
Do‘konda to‘lov qilganimizdan so‘ng kassir uzatgan chekni qo‘lga olib, sumkaga yoki cho‘ntakka solib qo’yamiz. Ammo shifokorlar aytishicha bu oddiy odat aslida sog‘lig‘imizga zarar yetkazishi mumkin.
Gap shundaki, aksariyat cheklar termoqog‘ozda bosiladi. Bu qog‘ozda bisfenol A (BPA) deb ataladigan kimyoviy modda bor. U teri orqali oson kiradi va inson tanasidagi gormonlar tizimiga ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun mutaxassislar chekni “zararsiz qog‘oz” deb hisoblamaslik kerakligini aytadi.

Dermatolog Irina Baranovaning tushuntirishicha, bisfenol A bu endokrin buzuvchi modda, ya’ni u gormonlar muvozanatini izdan chiqaradi. Uning ta’siri ayol gormoni estrogenga o‘xshash. Shu sababli BPA uzoq muddat tanada to‘planib borsa, turli gormonal muammolarga sabab bo‘ladi.
“Ayniqsa, doim cheklar bilan ishlaydigan kassirlar yoki ofitsiantlar uchun xavfli. Ular har kuni termoqog‘oz bilan ishlaydi, natijada bu modda organizmda asta-sekin yig‘ilib boradi,” deydi shifokor Baranova.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bisfenol ta’siridan ayollarda hayz siklining buzilishi, bepushtlik xavfining ortishi, sut bezlari kasalliklari kuzatilishi mumkin. Erkaklarda esa testosteron darajasi pasayadi, umumiy gormonal disbalans paydo bo‘ladi. Shuningdek, uzoq muddat BPA dan foydalanish onkologik kasalliklar xavfini oshiradi.
Agar siz doim cheklar bilan ishlaydigan kasbda bo‘lsangiz, yupqa himoya qo‘lqoplardan foydalaning, ishdan keyin qo‘llarni sovun bilan yaxshilab yuving. Yog‘li krem yoki tabiiy moy bilan terini yumshatish ham foydali, chunki bisfenol yog‘larda eriydi va ular moddaning teri orqali o‘tishini kamaytiradi.
Biz atrof-muhitdagi barcha kimyoviy ta’sirlarni butunlay yo‘q qila olmaymiz. Lekin ularning miqdorini kamaytirish o‘zimizga bog‘liq. Chekni qo‘l bilan olish odatidan voz kechish kichik, ammo sog‘lom hayot sari muhim qadamlardan biridir. Ba’zan sog‘lig‘imizni asrash shunchaki e’tiborli bo‘lishdan boshlanadi.

sevara3
