
Manba: Alamy
B12 vitamini organizm uchun muhim moddalardan biri bo‘lib, u umumiy sog‘liq bilan birga yaxshi kayfiyat va kuch-quvvatga to‘la bo‘lishda ham muhim dir. Ushbu vitamin energiya ishlab chiqarish, asab tizimi faoliyati va ovqat hazm qilish tizimining to‘g‘ri ishlashi uchun zarur. B12 vitamini organizmda bir qator muhim jarayonlarda ishtirok etadi va uning yetishmovchiligi turli noxush holatlarga olib kelishi mumkin.
— Manba: «Daryo» nashri.
B12 vitamini organizmda qanday vazifalarni bajaradi?
B12 quyidagi funksiyalar uchun javobgar:
• hujayralarga kislorod yetkazib beruvchi eritrotsitlar hosil bo‘lishida ishtirok etadi;
• uglevodlar, oqsillar va yog‘larni qayta ishlash jarayoniga yordam beradi;
• nerv tolalarining shakllanishida muhim rol o‘ynaydi.
Tadqiqotlar B12 vitaminini yetarli miqdorda iste’mol qilish depressiya xavfini kamaytirishi va kayfiyat o‘zgarishlarini yengillashtirishga yordam berishini ko‘rsatgan. Aksincha, ushbu vitamin yetishmasa, surunkali charchoq, loqaydlik va tushkunlik kuzatilishi mumkin.

Bundan tashqari, B12 vitamini kayfiyat uchun mas’ul bo‘lgan serotonin va dofamin kabi moddalarni ishlab chiqarilishida ham ishtirok etadi.
Ovqat hazm qilish tizimida ham bu vitamin muhim ahamiyatga ega: u ozuqa moddalarini parchalanishiga yordam beradi hamda oshqozon va ichak shilliq qavatining sog‘lom bo‘lishini ta’minlaydu. Shuningdek, gastrit yoki shilliq qavat atrofiyasi kabi kasalliklar mavjud bo‘lsa, B12 ning so‘rilishi buzilishi mumkin.
B12 vitamini qaysi mahsulotlarda mavjud?
B12 vitamini asosan hayvonot mahsulotlarida uchraydi. Uning asosiy manbalari quyidagilar:
• baliq, ayniqsa tunets va losos;
• sut mahsulotlari va tuxum — sut, pishloq, tvorog;
• mol jigari — B12 ga eng boy mahsulotlardan biri.
Ushbu mahsulotlar ratsionda mavjud bo‘lsa ham, ayrim holatlarda vitamin yetishmovchiligi yuzaga kelishi mumkin. Spirtli ichimliklarni ko‘p iste’mol qilish, shakar va tez hazm bo‘ladigan uglevodlarning ortiqcha bo‘lishi, oziq-ovqatlarning sanoat usulida qayta ishlanishi va uzoq muddat saqlanishi mahsulotlardagi B12 miqdorini kamaytiradi.
B12 yetishmovchiligini qanday aniqlash mumkin?

B12 yetishmovchiligining dastlabki belgilarini payqash qiyin, chunki ular asta-sekin rivojlanadi:
• doimiy charchoq va holsizlik;
• bosh aylanishi va nafas qisishi;
• xotira va diqqatni jamlash bilan bog‘liq muammolar;
• asabiylashish va xavotir;
• ovqat hazm qilish buzilishlari (gastrit, kolit, ishtaha yo‘qolishi);
• immunitetning pasayishi.
Xavf guruhiga vegetarianlar va veganlar, shuningdek, yoshi katta insonlar, oshqozon-ichak kasalliklari mavjud bo‘lganlar va ayrim dori vositalarini (masalan, gormonal kontratseptivlar) qabul qiluvchilar kiradi.
B12 yetishmovchiligi keng tarqalgan bo‘lib, u anemiya, charchoq va diqqat bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkin.
B12 yetishmovchiligini qanday to‘ldirish mumkin?
Agar organizmda B12 darajasi pasaygan bo‘lsa, uni to‘ldirishning to‘g‘ri usulini tanlash muhim. Og‘ir yetishmovchilik holatlarida shifokor B12 inyeksiyalarini yoki oziq-ovqat qo‘shimchalarini tavsiya qilishi mumkin.
Biroq qo‘shimchalarni mustaqil ravishda qabul qilishdan oldin mutaxassis bilan maslahatlashish lozim, chunki B12 ni uzoq vaqt davomida yuqori dozada qabul qilish uning ortiqcha to‘planishiga olib keladi. Bu esa jigar va buyraklarga yuklama berishi mumkin.
Shu sababli, B12 vitamini darajasini nazorat qilish va uni me’yorida saqlash sog‘lom turmush tarzining muhim qismidir.

