
Manba: Shutterstock
Bahor kelishi bilan ko‘pchilik charchoq, uyqusizlik, bezovtalik va tanada og‘irlikni his qiladi. Ba’zi odamlar buni vitamin ichib yengishga harakat qiladi, lekin mutaxassislar fikriga ko‘ra, charchoqning asosiy sababi ko‘pincha minerallar yetishmasligidadir.
— Manba: «Daryo» nashri.
Bahorda tabiat uyg‘onadi, ammo inson tanasi hali ham qishki ish ritmida qoladi va bahor bilan asta-sekin moslashadi. Qishda melatonin ko‘p ishlab chiqariladi, bu neyromediatorlar, moddalar almashinuvi va immunitet ishini sekinlashtiradi. Endi tizimlar qayta ishga tusha boshlaganda organizm qo‘shimcha resurslar, shu jumladan minerallarni talab qiladi.

Magniy — eng muhim mikroelement
Bahorda ko‘pchilik charchoqni magniy yetishmovchiligi bilan izohlaydi. Qishdan keyin odamlar odatdagidan kamroq ovqatlanadi va organizmdagi minerallar kamayadi. Charchoqdan shikoyat qilgan har ikkinchi kishida shifokorlar aynan magniy yetishmasligini qayd etadi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining 75 foizi magniy yetishmasligidan aziyat chekadi.
Magniy tanadagi 300 dan ortiq ferment jarayonlari uchun javob beradi. Shuningdek, u neyronlar faoliyatini tartibga soluvchi tabiiy tormoz vazifasini bajaradi. Agar magniy yetishmasa, odam stressga keskinroq javob beradi, yomonroq uxlaydi va hatto kichik shovqindan uyg‘onadi.

Shuning uchun magniy yetishmovchiligi yengil stress va jismoniy charchoqni keltirib chiqaradi. Magniyni grechka, qora shokolad, loviya, skumbriya va mintay balig‘i orqali olish mumkin.
Magniy va kaliy o‘zaro bog‘liqligi
Magniy yetishmovchiligi kaliy tanqisligiga ham sabab bo‘ladi, chunki magniysiz kaliy yaxshi so‘rilmaydi. Bahorda mushaklarning zaifligi va oyoqlarda uvishish hissi kaliy va natriyning yetishmasligi bilan bog‘liq. Natriy ortiqcha bo‘lsa, mushak hujayralarining elektrokimyoviy muvozanati buziladi va mushaklar yaxshi qisqarmaydi. Kaliyni ratsionga banan, ismaloq va avokado orqali kiritish mumkin.
Uyqu va bosh og‘rig‘iga qarshi temir moddasi

Har to‘rtinchi odam bahorda temir yetishmovchiligiga duch keladi, ayniqsa bu ayollarda ko‘p uchraydi. Temir yetishmovchiligi charchoq, diqqatni jamlay olmaslik va aqliy ish faoliyatining pasayishiga olib keladi.
Ko‘pchilik temir yetishmovchiligini kamqonlikdan deb o‘ylaydi, ammo charchoq va diqqat pasayishi anemiya boshlanishidan oldin ham seziladi. Ratsionga mol jigarini, tuxum sarig‘ini, go‘sht va baliq mahsulotlarini qo‘shish orqali temir tanqisligini to‘ldirish mumkin.
Rux moddasining o‘rni

Rux yetishmovchiligi ham organizmga salbiy ta’sir qiladi. Dunyoda har beshinchi odam rux yetishmasligidan aziyat chekadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, rux serotonin — “baxt gormoni” sintezi va metabolizmi uchun zarur bo‘lib, u miya xotira va hissiy fon uchun muhim sohalarni tartibga soladi. Agar rux yetishmasa, immunitet pasayadi, teri shikastlari sekin bitadi, ta’m va hid bilish qobiliyati pasayadi. Rux yetishmovchiligini ratsionga baliq, go‘sht, sut va pishloq mahsulotlari hamda donli bo‘tqalarni qo‘shish orqali bartaraf qilish mumkin.
Bahorda charchoqni kamaytirish va energiyani oshirish uchun magniy, kaliy, temir va rux yetarli miqdorda qabul qilinishi, ratsionni balansda ushlash va muntazam jismoniy faollik muhimdir. Ushbu mikroelementlar organizmning energiyasini oshiradi, mushak va nerv tizimini qo‘llab-quvvatlaydi, kayfiyatni ko‘taradi va charchoqni kamaytiradi.
