Har kuni bir qoshiq asal iste’mol qilinsa, tanada qanday o‘zgarishlar sodir bo‘ladi?

Manba: Alamy

Kundalik ratsionda asalning o‘rni hamisha qizg‘in muhokama qilinadigan mavzulardan biri bo‘lib kelgan. Kimdir uni hamma dardga davo deb bilsa, boshqalar uni shunchaki shakarning bir turi deb hisoblaydi. Aslida esa asalning organizm uchun foydasi ilmiy jihatdan isbotlangan, biroq foyda qancha va qay tarzda iste’mol qilinishiga bog‘liq. Keling, quyida tabiat in’om etgan ne’matning biz bilmagan sirli xususiyatlarini birgalikda o‘rganamiz.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Kunlik me’yor qancha?

Foydali jihatlarga o‘tishdan oldin, asosiy qoidani bilib olish lozim. Parhezshunos Loren Manakerning ta’kidlashicha, kuniga bir-ikki choy qoshiq (taxminan 5-10 gramm) asal iste’mol qilish ham xavfsiz, ham foydalidir. Bunday miqdor organizmni ortiqcha shakar bilan yuklamay, uni yetarli darajadagi antioksidantlar bilan ta’minlaydi. Me’yordan oshib ketish esa kutilgan natijani bermasligi mumkin.

Yallig‘lanishga qarshi

Foto: The Day

Asal tarkibida polifenollar va flavonoidlar kabi o‘simlik antioksidantlari mavjud. Bu moddalar organizmdagi hujayralarni yemiruvchi erkin radikallarga qarshi kurashadi va oksidlanish stressini kamaytiradi. Asaldagi bu birikmalar xuddi zaytun yog‘i, rezavor mevalar va qora shokolad kabi yallig‘lanishga qarshi eng kuchli mahsulotlar bilan bir safda turadi.

Shunisi qiziqki, asalning rangi qanchalik to‘q bo‘lsa, uning shifobaxsh xususiyati shunchalik yuqori bo‘ladi. Masalan, grechixa asali o‘zining to‘q rangi va o‘ziga xos ta’mi bilan antioksidantlarga eng boy navlardan biri hisoblanadi.

Qondagi qand miqdoriga ta’siri

Garchi shirin bo‘lsa-da, asal oddiy shakarga qaraganda qondagi glyukoza darajasiga ancha yumshoqroq ta’sir qiladi. Uning glikemik indeksi (50-60 atrofida) rafinatsiyalangan shakarnikidan sezilarli darajada past. Buning siri uning tarkibida: asal 34% glyukoza, 39% fruktoza hamda yallig‘lanishga qarshi moddalardan tashkil topgan. Bunday muvozanat organizmda keskin qand oshishining oldini oladi.

Kundalik shakarni asalga almashtirish orqali hatto qandli diabet bilan og‘rigan odamlarda ham insulinga sezuvchanlikni yaxshilashi mumkin. Bu albatta dori-darmondan voz kechish degani emas, lekin choydagi shakardan voz kechib, bir qoshiq asalga o‘tish uchun juda foydalidir.

Ichak salomatligi

Foto: Alamy

Asal — bu tabiiy prebiotik. U ichaklardagi foydali bakteriyalar uchun ajoyib ozuqa muhitini yaratadi. Bu borada, ayniqsa, issiqlik ishlovi berilmagan, ya’ni xom asal juda qadrlidir. Chunki yuqori haroratda asaldagi foydali fermentlar va biofaol moddalar parchalanib ketadi.

Yo‘talni to‘xtatish va jarohatlarni bitkazish

Bu asalning eng mashhur xususiyatidir. Yo‘talganda u tomoq shilliq qavatini yumshoq qoplab oladi va tomoq qichishishini to‘xtatadi. Asalning yo‘talga qarshi kuchi klinik sinovlarda tasdiqlangan va bolalar uchun dorilarga qaraganda xavfsizroq muqobildir.

Bundan tashqari, agar tanada kichik yaralar yoki kuyishlar bo‘lsa, asal ularning ustiga surtilganda bakteriyalarni o‘ldiradi va namlikni saqlab, jarohatning tezroq bitishiga yordam beradi.

Tabiiy energiya manbai

Foto: Alamy

Asal beradigan quvvat shakar yoki kofein beradigan energiyadan tubdan farq qiladi. Tarkibidagi glyukoza tezda qonga o‘tib quvvat bersa, fruktoza sekinroq hazm bo‘ladi va bir necha soat davomida energiya darajasini barqaror ushlab turadi.

Sportchilar uchun asal ajoyib tanlov: tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, uzoq davom etadigan mashg‘ulotlarda asal ish qobiliyatini saqlash bo‘yicha qimmatbaho energetik gellardan qolishmaydi va oshqozonga og‘irlik qilmaydi.

Ta’m va foyda uyg‘unligi

Yana bir kutilmagan jihati shundaki, asal mahsulotlarning foydasini kamaytirmagan holda ularning ta’mini yaxshilaydi. Masalan, foydali bo‘lgan, lekin ta’mi hamma uchun ham yoqmaydigan baliq, ko‘katlar yoki to‘liq donli bo‘tqalarni bir oz asal yordamida mazali taomga aylantirish mumkin.

author info

Sevara Soliyeva

От qwert.uz