So‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘simlik yog‘lari hayvon yog‘laridan, jumladan, sariyog‘dan ko‘ra zararliroq degan fikr keng tarqalmoqda. Biroq olimlarga ko‘ra, sariyog‘ni o‘simlik yog‘i bilan almashtirish erta o‘lim xavfini kamaytirish imkonini beradi.
— Манба: «Daryo» нашри.

Brigxem ayollar shifoxonasi doktori Yu Chjan o‘tkazgan tadqiqot avvalgi tadqiqotlardan ko‘lami va qo‘llangan usuli bilan farq qiladi. Olimlar yog‘larni iste’mol qilish bilan bog‘liq umumiy holatni o‘rganish bilan cheklanmay, sariyog‘ning bir qismini o‘simlik yog‘lariga almashtirish salomatlikka qanday ta’sir qilishini ham baholashgan. Bu esa ovqatlanishdagi muayyan o‘zgarishlarning ehtimoliy ta’sirini aniqlashga yordam bergan.
Sariyog‘ va o‘simlik yog‘lari o‘rtasidagi asosiy farq ularning tarkibidagi yog‘ turlaridadir. Sariyog‘ tarkibidagi yog‘larning taxminan 70 foizini to‘yingan yog‘lar tashkil etadi. Zaytun yog‘ida bu ko‘rsatkich 14 foiz, soya yog‘ida 16 foiz, raps yog‘ida esa atigi 7 foizni tashkil qiladi.
To‘yingan yog‘lar xona haroratida qattiq holatga keladi, o‘simlik yog‘larida ko‘proq uchraydigan to‘yinmagan yog‘lar esa suyuq holatda qoladi. To‘yingan yog‘larni ortiqcha iste’mol qilish qondagi zararli xolesterin miqdorini oshirib, yurak-qon tomir kasalliklari xavfini kuchaytirishi mumkin. O‘simlik yog‘laridagi to‘yinmagan yog‘lar esa to‘yingan yog‘lar o‘rnida iste’mol qilinganda xolesterin miqdorini yaxshilashga yordam beradi. Ayrim o‘simlik yog‘lari tarkibida hujayralarni zararlanishdan himoya qiluvchi E vitamini kabi antioksidantlar ham mavjud.

Tadqiqotda olimlar AQSHda o‘tkazilgan uchta yirik uzoq muddatli loyiha doirasida 30 yil davomida to‘plangan 221 mingdan ortiq kishining ma’lumotlarini tahlil qilishgan. Ishtirokchilar har to‘rt yilda bir marta ovqatlanish odatlari haqidagi so‘rovnomalarni to‘ldirib, sariyog‘ va o‘simlik yog‘larini qancha iste’mol qilishlarini ko‘rsatib borishgan. Tadqiqotchilar ushbu ma’lumotlarni ishtirokchilarning o‘lim sabablari bilan taqqoslab, ovqatlanish odatlari va o‘lim xavfi o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganishgan.
Natijalarga ko‘ra, sariyog‘ni eng ko‘p iste’mol qilganlarda uni eng kam iste’mol qilganlarga nisbatan erta o‘lim xavfi 15 foizga yuqori bo‘lgan. Aksincha, o‘simlik yog‘larini ko‘proq iste’mol qilganlarda bu yog‘larni kam iste’mol qilganlarga qaraganda o‘lim xavfi 16 foizga past ekani aniqlangan.
Ayniqsa, sariyog‘ni o‘simlik yog‘i bilan almashtirish natijalari e’tiborga molik bo‘lgan. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, kuniga 10 gramm sariyog‘ni (taxminan ikki choy qoshiq) shuncha miqdordagi o‘simlik yog‘i bilan almashtirish umumiy o‘lim xavfining 17 foizga, saraton tufayli vafot etish xavfining ham 17 foizga pastligi bilan bog‘liq bo‘lgan.

Tadqiqotchilar buni sariyog‘ tarkibidagi to‘yingan yog‘lar miqdori yuqoriligi, o‘simlik yog‘larida esa to‘yinmagan yog‘lar ko‘proq ekani bilan izohlashmoqda. Biroq bu natijalar sariyog‘ iste’mol qilgan har bir insonda albatta kasallik rivojlanadi yoki o‘simlik yog‘iga o‘tish o‘lim xavfini kafolatli ravishda kamaytiradi, degani emas. Tadqiqot ovqatlanish odatlari va o‘lim xavfi o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatadi, ammo bevosita sabab-oqibatni to‘liq isbotlamaydi.
Mualliflar tadqiqotning ayrim cheklovlari borligini ham qayd etishgan. Jumladan, ovqatlanish haqidagi ma’lumotlar ishtirokchilarning o‘zlari to‘ldirgan so‘rovnomalarga asoslangan. Shu sababli ayrim odamlar iste’mol qilgan mahsulotlar miqdorini noto‘g‘ri ko‘rsatgan yoki sariyog‘ni margarin kabi boshqa mahsulotlar bilan adashtirgan bo‘lishi mumkin.
Shunga qaramay, tadqiqot natijalari ratsiondagi to‘yingan yog‘larning bir qismini o‘simlik yog‘laridagi to‘yinmagan yog‘lar bilan almashtirish salomatlik uchun foydali bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

