
DNK tuzilishini kashf etgani uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan amerikalik biolog Jeyms Uotson 97 yoshida vafot etdi. Bu haqda The New York Times xabar bermoqda.
— Manba: «Daryo» nashri.
Olimning o‘g‘li Dunkanning aytishicha, otasi Nyu York shtatidagi Long-Aylendda joylashgan xospisda hayotdan ko‘z yumgan.
1953-yilda Kembrij olimlari Uotson va Frensis Krik DNK tuzilishini “qo‘sh spiral” shaklida tasvirlovchi maqolani e’lon qilishdi. Ularning ishi London Qirollik kollejida Rozalinda Franklin va Moris Uilkins tomonidan to‘plangan tajriba ma’lumotlariga asoslangan edi.
1962-yilda Uotson, Krik va Uilkins DNK molekulasining tuzilishini kashf etganliklari uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishgan. O‘sha paytda Uotson 34 yoshda edi.
2014-yilda Uotsonning Nobel medali Christie’s kimoshdi savdosida 4,757 million dollarga sotildi. Olim buning uchun 4,1 million dollar oldi va mablag‘larni ilmiy-tadqiqot hamda xayriya tashkilotlariga o‘tkazishni va’da qilgan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, medalni milliarder Alisher Usmonov sotib olgan va 2015-yilda uni biologga qaytarib bergan.
Kembrijdan so‘ng Uotson Garvardda ishlagan, 1968-yilda esa Long-Aylenddagi Cold Spring Harbor laboratoriyasiga rahbarlik qila boshlagan. U bu laboratoriyani molekulyar biologiya va saraton genetikasi bo‘yicha yetakchi markazga aylantirgan. Uning rahbarligi ostida laboratoriya saraton kasalligi bo‘yicha yirik tadqiqotlarni boshlagan. 1990-yilda olim inson DNKsi ketma-ketligini aniqlash bo‘yicha “Inson genomi” loyihasini ishga tushirishda ishtirok etgan.
2007-yilda The Sunday Times gazetasiga bergan intervyusidagi irqchilik bayonotlari sababli Uotson 35 yil davomida rahbarlik qilgan Cold Spring Harbor laboratoriyasidagi boshqaruv lavozimlaridan chetlashtirilgandi va ko‘plab faxriy unvonlardan mahrum etilgandi.
Bundan avval Buyuk Britaniyaning eng boy odami Gopichand Hinduja 85 yoshida Londonda vafot etgani xabar qilingandi. U Hindistonda joylashgan Ashok Leyland avtomobil kompaniyasining asoschisi hisoblanadi.
Oktyabr oyida Argentinada “Radikal fuqarolik ittifoqi” (UCR) partiyasidan parlamentga nomzod Ernan Damiani debat davomida yurak xurujidan vafot etgandi.

Umidjon Mamarasulov
