Bu summa Yerdagi barcha pul massasi hajmidan bir necha baravar ko‘p.
Manba: «Mail.ru Hi-Tech».

Hi-Tech Mail muharriri

Kasodga uchragan «Gugl» MChJni nazorat qilgan shaxslarning potentsial javobgarlik miqdori 91,5 kvintillion rubldan oshishi mumkin. Bu haqda «RIA Novosti»ga kompaniyaning Rossiyadagi tuzilmasi bankrotlik bo‘yicha boshqaruvchisi Valeriy Talyarovskiy ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘rsatilgan summaga reyestrga kiritilgan kreditorlarning talablari ham, kompaniyaning joriy majburiyatlari ham kiradi. Talyarovskiyning bayonoti Moskva Arbitraj sudining majlisidan so‘ng yangradi, unda «Gugl» MChJning sobiq nazorat qiluvchi shaxslarini tashkilot qarzlari bo‘yicha subsidiar javobgarlikka tortish masalasi ko‘rib chiqilgan edi. Ishni ko‘rib chiqish oktyabr oyigacha qoldirildi.
Talyarovskiy Google’ning bir nechta tuzilmalarini javobgarlikka tortishni so‘ramoqda. Gap Google International LLC, Google LLC va Google Ireland Limited kompaniyalari haqida bormoqda. Bundan tashqari, javobgarlar ro‘yxatiga kompaniyaning Rossiyadagi bo‘linmasining sobiq rahbarlari kiritilgan. Xususan, ariza «Gugl» MChJ sobiq bosh direktorlari Devid Munro Sneddon va Dasaro Biondo Karlo Salvatore Maria, shuningdek sobiq boshqaruvchi direktorlar Yuliya Solovyova va Yuliya Ramazonovaga tegishli.
Subsidiar javobgarlik, agar tashkilot faoliyatini nazorat qilgan shaxslarning harakatlari yoki qarorlari kreditorlar oldidagi majburiyatlarni bajarish imkonsizligiga olib kelgani isbotlansa, tashkilot qarzlarini ushbu shaxslardan undirish imkoniyatini nazarda tutadi.
Kvintillion bir va 18 ta noldan iborat sondir. Tegishlicha, 91,5 kvintillion rubl 91 500 000 000 000 000 000 ko‘rinishida bo‘ladi. Bu summa Rossiyaning 2025-yildagi YaIM hajmidan 427,5 ming baravar ko‘p va jahon pul massasidan bir necha baravar ko‘pdir.
