
Farzand dunyoga kelishi hayotimizdagi eng muhim va mas’uliyatli davrlardan biridir. Bu vaqt nafaqat quvonch, balki psixologik bosim, stress va ichki ziddiyatlarni ham keltirib chiqarishi mumkin. Ko‘pincha tug‘uruqdan keyingi depressiya faqat ayollarga xos holat sifatida qaraladi, ammo amalda bunday muammo erkaklarda ham uchraydi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Ota-ona bo‘lishimiz bilan hayotimizdagi o‘zgarishlar, mas’uliyatning ortishi va hayot tarzining keskin almashishi nafaqat ayollar, balki erkaklarning ruhiy holatiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Erkaklarda ham tug‘uruqdan keyingi depressiya uchraydimi?
Qisqa qilib javob berilsa, ha, bu holatni “tug‘ruqdan keyingi depressiya”dan ko‘ra “perinatal depressiya” deb atash to‘g‘riroq bo‘ladi. Chunki erkaklarda ham, ayollarda bo‘lgani kabi, depressiya alomatlari bola tug‘ilishidan oldin — sherigining homiladorlik davridayoq paydo bo‘ladi. “Perinatal” atamasi aynan tug‘uruqdan oldingi va keyingi davrni qamrab oladi.
To‘g‘ri, erkaklarga bunday tashxis qo‘yish amaliyotda kam uchraydi. Odatda ularga “depressiv epizod” tashxisi qo‘yiladi, xolos. Bunda oilada farzand kutilayotgani yoki yaqinda bola tug‘ilgani qayd etiladi.
Erkaklarda perinatal depressiya alohida hodisa sifatida tobora faol o‘rganilmoqda. Aynan shu ilmiy tadqiqotlar tufayli bunday holatda erkaklarga qanday yordam berish mumkinligi haqida aniqroq tushunchaga ega bo‘lyapmiz.
Depressiyaning rivojlanishiga nimalar ta’sir qiladi?

Mutaxassislar biopsixosotsial modelga tayanishni taklif qiladi. Bu modelga ko‘ra, depressiya biologik, psixologik va ijtimoiy omillar yig‘indisi oqibatida rivojlanadi.
Biologik omillar qatoriga bola tug‘ilgandan keyingi uyqusizlik va ovqatlanish rejimining buzilishi kiradi. Bu omillar insonning umumiy jismoniy holatiga ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, empatik erkaklar sherigining holatiga moslashib boradi.
Psixologik omillar esa, avvalo, bola tug‘ilgach, er-xotin munosabatlarining muqarrar o‘zgarishi bilan bog‘liq. Diqqat markazi asosan chaqaloqqa qaratiladi, bir-biriga bo‘lgan e’tibor esa obyektiv sabablarga ko‘ra kamayadi. Ba’zan bu jarayon bir tomonlama ham kechishi mumkin.

Shuningdek, farzand dunyoga kelishi erkakning o‘z bolaligiga oid xotiralarni uyg‘otishi ehtimoli bor. Bu uzoq vaqt ong ostida bostirilgan yoqimsiz yoki hatto og‘riqli xotiralarning yuzaga chiqishiga, ota-onalar bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishga majbur qiladi. Natijada inson o‘z bolaligi haqidagi “hikoyani” qayta yig‘ishga urinadi. Bu jarayon ba’zilarda ruhiy jihatdan juda og‘ir kechishi mumkin.
Ijtimoiy omillar orasida esa oilani moliyaviy ta’minlash mas’uliyati alohida o‘rin tutadi. Agar bola parvarishi asosan turmush o‘rtog‘i zimmasida bo‘lsa, erkak o‘zini oilaning yagona ta’minotchisi sifatida his qiladi. Bu esa “yetarlicha yaxshi ota bo‘la olmaslik” qo‘rquvini va kuchli xavotirni yuzaga keltiradi.
Ko‘pincha erkaklar bolasiga ko‘proq vaqt ajratishni xohlaydi, biroq bir vaqtning o‘zida ishlash majburiyati ham mavjud bo‘ladi. Ushbu ikki muhim rolni uyg‘unlashtira olmaslik aybdorlik hissini kuchaytiradi. Ishni yo‘qotish yoki yetarli daromad topa olmaslik xavfi esa doimiy stress va xavotirni keltirib chiqaradi. Bularning barchasi depressiya rivojlanish xavfini oshiradi.
Yana bir muhim jihat: agar erkak ayoli homilador bo‘lishidan oldin ham yuqori darajadagi xavotir, depressiya yoki boshqa ruhiy kasalliklarni boshdan kechirgan bo‘lsa, bola tug‘ilishi bilan bog‘liq depressiyaning rivojlanish xavfi taxminan yetti baravar oshadi.
Erkaklarda perinatal depressiya qanchalik tez-tez uchraydi?

Mutaxassislarning baholashicha, depressiya alomatlari yosh otalarning 10 foizida kuzatiladi. Ammo klinik jihatdan tasdiqlangan holatlar haqida gapirilsa, bu ko‘rsatkich 3–5 foiz atrofida bo‘ladi. Tarqalish darajasi mamlakatlarga qarab farq qiladi.
Shu bilan birga, yosh otalarning taxminan 3 foizi o‘z joniga qasd qilish haqidagi fikrlarga ham boradi, yana 4 foizi esa o‘ziga zarar yetkazish haqida jiddiy o‘ylaydi.
Bu holat farzandlarga qanday ta’sir qiladi?
Bola hayotining dastlabki oylarida bo‘layotgan voqealarni ongli ravishda tushunmasa-da, u atrofdagi muhitni yaxshi his qiladi. Ota-onadagi har qanday ruhiy nosog‘lomlik bolaga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.
Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, perinatal depressiya ota va bola o‘rtasida yaqin aloqaning shakllanishiga to‘sqinlik qiladi. Depressiyaga chalingan otalar farzandlari bilan kamroq gaplashadi, ularga deyarli kitob o‘qib bermaydi, o‘ynamaydi va sayrga chiqmaydi. Bundan tashqari, bunday erkaklar boshqa otalarga qaraganda bolalariga to‘rt baravar ko‘proq jismoniy jazo qo‘llashadi. Ko‘pincha bu o‘zlari bolalikda ko‘rgan ssenariyning takrorlanishi bo‘ladi.

Agar tug‘uruqdan keyingi depressiya ota va onada bir vaqtda rivojlansa, vaziyat yanada murakkablashadi. Bu holat bola parvarishi va u bilan sog‘lom munosabat o‘rnatishni yanada qiyinlashtiradi.
Bundan tashqari, agar otada depressiya bo‘lsa, bolada nutq rivojlanishi sekinlashadi va unda kelajakda ruhiy kasalliklar, jumladan depressiya rivojlanish xavfi yuqori bo‘ladi. Bu yerda genetik omil ham muhim rol o‘ynaydi. Shu sababli professional yordamga imkon qadar erta murojaat qilish nihoyatda muhim.
Agar yordam kerak bo‘lsa, nima qilish lozim?
Javob oddiy: psixiatrga murojaat qilish kerak. Mutaxassis vaziyatga qarab antidepressantlar, psixoterapiya yoki ularning kombinatsiyasini tavsiya qilishi mumkin.
Albatta, muammoni tan olishning o‘zi ham qiyin: chunki bu uni hal qilish uchun qo‘shimcha kuch va resurs talab etiladi. Shunga qaramay, buni bajarish zarur.
Depressiyaning oldini olish mumkinmi?

Xavflarni kamaytirish mumkin, ammo buni aniq tasdiqlovchi yetarli tadqiqotlar hozircha mavjud emas. Bola tug‘ilishidan oldin juftliklar barcha yirik, hal etilmagan nizolarni muhokama qilib olishi va maishiy vazifalarni adolatli taqsimlab, bir kelishuvga kelishi tavsiya qiladi.
Nazariy jihatdan, boshqa otalar bilan muloqot qilish ham foydali bo‘lishi mumkin. Ammo bu muloqot tenglik asosida bo‘lishi, ya’ni hech kim boshqasiga aql o‘rgatmasligi va uning tajribasini kamsitmasligi muhim.
Bola tug‘ilgandan keyingi dastlabki yillarda deyarli barcha ota-onalar tez-tez charchaydi. Shu sababli eng avvalo ota-ona o‘zining jismoniy holatiga e’tibor berishi muhim. Albatta, yosh ota-onalar uchun mukammal kun tartibini saqlash oson emas, lekin imkoni bor. Masalan, bola uxlayotgan paytda idish-tovoq yuvish yoki telefon ko‘rish o‘rniga, imkon bo‘lsa, uxlab olish yaxshiroq.

