Bayramlar arafasida ishdagi shov-shuvlar, qisqa muddatli topshiriqlar, sovg‘alar xaridi, kiyim tanlash va yangi yil ziyofatlarini tashkil etish bilan bog‘liq faoliyat ko‘payadi. Shu sababli ko‘pchilik organizmni haddan tashqari yuklaydi va immunitet pasayadi. Shunday vaziyatda kasalliklardan saqlanish va alomatlar paydo bo‘lsa, ularga o‘z vaqtida javob berish muhimdir.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Yangi yil va boshqa bayramlar arafasida ishdagi hisobotlar, sovg‘a xarid qilishlar, ziyofatlarni tashkil etish bilan bog‘liq yumushlar ko‘payadi. Shu bilan birga, jismoniy va ruhiy charchoq immunitetni susaytiradi va kasalliklarga moyillikni oshiradi.

Shu sababli bayram arafasida sog‘liqqa e’tiborli bo‘lish, tanaga haddan tashqari yuklama bermaslik va kasallikning dastlabki belgilarida to‘g‘ri harakat qilish ayniqsa muhimdir. Quyida bayramlar oldidan kasalliklarni oldini olish, shamollash yoki boshqa infeksion kasalliklar alomatlari paydo bo‘lganda nima qilish kerakligi haqida amaliy tavsiyalar keltiramiz.

Barcha yumushlar va dam olish rejasini tuzing

Bayramlarga tayyorgarlik jarayonida barcha ishlarni bir kunda va birdaniga bajarishga urinmang. Ish va bayram oldi tayyorgarlik rejasini tuzing va unga dam olish uchun vaqt ajrating. Hatto kuniga 30 daqiqa dam tanaffus sifatida yetarli bo‘lishi mumkin: nafas chiqarish, kitob o‘qish, bog‘da sayr qilish kabilar ayni muddao. To‘yib uxlash ham juda muhim, chunki uyqusizlik stressga olib keladi va immunitetni zaiflashtiradi.

Muvozanatli ovqatlaning

Foto: Lisa.ru

Bayram oldi parhezlardan ko‘ra, ratsionning muvozanatli bo‘lishi birinchi o‘rinda turadi. Immunitet hujayralarining normal ishlashi uchun oqsil, vitaminlar va minerallar — C, D, B guruhlari, rux elementi zarur. Ratsioningizga go‘sht, baliq, dukkaklilar kiritish tavsiya etiladi. Ichak faoliyati uchun sabzavotlar (qishda dimlangan yoki pishirilgan), yormalar va rezavorlar ham foydali hisoblanadi. Qishda quyosh yetishmasligi tufayli D vitaminini shifokor tavsiyasi bilan qo‘shimcha qabul qilish mumkin.

Gigiyenaga e’tibor bering

Viruslar ko‘pincha o‘zaro aloqa va havo-tomchi yo‘li bilan yuqadi. Shu bois jamoat transporti va do‘konlarda qo‘llarni tez-tez sovun bilan yuvish, yuvilmagan qo‘llar bilan yuz, ko‘z va og‘izga tegmaslik muhim. Odam gavjum bo‘lgan joylardan chetda bo‘lishga harakat qiling.

Xonani kuniga 3-4 marta 10–15 daqiqadan shamollatish havodagi bakteriyalarini kamaytiradi va namlik darajasini oshiradi. Burun shilliq qavatini dengiz tuzi asosidagi eritmalar bilan namlash ham foydali bo‘ladi.

Jismoniy faollikni unutmang

O‘rtacha jismoniy yuklamalar qon aylanishini yaxshilaydi va immun hujayralarining yangilanishiga yordam beradi. Har kuni 30–40 daqiqalik o‘rtancha tezlikda yurish kifoya, sport zalida haddan tashqari charchash shart emas.

Shamollashning dastlabki alomatlari paydo bo‘lsa

Foto: iStock

Tomoqda qichishish, holsizlik, qaltirash, tumov belgilari paydo bo‘lsa, barcha rejalaringizni bekor qiling va imkon bo‘lsa, 1–2 kun tanaffus qiling yoki kasallik ta’tilida dam oling. Virus ustidan g‘alaba qozonish uchun birinchi kun eng muhim hisoblanadi.

Suyuqlik iste’molini oshiring: kuniga kamida 1,5–2 litr iliq suv, klyukva yoki brusnika sharbatlari, moychechakli yoki limonli choy ichish toksinlarni chiqarishga yordam beradi.

Tana harorati 38–38,5°C gacha ko‘tarilishi immunitetning tabiiy himoya reaksiyasi hisoblanadi. Shuning uchun o‘rtacha ko‘tarilgan haroratni tushirmang; paratsetamol yoki ibuprofenni faqat 38,5°C dan yuqori bo‘lganda qo‘llang. Kuchli bosh og‘rig‘i bo‘lsa, dori ishlatish mumkin.

Simptomatik yordam

• Tomoq og‘rig‘ida tuz/soda eritmalari yoki moychechak qaynatmasi bilan chaying.

• Tumovda burunni tuzli eritmalar bilan yuvib, viruslardan tozalang.

• Tomir toraytiruvchi tomchilar faqat kuchli burun bitishi bo‘lganda va 3–5 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda ishlatilishi mumkin.

• Yo‘tal paydo bo‘lganda uning xarakterini aniqlash muhim; yo‘tal mexanizmini tushunmasdan turib yo‘talga qarshi dori yoki mukolitiklar ishlatish zararli.

• Nam yo‘talda balg‘am ko‘chishiga yordam berish uchun ko‘p iliq ichimlik iching va havoni namlang.

Nimalar qilish mumkin emas?

• Kasallikni oyoqda o‘tkazmang — bu otit, sinusit, bronxit yoki pnevmoniya kabi asoratlarga olib kelishi mumkin.

• Antibiotiklarni shifokor tavsiyasisiz qabul qilmang — ular viruslarga qarshi samarasiz bo‘lib, faqatgina bakteriyalarga ta’sir qiladi.

• Xalq tabobatidan foydalanganda e’tiborli bo‘ling: spirtli ichimliklar, hammom, sovuq suv bilan davolanish kasallikning o‘tkir bosqichida organizmni faqat zaiflashtiradi.

Harorat 39°C dan yuqori bo‘lsa, qon bosimi tushsa va kasallik 3-4 kundan ortiq davom etganda, kuchli bosh og‘rig‘i, ko‘krak qafasida og‘riq, nafas qisishi, yiringli balg‘am yoki burundan yiring kelishi holatlarida shifokorga murojaat qiling.

author info

Sevara Soliyeva

От qwert.uz