Mutaxassislar qashish terida yallig’lanish reaksiyasini to’g’ridan-to’g’ri keltirib chiqarishini isbotlashdi. Og’riq retseptorlari P substansiyasi orqali immun hujayralarini qanday faollashtirishi va nima uchun eng yaxshi strategiya — o’zini tiyish hamda qichishishga qarshi vositalar ekanligi haqida so’z yuritamiz.
Manba: «Mail.ru Hi-Tech».

Hi-Tech Mail muallifi

Har bir insonga bu azobli vasvasa tanish: hasharot chaqqan joyni qashiganda soniyalik rohat olasan, ammo buning evaziga yanada kuchliroq qichishish bilan haq to’laysan. Nima uchun bunday bo’ladi? Pittsburg universiteti tadqiqotchilari ushbu sirni ochib berishdi: ular qashish harakatining o’zi immun tizimi hujayralarini to’g’ridan-to’g’ri faollashtirib, yallig’lanish reaksiyasini ishga tushirishini isbotlashdi, deb yozadi Medical Xpress.
Dermatolog Daniel Kaplan boshchiligidagi mutaxassislar jamoasi qashish terida qo’shaloq zarbani faollashtirishini aniqlashdi. Ushbu hodisani o’rganish uchun olimlar sichqonlarga maxsus bo’yinbozlar — veterinariya «sharmandalik konusi» muqobilini kiydirishdi, bu hayvonlarning qichiydigan joyga yetib borishi va qashinishiga jismonan xalaqit berdi.
Eksperiment isbotladi: qashinishiga ruxsat berilgan sichqonlar, bunga imkoni bo’lmaganlariga qaraganda, ancha kuchliroq shish va yallig’lanishdan aziyat chekishdi. Natijalar mexanik ta’sir jarayonining o’zi teri reaksiyasini og’irlashtirishini tasdiqladi.
Bunda immun tizimining jangchilari bo’lgan semiz hujayralar (tuchniye kletki) asosiy rolni o’ynaydi. Inson qashinganida o’ziga yengil og’riq yetkazadi, buning natijasida og’riq asab tolalari kimyoviy messenjer — P substansiyasini ajratib chiqaradi. Ushbu molekula semiz hujayralarni to’g’ridan-to’g’ri faollashtirib, ularni gistamin va yallig’lanishning boshqa mediatorlarini ishlab chiqarishga majbur qiladi. Berk doira yuzaga keladi: qichishish qashishga undaydi, bu esa mikrojarohatlar va og’riqni keltirib chiqaradi, og’riq P substansiyasi orqali immun javobni ishga tushiradi, yakuniy yallig’lanish esa qichishishni yanada kuchaytiradi.

«Agar chivor chaqqan joyga e’tibor berilmasa, ko’pchilik odamlarda qichishish besh-o’n daqiqada o’tib ketadi. Ammo qashishni boshlasangiz, u joy bir hafta davomida sizga ‘do’st’ bo’lib qoladi», — deb tushuntirdi doktor Kaplan.
Olimlarni bir paradoks qiziqtirib qoldi: agar qashish shunchalik zararli bo’lsa, nima uchun evolyutsiya uni refleksga aylantirgan? Eksperiment kutilmagan javobni berdi. Tadqiqotchilar sichqonlarga oltinrang stafilokokkni yuqtirishdi va tajribani takrorlashdi. Ma’lum bo’lishicha, qashinishiga ruxsat berilgan hayvonlarning quloqlarida bakteriyalar darajasi pastroq bo’lgan.
Ehtimol, qashish natijasida kelib chiqadigan o’tkir yallig’lanish organizmga teri infeksiyalariga qarshi samaraliroq kurashishga yordam berar. Biroq, zamonaviy inson uchun bu nojo’ya ta’sir o’zini oqlash hisoblanmaydi. «Yakuniy xulosa shuki, qashish zararli. Qashishdan qochish kerak», — deya ta’kidladi tadqiqotchi.
Qichishishning «shafqatsiz doirasi»ni tushunish P substansiyasi va semiz hujayralar o’rtasidagi yo’lni bloklashga qaratilgan yangi dori vositalarini yaratishga yo’l ochadi. Hozircha esa kurashishning eng yaxshi usuli — o’zini tiyish yoki ayyorlik ishlatishdir. Simptomlarni yengillashtirish uchun shifokorlar qichishishga qarshi balzamlarni tavsiya qiladilar. Doktor Kaplan o’zining layfxaki bilan bo’lishadi: mentolli kremlar sovuqlik hissini yaratadi, retseptorlarni aldaydi va berk doirani uzish uchun vaqt beradi.
Avvalroq bir ishqiboz chivorlardan himoyalanish uchun elektr zirh yaratgan edi. Tafsilotlar — Hi-Tech Mail’ning boshqa materialida.
