Stomatologga borgunga qadar: chidab bo‘lmas tish og‘rig‘ini qoldiruvchi 7 ta xalqona usul

Manba: Freepik

Kariyes, tushib qolgan plomba yoki milkdagi shishlar ba’zan chidab bo‘lmas og‘riqlarni keltirib chiqaradi. Agar yoningizda og‘riq qoldiruvchi dorilar bo‘lmasa yoki ma’lum sabablarga ko‘ra dori ichish mumkin bo‘lmasa, shifokorga borgunga qadar holatni yengillashtirishning bir necha samarali yo‘llari bor.

 — Manba: «Daryo» nashri.

1. Chinnigul (gvozdika)

Foto: iStock

Bu ziravor qadimdan tish og‘rig‘iga qarshi qo‘llanib keladi. Buning siri uning tarkibidagi evgenol moddasidadir. U tabiiy og‘riq qoldiruvchi hisoblanadi. Chinnigul g‘unchasini biroz chaynab, efir yog‘ini chiqaring va og‘riyotgan tishingiz ustiga qo‘ying. Biroz vaqt o‘tgach, og‘riq kamayganini sezasiz.

2. Tuzli suv

Foto: iStock

Bir piyola iliq suvda eritilgan bir choy qoshiq tuz tish atrofidagi mikroblarni o‘ldiradigan va shishni qaytaradigan eng oddiy, ammo samarali vositadir. Og‘izni kamida 30 soniya davomida yaxshilab chaying. Bu muolajani shifokorga borgunga qadar xohlagancha takrorlashingiz mumkin.

3. Qora choy

Foto: iStock

Bir dona qora choy paketchasini qaynoq suvga botirib oling, so‘ng uni biroz sovitib, og‘riyotgan tish ustiga qo‘ying. Choy tarkibidagi ftor bakteriyalarga qarshi kurashsa, tanninlar milkdagi shish va og‘riqni kamaytirishga yordam beradi.

4. Vodorod peroksidi

Agar tish og‘rig‘i isitma yoki og‘izdan keladigan yoqimsiz ta’m bilan birga kelsa, bu infeksiya alomati bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda 3 foizli vodorod peroksidi yordam beradi. Avval og‘izni ushbu eritma bilan chaying (suyuqlikni albatta tupurib tashlang!), so‘ngra og‘iz bo‘shlig‘ini bir-ikki marta toza suv bilan yaxshilab chaying.

5. Muz

Foto: iStock

Qo‘lning bosh va ko‘rsatkich barmoqlari tutashgan joyidagi nuqtani muz bo‘lagi bilan massaj qilish tish og‘rig‘ini qoldirishga yordam beradi, chunki aynan shu nuqta orqali og‘riq signallari o‘tadi. Nevrologik yo‘llar bir vaqtning o‘zida faqat bitta signalni o‘tkaza olgani uchun, sovuqlik va ishqalanish hissi tishdagi og‘riq signalini bloklab qo‘yadi.

6. Sirka va murchli kompress

Foto: iStock

Miyani chalg‘itishning yana bir yo‘li isituvchi kompressdir. Kraft qog‘ozning kichik bo‘lagini sirka bilan namlang, bir tomoniga qora murch seping va o‘sha qismini yonog‘ingizning og‘riyotgan tomoniga qo‘ying. Bunday issiqlik effekti e’tiboringizni tishdagi og‘riqdan chalg‘itishga ko‘maklashadi.

7. Shakarsiz saqich

Foto: iStock

Agar plomba tushib ketgan bo‘lsa yoki tish sinsa, ochiq qolgan sezuvchan joyni yumshatilgan saqich bilan vaqtincha yopib turish mumkin. Ammo ehtiyot bo‘ling: saqich albatta shakarsiz bo‘lishi shart! Aks holda, tarkibidagi shakar ochiq qolgan tish kanaliga tushib, og‘riqni yanada kuchaytirib yuboradi.

Eslatma: Yuqorida keltirilgan usullar faqat vaqtinchalik chora hisoblanadi va muammoning sababini butkul davolamaydi. Og‘riq biroz pasayishi bilan, albatta, stomatologga murojaat qilishni kechiktirmang.

От qwert.uz