Elektron sigaretalardan (veyp) foydalanish miokard infarkti (yurak xuruji) xavfini keskin oshiradi. Bu haqda so‘nggi tadqiqot natijalariga tayanib, News Medical xabar berdi.

 — Manba: «Daryo» nashri.

BMC Public Health jurnalida chop etilgan ushbu tadqiqotda olimlar elektron sigareta iste’moli bilan yurak xuruji va insult xavfi o‘rtasidagi bog‘liqlikni tahlil qiladi. Mazkur tadqiqotda avvalgi yillarda o‘tkazilgan 12 ta ilmiy ishning ma’lumotlari ko‘rib chiqildi. Yurak xuruji xavfini tahlil qilishda 430 875 nafar ishtirokchi, insult xavfini o‘rganishda esa 1 milliondan ortiq ishtirokchi ma’lumotlaridan foydalanildi.

Yurak xuruji xavfi 53 foizga yuqori

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, elektron sigareta chekuvchi odamlarning ulardan foydalanmaydiganlarga nisbatan yurak xurujiga uchrash ehtimoli 53 foizga yuqori bo‘ladi. Shuningdek, yurak xuruji xavfi ayniqsa oddiy sigaret chekishni tashlab, elektron sigaretaga o‘tgan odamlarda baland bo‘lishi aniqlandi.

Aniqroq aytganda, avval chekib, keyin elektron sigareta iste’molini davom ettirgan sobiq chekuvchilarda umuman chekmaganlarga qaraganda insult xavfi 73 foizga yuqoriligi qayd etildi. Tadqiqotchilarga ko‘ra, bu natijalar elektron sigaretalarni zararsiz muqobil sifatida qabul qilmaslik kerakligini ta’kidlamoqda.

Veyp nima uchun xavfli?

O‘nlab yillar davomida oddiy sigaret chekish koronar arteriya kasalligi, gipertoniya va insult uchun asosiy xavf omili sifatida tan olinib kelinmoqda. Bunga javoban, tamaki sanoati chekishni tashlashga yordam beruvchi vosita sifatida elektron nikotin yetkazib berish tizimlarini, ya’ni veyplarni ilgari surdi.

Bu qurilmalar tarkibida nikotin bo‘lgan suyuqliklarni (odatda propilen glikol, o‘simlik glitserini va aromatizatorlar) aerozol holiga keltiradi. Propilen glikol qizdirilganda yurak-qon tomir kasalliklariga sabab bo‘lishi ma’lum bo‘lgan aldegidlar va boshqa reaktiv birikmalar hosil qilishi mumkin.

author info

Dilafro‘z Mirzayeva

От qwert.uz