Tobora koʻproq mutaxassislar ish faoliyatida sunʼiy intellekt vositalaridan foydalana boshlagani sayin, xavotir ham ortib bormoqda: professionallar koʻp yillik oʻqish va amaliyot davomida egallagan bilim koʻnikmalarini yoʻqotib qoʻyishlari mumkinmi?
Manba: «Mail.ru Hi-Tech».

Yangiliklar muallifi

Amerikalik tibbiyot xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan yaqindagi soʻrovnomaga koʻra, 70% hamshiralar va 77% shifokorlar SI tizimlariga haddan tashqari qaram boʻlib qolish oqibatida oʻz kompetensiyalarini yoʻqotishdan qoʻrqishadi. Va bu qoʻrquvlar asosli boʻlishi mumkin.
Endoskopiya sohasiga ixtisoslashgan polshalik shifokorlar ustida olib borilgan tadqiqot SI vositalari inson qobiliyatlariga qanchalik tez putur yetkazishi mumkinligini yaqqol koʻrsatdi. Barcha ishtirokchilar oʻz faoliyati davomida kamida 2000 ta kolonoskopiya oʻtkazgan boʻlib, shundan soʻng endoskopik tasvirlarni real vaqt rejimida tahlil qiladigan va saratondan oldingi oʻsmalarni — adenomalarni aniqlaydigan SI tizimidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishdi. Tizim shifokorlar uchun faqat maʼlum kunlarda ochiq edi.
Natijalar tashvishli boʻlib chiqdi: SI joriy etilishidan uch oy oldin shifokorlar kolonoskopiyalarning 28,4 foizida mustaqil ravishda kamida bitta adenoma aniqlashgan. Tizimdan foydalanish boshlanganidan keyin esa, SI yordamisiz oʻtkazilgan tekshiruvlarda aniqlash koʻrsatkichi 22,4 foizgacha tushib ketdi. Bu shuni anglatadiki, hatto yuqori malakali mutaxassislar ham SIga qaramlik ortib borishi bilan asosiy vazifalarni yomonroq bajarishi mumkin.

«Bunday vositalardan doimiy foydalanish klinisistlarning motivatsiyasi kamayishiga, SI yordamisiz kognitiv qarorlar qabul qilishda diqqatni kamroq jamlashiga va masʼuliyatni kamroq his qilishiga olib kelishi mumkin», — deya taʼkidlaydi tadqiqot mualliflari. Ish hammuallifi, Oslo universiteti ilmiy xodimi Yuichi Mori shuni taʼkidlaydi: «Hozirgi vaqtda malakasizlanishga (de-kvalifikatsiyaga) qarshi biror bir samarali yechim mavjud emas. Ammo keyingi oʻn yillikda koʻplab tadqiqotlar aynan uning izlanishiga bagʻishlanadi».
Kompyuter fanlari ham bu muammodan chetda qolmadi. Anthropic kompaniyasi mutaxassislari 52 nafar dasturchi ishtirokida randomizatsiyalangan nazorat ostidagi tadqiqot oʻtkazdilar va ularga kodlash boʻyicha asosiy vazifani bajarishni taklif qilishdi. Ishtirokchilarning yarmi SI-assistentidan foydalandi. Topshiriq bajarilgandan soʻng, barcha muhandislar materialni oʻzlashtirganlik boʻyicha testdan oʻtdilar. SIʼdan foydalangan guruh ancha yomon natija koʻrsatdi: oʻrtacha ball SIʼsiz guruhdagi 67% ga qarshi 50% ni tashkil etdi.
«Samoradorlik va oʻrganish oʻrtasida qoʻrqinchli tafovut oʻsib bormoqda, — deydi Sirakuza universiteti axborot fanlari mutaxassisi Kevin Krauston. — Odamlar koʻnikmalarni mohiyatan SIʼdan “arzga olib”, ancha yuqori darajada ishlashlari mumkin, lekin ayni paytda bu koʻnikmalarni oʻzlarida rivojlantirmaydilar».

Xanken iqtisodiyot maktabidan Tapani Rinta-Kahila taʼkidlashicha, generativ SI — «uzoq vaqt davomida faqat insonga xos koʻnikmalar deb hisoblangan turli kognitiv fikrlash va talqin qilish qobiliyatlarini avtomatlashtiradigan birinchi texnologiyadir». Koʻnikmalarning yemirilishini oldini olish uchun odamlar SIga qanchalik kuchli tayanayotganlarini anglashlari va uning natijalariga tanqidiy munosabatda boʻlishni saqlab qolishlari kerak. Aks holda, tez orada dunyo SI bilan ishlashni biladigan, ammo usiz ishlashni mutlaqo bilmaydigan mutaxassislar avlodiga ega boʻlish xavfi ostida qoladi.
Avvalroq olimlar AI biz uni tushunishimizdan koʻra tezroq rivojlanayotganini aniqlashgan edi.
