Mali hukumati 27-oktyabrdan boshlab butun mamlakat bo‘ylab maktab va oliy o‘quv yurtlarida darslarni ikki haftaga to‘xtatdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Hukumatning 26-oktyabr kuni kechqurun bergan bayonotiga ko‘ra, bunga yonilg‘i taqchilligi sabab bo‘lgan. Mazkur tanqislikning ortida “Jama’at Nusrat al-Islam val-Muslimin” (JNIM) guruhi turgani aytilmoqda. “Al-Qoida” bilan aloqador bu jangarilar sentyabr oyi boshida mamlakatga yonilg‘i importini to‘suvchi blokada e’lon qilgandi. Ular o‘shandan beri yonilg‘i tashuvchi kolonnalarni nishonga olib, poytaxt Bamako tomon harakatlanayotgan tankerlarga hujum uyushtirmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, bu blokada jangarilar tomonidan harbiylar boshqaruvidagi hukumatga bosim o‘tkazish, mamlakat iqtisodiy hayotini izdan chiqarish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Oqibatda Bamako shahridagi ayrim yonilg‘i shoxobchalari yopilib, ko‘plab aholining mashinalari harakatsiz qolgan. Fuqarolar piyoda yurishga, mototsikl taksilarini qidirishga yoki uyda qolishga majbur bo‘lmoqda.

Maktablarning yopilishi haqidagi xabardan 2 kun oldin Rossiya Mali bilan aloqalarni kengaytirishini ma’lum qilgan. Ushbu hamkorlik doirasida, 160–200 ming tonna neft mahsulotlari va qishloq xo‘jaligi tovarlarini yetkazib berish ko‘zda tutilgan.

Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qilgan Aleksey Keulika yetkaziladigan mahsulotlar turi yoki ularning qachon yuborilishini ochiqlamagan. U, shuningdek, mamlakatda Rossiya ko‘magida qurilayotgan yangi oltin zavodi bo‘yicha direktorlar kengashi yig‘ilishi kelasi oyda o‘tkazilishini ma’lum qilgan.

От qwert.uz