yoki yangi maydalangan qahva eng foydalisi hisoblanadi. Kunlik ichish uchun eng yaxshi tanlov. Unda antioksidantlar saqlanib qoladi, kofein miqdori esa me’yorda bo‘ladi. Tetiklik ta’siri 1–2 soat davom etadi.
Do‘kondan olingan maydalangan qahva — o‘rtacha variant. Yangi maydalanganga qaraganda aromati biroz sustroq bo‘lishi mumkin, lekin baribir yaxshi tanlov.
Eritiladigan qahva — kamroq tavsiya etiladi.Ko‘pincha tarkibida ko‘proq kofein va kislotali modda bo‘ladi, foydali moddalar esa kamroq. Sun’iy lazzatlar va qo‘shimchalar oshqozonni bezovta qilishi mumkin. Agar har kuni ichilsa, sublimatsiyalangan turini tanlang — unda ta’m va aromat biroz yaxshi saqlanadi. Lekin baribir donli qahvadan ancha ortda qoladi.
Har kuni qahva ichish mumkinmi?
Ha, mumkin. Ammo aqlli yondashuv kerak.
Agar me’yordan oshib yuborilsa, yurak, bosim, oshqozon, buyrak bilan bog‘liq muammolar bo‘lsa, har kuni qahva ichish zararli bo‘lishi mumkin.
Xavfsiz qahva iste’moli uchun tavsiyalar
- O‘z me’yoringizni biling: ko‘pchilik uchun 3–5 chashka donli qahva xavfsiz hisoblanadi. Tana qanday munosabat bildirayotganini kuzating.
- Sifatni tanlang: donli yoki yangi maydalangan qahva — eng yaxshi variant. Eritiladigan qahvani kamroq iste’mol qiling.
- Och qoringa ichmang: har doim ovqatdan keyin ichish tavsiya etiladi.
- Vaqtga e’tibor bering: soat 16:00 dan keyin ichmaslikka harakat qiling.
- Sut qo‘shing: kalsiy yo‘qotilishini qoplashga yordam beradi. Ayniqsa, ko‘p ichsangiz.
- Ogohlantiruvchi belgilarni e’tiborga oling: asabiylashish, yurak urishining tezlashuvi, uyqusizlik, oshqozon muammolari — tana signal berayotgan bo‘lsa, dozani kamaytiring!
- Shifokor bilan maslahatlashing: agar surunkali kasalliklar yoki shubhalar bo‘lsa.

Qahvaga alternativ: tetiklikni yo‘qotmasdan sevimli ichimlikni nimaga almashtirish mumkin?
Agar kofeindan voz kechmoqchi bo‘lsangiz, lekin ertalabki odat yoki energiyadan voz kechishga tayyor bo‘lmasangiz — yechimlar bor. Ularni ikki guruhga bo‘lish mumkin:
Yumshoq kofeinli ichimliklar (dozani asta kamaytirish uchun).
Matchа (yashil choy kukuni)
L-teanin saqlaydi, u kofein ta’sirini yumshatadi: diqqatni oshiradi, asabni bezovta qilmaydi. Ta’siri 4–6 soat davom etadi (qahvada esa 1–2 soat).
Bonus: hujayralarni qarishdan himoya qiladigan juda ko‘p antioksidant bor.
Ko‘k choy
Bir piyolada 50–80 mg kofein — bu qahvadan ikki baravar kam. Tetiklik ta’siri yumshoqroq, chunki tarkibida tanin bor. Eng foydali ta’sir uchun — kuniga 3–5 piyola ichish mumkin.
Kakao / issiq shokolad
Tarkibidagi teobromin kayfiyatni ko‘taradi (serotonin ishlab chiqarishni rag‘batlantiradi).
Eng yaxshi variant — shakarsiz va bodom suti bilan tayyorlangan kakao: kam kaloriyali, tolaga boy.
Roybush (qizil choy)
Mevali, shokoladli va notali shirin ta’m. Tarkibida ko‘p antioksidant bor (aspalatin). Yurakka foydali, spazmlarni kamaytiradi. Eng zo‘r tomoni — xohlagancha ichsa bo‘ladi.
Sog‘lom odam uchun har kuni bir-ikki piyola sifatli qahva — bu shunchaki yoqimli odat emas, balki organizmga foydali manba ham bo‘lishi mumkin.
Qahva
- Antioksidantlarga boy
- Stressga qarshi kurashadi
- Diqqatni oshiradi
- Bardoshlilik va kayfiyatni yaxshilaydi
Lekin bu yerda asosiy so‘z — me’yor.
Qahvani haddan ortiq ichish asabiylik, uyqusizlik va hazm muammolarini keltirib chiqarishi mumkin.

Ozoda Mahmudova
