Ko‘pincha akne va teri muammolar paydo bo‘lishini yuzni noto‘g‘ri parvarish qilish, stress yoki gormonal o‘zgarishlar bilan bog‘laymiz. Ammo kundalik ovqatlanishimiz terining holatiga qanchalik kuchli ta’sir ko‘rsatishini har doim ham anglayvermaymiz.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Aslida esa tanaga kirayotgan har bir mahsulot terida o‘z aksini topadi. Ba’zan teri silliq va sog‘lom ko‘rinishda bo‘lsa, ba’zan yallig‘lanish, shish va toshmalar orqali yuzaga chiqadi. Quyida husnbuzarlar paydo bo‘lishiga eng ko‘p sabab bo‘ladigan ovqatlanish odatlari haqida batafsil to‘xtalamiz.

Teri biz iste’mol qilgan mahsulotlarga qanday munosabat bildiradi?

Terining ko‘rinishiga ko‘plab omillar ta’sir qiladi: gormonal o‘zgarishlar, stress, uyqu yetishmasligi, parvarish vositalari, taomlar. Oshqozon-ichak tizimidagi muammolar ko‘pincha terida yallig‘lanish, toshmalar, pigmentatsiya, quruqlik va teri ko‘chishi tarzida namoyon bo‘ladi.

Bu belgilar hamma odamlarda bir xil vaqtda paydo bo‘lmaydi. Ba’zilarida bir necha kundan keyin sezilsa, boshqalarda bir necha hafta yoki hatto bir oy o‘tib bilinishi mumkin. Bunga organizmning umumiy holati, moddalar almashinuvi tezligi va foydali elementlarning yetishmasligi sabab bo‘ladi. Teri muammolari ko‘pincha asta-sekin to‘planib, ma’lum vaqtdan keyin ko‘zga tashlanadi.

Shuni ham unutmaslik kerakki, teriga faqat kunduzgi ovqatlanish emas, balki kechki payt iste’mol qilinadigan mahsulotlar, ularning tarkibi va miqdori ham kuchli ta’sir ko‘rsatadi.

Fastfud

Foto: iStock

Fastfud mahsulotlari teridagi yog‘ning haddan tashqari ko‘p ajralishiga sabab bo‘ladi. Oqibatda yallig‘lanish kuchayadi, yangi husnbuzarlar paydo bo‘ladi yoki mavjud muammolar yanada og‘irlashadi. Sho‘r va yog‘li ovqatlar qisqa vaqt ichida tanada suyuqlikni ushlab qolib, yuzda va ko‘z atrofida shishlarni keltirib chiqaradi. Uzoq muddat davomida esa teri tonusi pasayadi, elastikligi yo‘qoladi va ajinlar erta paydo bo‘la boshlaydi.

Shirinliklar

Foto: iStock

Shirinliklar, shakarli hamda gazli ichimliklarga haddan tashqari berilish vaqt o‘tishi bilan “charchagan yuz” ko‘rinishiga sabab bo‘ladi. Qand moddasi kollagen va boshqa muhim biologik birikmalarni parchalaydi, bu esa terining tezroq qarishiga olib keladi.

Mutaxassislar orasida “shakarli yuz” degan tushuncha ham paydo bo‘lgan. Bu holatda teri rangi xiralashadi, umumiy shish paydo bo‘ladi, terining tarangligi va elastikligi pasayadi. Ko‘z ostida “xaltachalar” paydo bo‘ladi, iyak va chakka sohalarida esa toshmalar ko‘payadi.

Qat’iy parhez

Foto: iStock

Og‘ir va qat’iy parhezlar ko‘pincha foydadan ko‘ra zarar keltiradi. Bunday parhezlar organizmni zarur bo‘lgan oqsillar, yog‘lar, vitaminlar va minerallardan mahrum qiladi. Oqibatda teri vaqt o‘tishi bilan o‘z tabiiy kuchini yo‘qota boshlaydi: u suvsizlanadi, po‘st tashlaydi, toshmalar va pigment dog‘lari paydo bo‘ladi.

Bunday holatda hatto eng yaxshi kosmetik vositalar ham kutilgan natijani bermasligi mumkin, chunki muammo tashqaridan emas, ichkaridan kelib chiqadi.

Xulosa qilib aytganda, terining sog‘lom va chiroyli bo‘lishi butun organizm salomatligiga bevosita bog‘liq. Muvozanatli va xilma-xil ovqatlanish, yetarli miqdorda hayvon va o‘simlik oqsillari, foydali yog‘lar, o‘simlik tolalari iste’mol qilish, tuz va shakarni me’yorida yeyish ichki muvozanatni saqlashga yordam beradi. Ana shunda teri toza, sog‘lom ko‘rinishga ega bo‘ladi.

author info

Sevara Soliyeva

От qwert.uz