
COVID-19 ga qarshi emlangan shaxslarda, kasallikning sababidan qat’iy nazar, umumiy o‘lim darajasi emlanmaganlarga nisbatan past bo‘ladi. Bu haqda Fransiyada o‘tkazilgan so‘nggi tadqiqotga tayanib, Euronews xabar berdi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, kamida bir doza mRNK COVID-19 vaksinasini olgan odamlarda emlanmagan shaxslarga qaraganda ko‘ra o‘lim xavfi pastroq bo‘lgan. Tadqiqot doirasida 18 yoshdan 59 yoshgacha bo‘lgan 28 million fransuz fuqarosi o‘rganilgan. Natijalarga ko‘ra:
- emlangan shaxslarda COVID-19 dan o‘lim xavfi 74 foizga past bo‘lgan;
- barcha sabablarga ko‘ra o‘lim xavfi esa 25 foizga kam bo‘lgan.
Tadqiqotchilar o‘lim xavfining pasayishini birinchi navbatda vaksinaning og‘ir kasallikdan kuchli himoyalashi bilan bog‘ladi. Shuningdek, COVID dan keyingi holat bilan bog‘liq asoratlar sonining kamayishi ham umumiy o‘lim darajasining pasayishiga hissa qo‘shgan bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi.
Katta masshtabdagi kuzatuv
Tadqiqot Fransiya Sog‘liqni saqlash tizimidagi ma’lumotlar yordamida, Fransiya Dori vositalari va Sog‘liqni saqlash mahsulotlari xavfsizligi Milliy Agentligi hamda Fransiya Milliy sog‘liqni saqlash sug‘urtasi jamg‘armasi nazoratidagi Epi-Phare ilmiy guruhi tomonidan amalga oshirilgan. Ushbu tadqiqot COVID-19 mRNK vaksinalarining kattalar aholisidagi uzoq muddatli xavfsizligini o‘rganuvchi bugungi kundagi eng yirigi hisoblanadi.
Unda 2021-yil may oyidan oktyabr oyigacha emlangan 22,7 million kishi va 2021-yil 1-noyabr holatiga ko‘ra emlanmagan 5,9 million kishi kuzatilgan. O‘rtacha 45 oylik (qariyb 4 yil) kuzatuv davomida emlanganlar orasida 98 429 ta o‘lim (0,4 foiz) va emlanmaganlar orasida 32 662 ta o‘lim*(0,6 foiz) qayd etilgan.
