
Ko‘plab ota-onalar shamollashni davolashda yillar davomida shakllangan xalqona usullarga tayanib keladi. Balki bu usullar bir vaqtlar buvilarimizga yordam bergandir, biroq vaqt o‘tishi bilan nafaqat hayot tarzi, balki tibbiyot ham jiddiy rivojlandi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Bugungi kunda shamollashni ilmiy asoslangan, tekshiruvdan o‘tgan va xavfsiz usullar bilan davolash mumkin. Shunga qaramay, ayrim an’anaviy yondashuvlar hanuzgacha to‘g‘ri deb qabul qilinadi, garchi ular kutilgan natijani bermasa ham.
Shifokor retseptisiz antibiotiklar
Shamollashni davolashdagi eng noto‘g‘ri va xavfli yondashuvlardan biri — shifokor ko‘rsatmasisiz antibiotik qabul qilishdir. Ko‘plab ota-onalar antibiotik shamollashni tezda bartaraf etadi, deb o‘ylaydi. Aslida esa antibiotiklar viruslarga ta’sir qilmaydi. Bundan tashqari, antibiotikning hatto bir martalik dozasi ham ichak mikroflorasini izdan chiqarishi, zararli bakteriyalar ko‘payishiga sharoit yaratishi va organizmning himoya funksiyalarini susaytirishi mumkin. Kuchli dori vositalarini tez-tez qabul qilish natijasida ularga nisbatan qarshilik shakllanadi, bu esa kelajakda jiddiy kasalliklarni davolashni ancha murakkablashtiradi.
Faqat ko‘p suyuqlik ichish orqali davolanish
Agar organizm O‘RVI yoki boshqa virusli infeksiyalar tufayli zaiflashgan bo‘lsa, u albatta ko‘p miqdorda suyuqlikka muhtoj bo‘ladi. Ko‘p ichimlik ichish tomoq og‘rig‘i, yo‘tal va og‘iz bo‘shlig‘idagi noqulaylikni biroz yengillashtirishi mumkin. Biroq bu shamollashni davolashning yagona yo‘li emas. Samarali davolanish uchun suyuqlik ichish bilan bir qatorda virusga qarshi va simptomatik preparatlar ham zarur bo‘ladi.

Burun oqishiga qarshi aloe suvi
Aloe sharbati yoki jelesi ayrim hollarda burun bo‘shlig‘idagi shilliq qavat shishishini kamaytirishi mumkin. U rinit yoki sinusit belgilari yengil shaklda kechganda vaqtincha yordam berishi ehtimoli bor. Ammo bu usul bolalar uchun har doim ham mos kelavermaydi. Bolalarning shilliq pardalari juda nozik bo‘lgani sababli aloe yallig‘lanish yoki tirnash xususiyati keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois bolalarda burun oqishini davolashda maxsus, klinik tekshiruvdan o‘tgan dorilarga ustunlik berish lozim.
Tomoqni ichimlik sodasi yoki tuz bilan chayish
Ko‘plab bolalar tomoqni to‘g‘ri chayishni bilmaydi va ko‘pincha eritmaning bir qismini yutib yuboradi. Dorixonalarda yutib yuborilganda ham xavf tug‘dirmaydigan maxsus eritmalar mavjud. Tuz yoki soda asosidagi eritmalar noto‘g‘ri nisbatda tayyorlansa, bolaning oshqozoniga jiddiy zarar yetkazishi, ko‘ngil aynishi, zaharlanish yoki tomoq shilliq qavatining kuyishiga olib kelishi mumkin.
Issiq kompresslar
Shamollash paytida issiq kompresslardan foydalanish ko‘pincha vaziyatni yanada og‘irlashtiradi. Issiqlik tana haroratining oshishiga olib kelib, umumiy ahvolni yomonlashtirishi mumkin. Agar bola sovqotsa, uni iliq kiyintirish va mushak spazmlarini bartaraf etishga hamda haroratni tushirishga qaratilgan preparatlardan foydalanish maqsadga muvofiq. Belgilar kuchaygan taqdirda esa shifokorga murojaat qilish zarur.

Piyoz va sarimsoq
Ko‘pchilik sarimsoq va piyozni shamollashga qarshi tabiiy vosita deb hisoblaydi. Haqiqatan ham, ularni bo‘yinga tumorcha qilib taqish immunitetni biroz qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Biroq piyoz suvi tomizish yoki sarimsoq bug‘lari bilan ingalyatsiya qilish burun shilliq qavati va nafas yo‘llarining kuyishiga olib kelishi ehtimoli yuqori.
Muzdek yegulik iste’mol qilish
Muzqaymoq yoki sovuq yogurt tomoq og‘rig‘ini vaqtincha kamaytirishi mumkin, chunki ular shishishni pasaytiradi. Biroq bu usul to‘liq davolash o‘rnini bosa olmaydi. Sovuq ovqat dastlab og‘riqni kamaytiradi, ammo organizm uni hazm qila boshlagach, tana harorati yana ko‘tarilishi mumkin. Shuning uchun davolashni dori-darmonlarsiz faqat sovuq ovqat bilan cheklash xato hisoblanadi.
Bankalar
Vakuum terapiyasining ayrim foydali jihatlari bo‘lsa-da, uy sharoitida bankalarni to‘g‘ri qo‘yishni ko‘pchilik bilmaydi. Noto‘g‘ri qo‘yilgan bankalar teri shikastlanishi va umumiy ahvol yomonlashishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, gemofiliya, yurak-qon tomir kasalliklari, sil, onkologik xastaliklar, yuqori harorat va 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarda bankalardan foydalanish qat’iyan tavsiya etilmaydi.
Issiq vanna
Issiq hammom shamollagan bolaning holatini yaxshilash o‘rniga, tana haroratini yanada oshirib yuborishi mumkin. Bu holat gipertermiyaga olib keladi. Faqat iliq vanna foydali bo‘lib, bug‘ tufayli nafas yo‘llari namlanadi va balg‘am chiqishi osonlashadi.
Antigistaminlar
Antigistamin preparatlar allergik shishni kamaytiradi, ammo shamollashni davolamaydi. Shifokor tavsiyasisiz bunday dorilarni qabul qilish bolaning immun tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va umumiy holatni og‘irlashtirishi mumkin.

