O‘zbekistondan Janubiy Koreyaga uchib ketayotgan samolyotda yo‘lovchi ayolning ahvoli keskin yomonlashdi. Bortda boshqa shifokorlar ham bo‘lishiga qaramay, yordamga shoshilgan o‘zbekistonlik shifokor Hasan Komilov bo‘ldi. “O‘zimni kechira olmasdim”, deydi shifokor o‘sha lahzalarni eslar ekan. “Daryo” muxbiri bilan suhbatda Hasan Komilov samolyot bortida kechgan keskin daqiqalar haqida so‘zlab berdi.
— Манба: «Daryo» нашри.

O‘zbekistondan Janubiy Koreyaga uchib ketayotgan samolyotda yo‘lovchi ayolning ahvoli keskin yomonlashdi. Bortda boshqa shifokorlar ham bo‘lishiga qaramay, yordamga shoshilgan o‘zbekistonlik shifokor Hasan Komilov bo‘ldi.
U hushsiz, tanasi ko‘kargan, og‘ir ahvoldagi ayolga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatib, uning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Shifokorning bu harakati Koreya ommaviy axborot vositalarida ham e’tirof etilib, unga “Oltin qo‘l” deya ta’rif berildi..
“Ertaga o‘zimni kechira olmasdim”, deydi shifokor o‘sha lahzalarni eslar ekan. Uning uchun bu shunchaki kasbiy burch emas, balki vijdon amri edi. “Daryo” muxbiri bilan suhbatda Hasan Komilov samolyot bortida kechgan keskin daqiqalar haqida so‘zlab berdi.https://www.youtube-nocookie.com/embed/XR1n6hX33Sw
“Joy tor, ishlash sharoiti qiyin edi”
Hasan Komilovning aytishicha, u hamkasblari bilan Toshkentdan Seulga uchib ketayotganida samolyotda shifokor yordami kerakligi haqida favqulodda e’lon qilingan. U o‘rnidan turib, yordamga muhtoj yo‘lovchining oldiga borganida ayol hushsiz, tanasi ko‘kargan va juda og‘ir ahvolda bo‘lgan.
“Zudlik bilan tez tibbiy yordam ko‘rsatishni boshladim. Men doim o‘zim bilan favqulodda vaziyatlarda kerak bo‘ladigan dori-darmonlar va tibbiy asboblarni olib yuraman. Ularning orasida tonometr va fonendoskop ham bor. Tekshirib ko‘rsam, bemorning qon bosimi ham, pulsi ham yo‘q. Ahvoli juda og‘ir edi”, deydi shifokor.
Bemorning ahvoli og‘irlashgani sababli samolyotni yaqinroq aeroportga favqulodda qo‘ndirish masalasi ham ko‘tarilgan. Biroq Hasan Komilov tibbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirishga qaror qilgan.
“Men shoshilmaslikni, harakat qilib ko‘rishni aytdim. Samolyot qo‘nguncha o‘z ishimni bajarishga harakat qildim. Atrofdagilarning hammasi bizga qarab turgan edi. Joy tor, ishlash sharoiti qiyin edi. Shunga qaramay, bemorni hayotga qaytarish uchun qo‘limizdan kelgancha harakat qildik”, deya eslaydi u.

15 daqiqalik kurash
Shifokorning ta’kidlashicha, bemor hushsiz holatda bo‘lgan va dastlab tibbiy yordamga javob qaytarmagan. Uning fikricha, bemorda shok holati hamda yurak va o‘pka faoliyati bilan bog‘liq jiddiy muammolar kuzatilgan bo‘lishi mumkin. Biroq bunday vaziyatda to‘liq tekshiruvsiz aniq tashxis qo‘yish murakkab edi.
“Bu yerda birinchi navbatda qon bosimi va pulsga e’tibor qaratish kerak edi. Agar qon bosimini ko‘tarishning imkoni bo‘lmasa, bemorni besh-o‘n daqiqa ichida yo‘qotib qo‘yishimiz mumkin edi”, deydi u.
Hasan Komilovning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki 15 daqiqalik shoshilinch tibbiy yordamdan keyin ayolning nafas olishi tiklana boshlagan, teri rangi o‘zgargan va pulsi tiklangan. Shundan so‘ng shifokor bort kuzatuvchilariga samolyot parvozni davom ettirishi mumkinligini bildirgan.
Biroq shifokor yordami shu bilan tugamadi. Bemorning ahvoli qayta yomonlashi mumkinligini hisobga olib, shifokor uni yana bir soat davomida kuzatgan, har 10–15 daqiqada ahvolini tekshirib, qon bosimini nazorat qilgan.
“U kimningdir singlisi, kimningdir opasi. Men unga o‘z qarindoshimdek munosabatda bo‘ldim. Bor bilim va tajribamni ishga solib, qo‘limdan kelgancha hayotini saqlab qolishga harakat qildim”, deydi Hasan Komilov.

“Mening emas, bemorning hayoti muhimroq edi”.
Voqeadan keyin ayrim koreyalik yo‘lovchilar Hasan Komilovga bemor vafot etgan taqdirda, unga yordam ko‘rsatgan shifokor huquqiy muammolarga duch kelishi mumkinligini aytishgan.
Hasan Komilov esa bemorga yordam berish qarorini qabul qilayotganida bunday ehtimollar haqida o‘ylamaganini aytadi.
“Men bu narsadan xabardor edim. Lekin o‘sha paytda ko‘z oldimga boshqa narsa keldi: insoniylik, shifokorlik qasamyodim. Bu yerda mening hayotim emas, ko‘z oldimda turgan insonning hayoti muhimroq edi. Maqsadim bemorni qutqarib qolish edi”, deydi u.
Shifokorning aytishicha, samolyot bortida boshqa shifokorlar ham bo‘lgan. Faqat Hasan Komilovgina bemorga yordam berishdan chekinmagan. Uning fikricha, agar o‘sha paytda yordamga shoshilmay, hech narsani ko‘rmagandek o‘tirganida, keyinchalik o‘zini kechira olmasdi.
“Agar men ham boshqalar kabi o‘zimni uxlayotganga solib, yordam bermaganimda, ertaga o‘zimni kechira olmasdim. Hech kim mening shifokor ekanimni bilmasligi mumkin edi. Lekin vijdonim bunga yo‘l qo‘ymadi. Bu ish qanday yakunlanishini bilmasam-da, nima bo‘lishidan qat’i nazar, hammasiga tayyor edim”, deydi Hasan Komilov.

“Qahramondek kutib olishdi”
Hasan Komilov ayni paytda Janubiy Koreyadagi Chonbuk universitetida ortopediya klinikasi xodimlari bilan birga malaka oshirmoqda. Uning aytishicha, samolyotda yuz bergan voqea haqidagi xabarlar koreyalik yo‘lovchilar orqali keng tarqalgan va Hasan Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalari e’tiboriga tushgan.
“Ertasi kuni shifoxonaga kelsam, hamma meni qarsaklar bilan kutib oldi. Xuddi Koreya qahramonidek. Bu holat ularni juda ta’sirlantirgan ekan. Chunki o‘z yurtidan uzoqda bo‘lgan o‘zbekistonlik shifokorning bemorga yordam berishi ular uchun kutilmagan voqea bo‘lgan”, deydi u.
Shifokor bir nechta koreyalik telekanal vakillari ham intervyu olganini gapirib berdi.
Hasan Komilov “Daryo.uz” orqali yosh shifokorlarni o‘z ustida muntazam ishlashga va nazariy bilimlar bilan birga amaliy ko‘nikmalarni ham rivojlantirishga chaqirdi.
“Yoshlarimiz, shifokor bo‘lishni maqsad qilgan va amaliyot o‘tayotgan mutaxassislar o‘z ustida ko‘proq ishlashi kerak. Nafaqat nazariyani, balki amaliyotni ham yaxshi bilish, bemorlar bilan muloqot qilish va o‘z kasbining ustasi bo‘lish uchun sidqidildan harakat qilish zarur. Eng muhimi, inson hayotini birinchi o‘ringa qo‘yish kerak”, deydi u.
Samolyot bortidagi insoniylik voqeasi esa shifokorlik faqat kasbiy bilim va ko‘nikmalardan iborat emasligini yana bir bor ko‘rsatdi. Ba’zan inson hayotini saqlab qolish uchun murakkab vaziyatda tez qaror qabul qilish, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish va vijdon amriga quloq tutish ham talab etiladi.
