Bugungi kunda “yuqori qon bosimi — bu faqat keksalarga xos muammo” degan qarash allaqachon eskirdi. Shifokorlar tobora ko‘proq 30 yoshga ham yetmagan bemorlarda gipertoniyani aniqlashmoqda.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Bunga doimiy stress, uyqusizlik, harakatsiz turmush tarzi va nosog‘lom ovqatlanish sabab bo‘lmoqda. Mutaxassislar ogohlantiradi: vaqtida e’tibor berilmasa, yosh organizm ham yurak kasalliklariga duch kelishi mumkin. Shu bois gipertoniyaning sabablari va uni nazorat qilish yo‘llarini bilish bugun har birimiz uchun muhim.

Nega yoshlarda ham qon bosimi oshmoqda?

Gipertoniya bugun nafaqat keksalarda, balki yoshlar orasida ham uchrab turadigan holatga aylandi. Ko‘pincha u oddiy charchoq yoki asabiylik bilan adashtiriladi. Boshdagi og‘irlik, quloqlarda shovqin, yurak urishining tezlashuvi yoki bir necha qavat yuqoriga ko‘tarilganda nafas qisishi — bular shunchaki ortiqcha kofe, uyqusizlik yoki ishdan charchash oqibati deb o‘ylashadi. Ammo bu belgilar muntazam takrorlansa, bu tananing jiddiy ogohlantirishi bo‘lishi mumkin.

Nosog‘lom ovqatlanish ham muhim rol o‘ynaydi: fastfud, sho‘r souslar, chips va boshqa qayta ishlangan mahsulotlar tarkibidagi natriy organizmda suyuqlikni ushlab, bosimni oshiradi. Bunday taomlar bilan birga keladigan ortiqcha vazn yurakka ortiqcha yuk tushishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, agar ota-onada gipertoniya bo‘lgan bo‘lsa, farzandlarda ham bu kasallikka moyillik kuchayadi. Chekish (shu jumladan veyp chekish) va spirtli ichimliklar esa qon tomirlarini yemirib, ularning elastikligini kamaytiradi.

Foto: Shutterstock

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘plab yoshlar gipertoniyaning borligini kech — faqat yurakda yoki qon tomirlarida o‘zgarishlar paydo bo‘lgach bilishadi, chunki kasallik dastlab deyarli sezilmaydi. Normal qon bosimi 120/80 mm simob ustunigacha bo‘lishi kerak. Agar u 140/90 va undan yuqori bo‘lsa, bu gipertoniya belgisi hisoblanadi. Kasallikni erta aniqlashning eng oddiy yo‘li — qon bosimini muntazam o‘lchab turish. Buning uchun ertalab va kechqurun, tinch holatda, manjetni to‘g‘ri taqib o‘lchash tavsiya etiladi.

Qachon shifokorga murojaat qilish kerak

Agar bir necha kun davomida qon bosimi doimiy yuqori bo‘lsa, bu holda terapevt yoki kardiologga murojaat qilish zarur. Mutaxassislar glyukoza, xolesterin, lipid profili va buyrak faoliyatini tekshirib, kasallik sababini aniqlashadi. Shuningdek, muntazam profilaktik tekshiruvlardan o‘tish gipertoniyaning erta bosqichlarini aniqlashga yordam beradi.

Ba’zida bosimni normallashtirish uchun turmush tarzini o‘zgartirishning o‘zi kifoya: uyquni me’yorga keltirish, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollikni oshirish lozim. Ammo ayrim holatlarda dorilar bilan davolash zarur bo‘ladi. Masalan, shifokor AAF ingibitorlari, kalsiy antagonistlari yoki diuretiklar tavsiya qilishi mumkin. Bu preparatlar qon tomirlarni kengaytirib, bosimni tushiradi. Ularni faqat mutaxassis nazorati ostida qabul qilish kerak. Agar gipertoniya uyqu apnoesi yoki gormonal buzilishlar bilan bog‘liq bo‘lsa, shifokor tegishli mutaxassisga yo‘naltiradi.

Eng muhimi davolanishni cho‘zmaslik zarur. Gipertoniyani erta aniqlash yurakka va tomirlarga tushadigan bosimni kamaytiradi hamda umrni uzaytiradi.

Qon bosimini nazorat qilishning oddiy yo‘llari

Foto: Shutterstock

Qon bosimini me’yorda ushlab turish uchun quyidagi oddiy odatlar yordam beradi:

• Uyquni me’yorga keltiring: kuniga 7–9 soatlik to‘liq dam olish tomirlarning sog‘lom bo‘lishini ta’minlaydi.

• Ovqatlanishda tuz, fastfud va qayta ishlangan mahsulotlarni kamaytiring, meva-sabzavot va yong‘oqlarni ko‘paytiring. Ularning tarkibidagi kaliy va magniy qon tomir devorlarini mustahkamlaydi.

• Stressni nazorat qiling: doimiy asabiylik tomirlarni toraytiradi va bosimni oshiradi.

• Harakatda bo‘ling: muntazam piyoda yurish, yoga yoki suzish yurak faoliyatini yaxshilaydi.

• Chekish va spirtli ichimliklardan butunlay voz keching.

Bu oddiy, ammo samarali odatlar nafaqat bosimi yuqori insonlarga, balki sog‘lom hayot tarzini saqlamoqchi bo‘lgan har bir kishiga foyda keltiradi.

author info

Sevara Soliyeva

От qwert.uz