O‘zbekistonda yurak klapanini almashtirmasdan davolashga yordam beruvchi implant yaratildi

Manba: Getty Images

O‘zbekistonda yurak klapanini almashtirish o‘rniga uni rekonstruksiya qilib saqlab qolishga yordam beruvchi mahalliy implant yaratildi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish agentligi xabar berdi.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Implant akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy xirurgiya markazi katta ilmiy xodimi Feruz Turayev boshchiligidagi ilmiy jamoa tomonidan ishlab chiqilgan.

“Flexible BAND” nomli yurak klapani atrofidagi halqani mustahkamlab, uning faoliyatini tiklashga yordam beradi. Natijada ayrim holatlarda shikastlangan klapanni to‘liq almashtirish o‘rniga bemorning o‘z klapanini saqlab qolish va jarrohlik yo‘li bilan tiklash mumkin bo‘ladi.

Implantning birinchi partiyasi ishlab chiqarilib, klinik amaliyotga joriy etilgan. Hozirga qadar ushbu texnologiya yordamida 100 dan ortiq bemorda yurak klapanini saqlab qolishga qaratilgan rekonstruktiv operatsiyalar o‘tkazilgan.

“Texnologiya Andijon, Farg‘ona, Jizzax va Xorazm viloyatlaridagi kardiologiya markazlarida ham qo‘llanilmoqda”, deyiladi xabarda.

Loyiha rahbari Feruz Turayevning aytishicha, ilgari bunday operatsiyalarda qo‘llanadigan tayanch halqalar va implantlarning aksariyati AQSH va Rossiyadan olib kelingan. Ushbu implant xorijiy analoglardan arzonligi hamda O‘zbekistondagi tibbiy amaliyot sharoitlariga moslashtirilgani bilan farq qiladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mahalliy implantdan foydalanish xorijiy protez va halqalarni xarid qilish uchun sarflanadigan mablag‘larni 3–5 barobarga kamaytirish imkonini bergan.

Loyiha doirasida mitral klapan plastikasida sun’iy qon aylanishini amalga oshirish protokoli ham takomillashtirilgan hamda operatsiya vaqtida anesteziologik yondashuvlarni optimallashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.

Avvalroq o‘zbekistonlik olimlar havo va suvni tozalashga mo‘ljallangan o‘ta yengil material yaratgani xabar qilingandi. Fanlar akademiyasi olimlari ishlab chiqqan aerogel havodagi zararli gazlar hamda suvdagi ifloslantiruvchi moddalarni yutish xususiyatiga ega.

author info

Umidjon Mamarasulov

От qwert.uz