Yuqori darajada qayta ishlangan yeguliklar nafaqat semirish va yurak xastaliklarini, balki miyadagi jiddiy o‘zgarishlarni ham keltirib chiqarishi aniqlandi. Tadqiqotchilar 8700 dan ortiq kishining ovqatlanish ratsioni va MRT tasvirlarini o‘rgandi.
— Манба: «Daryo» нашри.

Shokoladli pechenye, tez tayyorlanadigan lapsha yoki chipslar ko‘pchilikning kunlik taomnomasidan o‘rin olgan. Kanadada odamlar iste’mol qiladigan kaloriyaning deyarli yarmi, ya’ni 45,7 foizi chuqur qayta ishlangan mahsulotlarga to‘g‘ri keladi. Ularga tayyor nonushtalar hamda muzlatilgan taomlar ham kiradi. Olimlar qayta ishlangan mahsulotlar miya shikastlanishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Bunday mahsulotlar semirish, yurak kasalliklari hamda saraton xavfini oshirishi ilgariroq aniqlangandi. Makmaster universiteti professorlari o‘tkazgan yangi tadqiqot esa ularning miya faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishini ko‘rsatdi. Yuqori darajada qayta ishlangan oziq-ovqatlarni ko‘p iste’mol qilish insult, demensiya (aqli zaiflik) hamda xotira pasayishiga olib kelishi mumkin.
Miya to‘qimalariga yetkaziladigan zarar
Tadqiqotchi Rassell de Suza hamda doktor Sonya Anand 8700 nafardan ortiq kanadalikning taomnomasi va miya MRT suratlarini o‘rgandi. Ishtirokchilar to‘rtta guruhga bo‘lindi.
Eng yuqori ko‘rsatkichga ega guruh kunlik kaloriyaning 45 foizini chuqur qayta ishlangan mahsulotlardan olgani ma’lum bo‘ldi. Bu kuniga 16 porsiya taomga teng. Bunday yeguliklarni eng kam iste’mol qilgan guruh esa kunlik kaloriyasining 15 foizini, ya’ni bor-yo‘g‘i 3 porsiyasini shunday mahsulotlardan olgan.
Miya MRT natijalari o‘ta qayta ishlangan taomlarni ko‘p yegan guruhda yog‘ to‘planishi yuqori ekanini ko‘rsatdi. Organlar atrofidagi yog‘lar miyaga ta’sir qiluvchi yallig‘lanish oqsillarini ajratib chiqaradi.
Bundan tashqari, MRT alomatlarsiz o‘tadigan yashirin insultga o‘xshash o‘zgarishlarni ko‘rsatdi. Nevrolog Maykl Hillning aytishicha, bunday jarohatlar vaqt o‘tishi bilan yig‘ilib boradi va qon-tomir demensiyasini keltirib chiqaradi.
Mahsulotlarni to‘g‘ri tanlash zarur
Rassell de Suza barcha qayta ishlangan mahsulotlar ham zararli emasligini eslatib o‘tdi. Masalan, konservalangan loviya, muzlatilgan sabzavotlar yoki yogurtdan foyda bor.
Biroq NOVA tizimi bo‘yicha o‘ta chuqur ishlangan guruhga kiruvchi taomlarga tuz, shakar, yog‘ hamda sun’iy qo‘shimchalar ko‘p qo‘shiladi. Ularda kletchatka hamda vitaminlar kam bo‘ladi.
“Tez buziladigan taomlarni yeng, lekin buzilganini emas”, deydi doktor Maykl Hill.
Sonya Anandning fikricha, hammaning ham sifatli taom tayyorlashga vaqti va puli yetmaydi. Bu muammoni hal qilish uchun davlat aralashuvi zarur. Zararli mahsulotlar miqdorini kamaytirish hamda foydali oziq-ovqatlarni arzonroq qilish talab etiladi.
Masalan, Chilida shakari ko‘p bo‘lgan mahsulotlar qadoqlariga maxsus ogohlantiruvchi belgilar qo‘yish majburiydir. Bu bolalar semirishining oldini olishga yordam bermoqda. Olimlar endi bu tadqiqotning ikkinchi bosqichini o‘tkazib, taomnomani o‘zgartirish miya salomatligini tiklashga qanchalik yordam berishini o‘rganmoqchi.
Dilafruz Mirzayeva
Muallif xaqida: «Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan».

