
Bayramlar, festival va boshqa tantanali tadbirlarda pirotexnika vositalari keng qo‘llaniladi. Paqildoqlar, raketalar, bengal mayoqchalari va boshqa turli pirotexnika mahsulotlari ko‘plab insonlarga quvonch bag‘ishlasa-da, ular noto‘g‘ri ishlatilganda jiddiy jarohat va hatto hayot uchun xavf tug‘dirishi mumkin.
— Manba: «Daryo» nashri.
Har yili bayram kunlarida bolalar hamda yoshlar orasida jarohatlar va kuyishlari soni oshadi. Shu sababli, pirotexnika bilan ehtiyotkorlik bilan ishlash va favqulodda vaziyatlarda birinchi yordam ko‘rsatishni bilish lozim.
Agar siz yoki atrofingizdagi kishi paqildoq yoki boshqa pirotexnika vositalari tufayli jarohat olgan bo‘lsa, darhol quyidagi choralarni ko‘rishingiz zarur.
Shoshilinch yordam chaqirish
Birinchi navbatda tez yordamga — 103 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling. Tez yordamni chaqirish ayniqsa quyidagi holatlarda muhim hisoblanadi:
• Jabrlanuvchi hushsiz holatda bo‘lsa;
• Jabrlanuvchining barmog‘i, qo‘li yoki tananing boshqa qismi amputatsiya qilingan bo‘lsa.
Agar kuyish og‘irlik darajasi quyidagilardan biriga mos kelsa, darhol shifokor yoki tez yordamga murojaat qilish kerak:
• Kaftdan kattaroq yuzada kuyish;
• Pufakchalar, qorayish yoki oqarish yuzaga kelgan bo‘lsa;
• Yuz, ko‘z yoki tananing boshqa ochiq qismlari kuysa.
Pirotexnikadan kuyishda birinchi yordam
Olovni o‘chirish
• Agar pirotexnika tufayli kiyimlar yoki tana yonib ketsa, olovni darhol o‘chiring.
• Olovni suv bilan urib tushiring, qalin mato bilan yoping yoki yerda yumalash harakati orqali olovni bosing.
• Tez harakat qiling, lekin yugurmang, chunki bu olovni yanada kuchaytirishi mumkin.
Kiyim va aksessuarlarni olib tashlash
• Kuygan joy tez shishadi, shuning uchun uzuk, soat, marjon, kamar yoki tanaga mahkam yopishgan boshqa narsalarni imkon qadar tezroq olib tashlang;
• Kuygan joyga yaqin kiyimlarni ham ehtiyotkorlik bilan olib tashlang. Yopishgan matoni yulib olishga urinmang, chunki bu jarohatni kuchaytiradi.
Shikastlangan joyni sovitish
• Kuygan joyni qor bilan ishqalash yoki muz qo‘yish tavsiya etilmaydi.
• Kuygan tana qismini soqib turgan sovuq suvga qo‘ying yoki sovutilgan shisha idishdagi suvdan foydalaning.
• Shu holatda 10–20 daqiqa davomida ushlab turing. Bu og‘riq va shishni kamaytiradi hamda chandiq hosil bo‘lish xavfini pasaytiradi.
• Yuz va bo‘yinning kuygan joyiga nam va nam va salqin mato qo‘yish tavsiya etiladi.
Kuygan joyni berkitish
• Kuygan joyni doka bint yoki paxta mato bilan yoping. Bog‘lamni qisib o‘ramang, mato erkin bo‘lishi kerak.
• Agar pufakchalar yuzaga kelgan bo‘lsa, ularni teshmang.
• Shikastlangan joyga krem, malham, yog‘ va moy kabilarni surtish tavsiya etilmaydi, chunki ular issiqlikni saqlab, og‘riqni yanada kuchaytiradi.
Og‘riqni kamaytirish
• Og‘riqni yengillashtirish uchun ibuprofen yoki paratsetamol kabi og‘riq qoldiruvchi dorilarni qabul qilish mumkin.
• Jiddiy shikastlanishlarda davolanishni faqat shifokor belgilashi kerak.

Pirotexnika tufayli travmatik amputatsiya
Agar hodisa amputatsiya bilan tugasa, tez yordam yetib kelguncha quyidagilarni amalga oshiring:
Qon ketishni to‘xtatish
• Jabrlanuvchini yotqizib, qonayotgan joyni yurak sathidan biroz yuqoriroqda ushlang.
• Sovqotmasligi uchun ustini kurtka yoki boshqa narsa bilan yoping.
• Jarohat atrofidagi kiyimlarni yeching yoki yirtib tashlang.
• Jarohatdan oson olinadigan pirotexnika parchalarini ehtiyotkorlik bilan olib tashlang, lekin buni amalga oshirishning iloji bo‘lmasa, davom ettirmang va shifokorlarga qoldiring.
• Bosib turuvchi bog‘lam yasang: toza mato bilan jarohatlangan joyni bosing. Mato qon bilan namlanganda, ustma-ust qo‘ying. Agar jarohatda olib tashlashning iloji bo‘lmagan pirotexnika parchalari bo‘lsa, ularni emas, balki atrofini bosib turing.
• Agar qon ko‘p ketayotgan bo‘lsa va bosim bilan to‘xtamasa, jgut qo‘ying. Jgut shikastlangan joydan kamida 5 santimentr yuqorida bo‘lsin va jgut qo‘yilgan vaqtini yozib qo‘yish yodingizdan chiqmasin.
Jarohat olgan odamni xavfsiz holatga keltirish, kuyish yoki amputatsiya holatida qon ketishini to‘xtatish, shikastlangan joyni sovutish va zarurat bo‘lsa jgut qo‘yish kabi amallar shifokor yetib kelguncha hayotiy xavfsizlikni ta’minlaydi. Shuningdek, amputatsiya qilingan bo‘lakni to‘g‘ri saqlash va tez yordamga yetkazish umumiy tiklanish imkoniyatini oshiradi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil avgust oyidan O‘zbekistonda pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlik kuchaytirilgan. Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritilgan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra:
- pirotexnika buyumlari ishlatganlik uchun — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan (1 million 700 ming so‘m) yigirma besh baravarigacha (8 million 500 ming so‘m) miqdorda;
- pirotexnika buyumlari savdosi bilan shug‘ullanganlik uchun — bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan (5 million 100 ming so‘m) o‘ttiz baravarigacha (10 million 200 ming so‘m) miqdorida;
- respublikaga olib kirish (O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish) yoki o‘tkazish — bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan (10 million 200 ming so‘m) ellik baravarigacha (17 million so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

