Mounjaro yoki Wegovy kabi ortiqcha vazndan xalos bo‘lishga yordam beradigan inyeksiyalar yordamida ozgan odamlar davolanishni to‘xtatgach, parhez yoki sportni to‘xtatganlarga nisbatan tezroq vazn to‘plashlari mumkin. Olimlar bunday holatda avvalgi vazn qaytishi hatto to‘rt baravar tez sodir bo‘lishini qayd etmoqda.

 — Manba: «Daryo» nashri.

British Medical Journal’da chop etilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, ushbu inyeksiyalardan foydalanganlar davolanish davrida tana vaznining o‘rtacha hisobda beshdan bir qismini yo‘qotadi. Biroq dorilar qabul qilinishi to‘xtatilgach, vazn qayta orta boshlaydi va oyiga o‘rtacha 0,8 kilogramm qo‘shiladi. Bu esa taxminan bir yarim yil ichida insonning boshlang‘ich vazniga qaytishiga olib keladi.

Oksford universiteti tadqiqotchisi Syuzan Jebbning ta’kidlashicha, bunday preparatlarni sotib olayotgan odamlar davolanish tugagach, tez vazn ortishi xavfini oldindan hisobga olishlari kerak. Ushbu xulosalar klinik sinovlar natijalariga asoslangan bo‘lib, vazn yo‘qotish uchun yangi inyeksiyalarning uzoq muddatli ta’sirini baholash maqsadida qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazish zarur.

Foto: Shutterstock

Tadqiqotchilar vazn yo‘qotish uchun qo‘llanadigan inyeksiyalar samaradorligini an’anaviy parhezlar va boshqa dori vositalari bilan solishtirish maqsadida 9 mingdan ortiq bemor ishtirok etgan 37 ta ilmiy ishni tahlil qilgan. Shulardan atigi sakkiztasi Wegovy va Mounjaro kabi yangi GLP-1 preparatlariga bag‘ishlangan bo‘lib, bu tadqiqotlarda kuzatuv muddati dorilarni to‘xtatgandan keyin bir yil bilan cheklangan. Shu sababli olingan natijalar taxminiy deb baholanmoqda.

Shuningdek, parhez orqali vazn yo‘qotgan odamlar inyeksiyalardan foydalanganlarga qaraganda kamroq vazn tashlaydi. Bu oyiga taxminan 0,1 kilogrammni tashkil qiladi.

Semizlikning qaytalanishi xavfi

Buyuk Britaniya Milliy sog‘liqni saqlash tizimi (NHS) ushbu inyeksiyalarni faqat sog‘liq uchun jiddiy xavf tug‘diradigan vazndagi bemorlarga buyuradi. Shunchaki ozroq vazn tashlashni istaganlarga bu dorilarni qo‘llash tavsiya etilmaydi. Shifokorlar inyeksiyalar bilan bir qatorda sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollik va turmush tarzini o‘zgartirishni ham majburiy shart sifatida belgilaydi.

Foto: Getty Images

Bunday davolanish uzoq muddat davom etishi mumkin. Qaytalanish xavfini hisobga olgan holda, hatto umrbod inyeksiya olishga majbur bo‘lish mumkin. Preparatni to‘xtatgan bemorlarning aytishicha, bu jarayon “kuchli ochlik hissini birdan ochib yuboradigan kalit”ga o‘xshaydi. Ayollardan biri o‘z tajribasini shunday ta’riflagan:

“Go‘yo miyamda kimdir hammasini ye, sen bunga loyiqsan, shuncha vaqtdan beri hech narsa yemading, deb turgandek bo‘lardi”.

Surrey universiteti mutaxassisi, doktor Adam Kollins bu dorilarning miya va organizmga ta’sir qilish mexanizmini tushuntirib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu preparatlar ochlik hissini tartibga soluvchi GLP-1 nomli tabiiy gormon ta’siriga o‘xshaydi.

“GLP-1 darajasini uzoq vaqt davomida me’yordan bir necha baravar yuqori darajada sun’iy ushlab turish organizmda ushbu gormonning tabiiy ishlab chiqarilishini kamaytiradi va unga bo‘lgan sezgirlikni pasaytiradi. Dorilar qabul qilinayotgan paytda muammo bo‘lmaydi, biroq ularni to‘xtatish bilan ishtaha nazoratsiz qoladi va ortiqcha ovqatlanish xavfi keskin oshadi”, deydi Kollins.

Foto: She Med

So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘tgan yili Buyuk Britaniyada qariyb 1,6 million kishi vazn yo‘qotish uchun inyeksiyalardan foydalangan. Ularning aksariyati bu dorilarni xususiy klinikalardagi retseptlar orqali sotib olgan.

Cancer Research UK (Buyuk Britaniya saratonni tadqiq qilish jamg‘armasi) ma’lumotlariga ko‘ra, 3,3 million kishi kelgusi yil davomida vazn yo‘qotish inyeksiyalarini sinab ko‘rishni rejalashtirmoqda. Ayollar bu dorilarga erkaklarga nisbatan ikki baravar ko‘proq murojaat qiladi.

Glazgou universiteti professori Navid Sattarning aytishicha, vazn yo‘qotish uchun mo‘ljallangan inyeksiyalar qisqa muddatga sog‘liq uchun sezilarli foyda keltirishi mumkin. Masalan, ikki-uch yilga vaznni kamaytirish bo‘g‘imlar, yurak yoki buyraklarga tushadigan yukni kamaytirib, boshqa kasalliklar rivojlanishini sekinlashtirishi ehtimoldan xoli emas. Ammo bu masalani aniq baholash uchun uzoq muddatli va keng ko‘lamli tadqiqotlar o‘tkazish zarur.

author info

Sevara Soliyeva

От qwert.uz