Qishki mavsumda yosh bolalarda laringit, o‘tkir yo‘tal va gripp kasalliklari kabi mavsumiy kasalliklar turkumidagi o‘tkir respirator virusli infeksiyalar soni ortib boradi. Ayniqsa, qishning qahratonida maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar yuqumli kasalliklarga chalinishga moyil bo‘ladi. 

 — Manba: «Daryo» nashri.

Quyida ana shunday xastaliklarning tarqalishini kamaytiradigan va farzandlarimiz immunitetini mustahkamlaydigan oddiy usullar haqida ma’lumot beramiz.

Kunlik uyquning normada bo‘lishiga ahamiyat bering

Foto: Shotterstock

Bolalarning kundalik rejimga amal qilishi ham muhim, ular kuniga 10-12 soat uxlashi, o‘z vaqtida kunduzgi uyquga yotishi lozim. Kundalik faoliyati tartibga solinmagan va kam uxlaydigan bolalarning immuniteti zaifroq bo‘ladi va infeksiyalarga chalinish moyilligi ortadi. Shuningdek, toza havoda sayr qilish, faol o‘yinlar va sport bilan shug‘ullanish kabi muntazam jismoniy faollik ham immun tizimini mustahkamlaydi.

Bolaning ovqatlanish ratsioniga alohida e’tibor qarating

 Avvalo, o‘sib borayotgan organizm sog‘lom ovqatlanishi, bolaning ratsioni turli xil va balansli oziq-ovqatlardan iborat bo‘lishi kerak. Kundalik taomnomada yangi uzilgan sabzavotlar, mevalar (C vitaminiga boy sitrus mevalari, kivi, qulupnay), oqsilli ovqatlar (go‘sht, baliq, dukkaklilar), foydali yog‘lar (yong‘oq, avokado, baliq, tuxum) bo‘lishi zarur. Ular organizmni zarur vitaminlar va minerallar bilan ta’minlaydi.

Farzandingizga gigiyenik qoidalarni o‘rgatib boring

Foto: Shotterstock

Farzandingizga gigiyena qoidalarini o‘rgatish, doimo qo‘llarni sovun bilan yuvish, kir qo‘llar bilan yuz, burun, og‘iz va ko‘z sohasiga tegmaslikni uqtirish lozim. Oila a’zolarining barchasida o‘zining shaxsiy sochig‘i va boshqa gigiyenik vositalari alohida bo‘lishi zarur.

Bolalar bo‘lgan xonani tez-tez shamollatib turing 

Uydagi va bolalar vaqt o‘tkazadigan har qanday xonadagi havoni muntazam shamollatish kerak. Ayniqsa, yaqin hududda biror yuqumli kasallik epidemiyasi e’lon qilingan bo‘lsa, xonalarga toza havo oqimi kirishini ta’minlash muhimdir.

Shifokor buyurgan emlashlarni vaqtida oling 

Pediatrlar tavsiyasiga ko‘ra, emlash bir qator xavfli infeksiyalardan himoya qiladi va kasallikning jiddiy asoratlar bilan o‘tishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shuningdek, tanani chiniqtirish ham immunitetni mustahkamlaydi va organizmning sovuqqa chidamliligini oshiradi.

Tumov yoki gripp bilan og‘rigan bemorlar bilan farzandingiz o‘rtasida masofa saqlashga harakat qiling

Foto: Shotterstock

Yuqumli kasalliklar avj olgan mavsumda kasallangan odamlardan masofa saqlash, agar oilada kimdir kasal bo‘lsa, bemor va yosh bolalar o‘rtasidagi aloqani cheklash zarur. Kuz-qish mavsumida jamoat transporti, bolalar o‘yingohlari va odamlar gavjum bo‘ladigan boshqa joylarga bormaslik lozim.

Farzandingiz qabul qiladigan kunlik suv balansiga ko‘z -quloq bo‘ling

Tibbiyot mutaxassislari yoshlar ham, kattalar ham birdek ko‘proq suyuqlik ichishi kerakligini ta’kidlaydi, chunki organizmdagi suv balansi juda muhim. Uy, bog‘cha yoki maktabdagi stressli muhit va umuman salbiy hislar bolaning immunitetini zaiflashtiradi, shu sababli farzandlar uchun yoqimli hissiy muhit yaratish, ular bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish, birgalikda o‘ynash va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish muhim.

Bolaga vitamin D zarur. Buning uchun, albatta, shifokor ruxsatini oling

Foto: Shotterstock

Shifokorlar bolalarga pediatr nazorati ostida D vitaminini qabul qilishni tavsiya qiladi. Ushbu infeksiyalarga qarshi kurashishda yordam beradigan vitamin bola tug‘ilganidan keyin birinchi haftalarda tomchi ko‘rinishida profilaktika uchun beriladi.

Yuqorida qayd etilgan oddiy, ammo samarali choralar bolalar immunitetini mustahkamlashga va yuqumli kasalliklarni tezroq yengishga ko‘mak beradi. 

author info

Asila Aliboyeva

От qwert.uz