
Massachusets texnologiya instituti olimlari (MIT) tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, tarkibida yog‘lar ko‘p bo‘lgan taomlar hamda ketogenik parhez jigar saratoni rivojlanishiga olib kelishi mumkin.
— Manba: «Daryo» nashri.
Ketogenik parhez – bu uglevodlar miqdori juda past, yog‘ va oqsilga boy ovqatlanish tartibi. Unda non, makaron, shakar kabi mahsulotlar cheklanadi, yog‘li taomlar asosiy energiya manbai bo‘ladi, oqsil esa o‘rta darajada iste’mol qilinadi.
Tadqiqot natijalarida aytilishicha, bunday parhez tufayli yuzaga keladigan stressli sharoitda jigar hujayralari normal funksiyalarini bajarishni to‘xtatadi va o‘zini og‘ir sharoitlarda omon qolishga yordam beradigan ekstremal holatga o‘tkazadi. Vaqt o‘tishi bilan bunday o‘zgarishlar tufayli jigar funksiyasi yomonlashadi va o‘simtalar paydo bo‘lishi uchun qulay sharoit kelib chiqadi.
MIT olimlari sichqonlar ustida o‘tkazilgan tajribalarida uzoq vaqt davomida yog‘li ovqatlanish deyarli barcha hayvonlarda jigar saratoni rivojlanishiga olib kelishi aniqlandi. Tadqiqotchilar odam jigari to‘qimalarida ham shunga o‘xshash o‘zgarishlarni ham qayd etdi. Bunda jigar normal ishlashi uchun mas’ul bo‘lgan genlar susaya boshlaydi va o‘simtalarning yuzaga kelishini qo‘llab-quvvatlaydigan genlar ishga tushadi.
Keto parhez mashhurlar orasida tez vazn yo‘qotish vositasi sifatida keng qo‘llaniladi. Biroq olimlar ogohlantirishicha, yog‘li taomlarni haddan ortiq iste’mol qilish salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Keto parhez jigar kasalliklari, jigar sirrozi va oxir-oqibat saraton rivojlanishiga olib kelishi mumkin.
Shuningdek, bunday parhez xolesterin darajasining oshishiga va ichakdagi foydali bakteriyalar sonining kamayishiga ham sabab bo‘ladi.

