So‘nggi yillarda aholining sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishi ortishi bilan, sog‘liqni mustahkamlash maqsadida turli preparat va muolajalardan foydalanish hajmi ham keskin ko‘paydi.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Biroq ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ommaviy ravishda targ‘ib qilinayotgan ushbu vositalarning bir qismi real terapevtik samaraga ega emas hamda klinik jihatdan tasdiqlanmagan. Bunday xarajatlar nafaqat iqtisodiy jihatdan samarasiz, balki ayrim hollarda sog‘liq uchun qo‘shimcha xavf tug‘dirishi mumkin. Shu bois ushbu materialda eng ko‘p uchraydigan olti turdagi befoyda tibbiy davolanish turlari tahlil qilinadi.

1. Miya faoliyatini yaxshilash uchun mo‘ljallangan dorilar

Har yili ko‘plab odamlar, jumladan o‘zbekistoniklar ham nootrop deb ataluvchi dorilarga millionlab mablag‘ sarflashadi. Bu dorilar go‘yoki insonning aqliy faolligini, diqqatini va ish qobiliyatini oshiradi, deb aytiladi.

Ammo ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, hozircha hech bir nootrop vositaning samarasi isbotlanmagan. Aksincha, ularning ayrim tarkibiy moddalari, jumladan piratsetam va fenibut, bir qator xorijiy mamlakatlarda taqiqlangan. Yosh bolalarni tinchlantirish yoki ularning miyasiga “ozuqa bo‘lishi’’ maqsadida beriladigan nootroplar nerv tizimiga jiddiy shikast yetkazishi, nutq rivojlanishiga ta’sir qilishi mumkin.

2. Biologik faol qo‘shimchalar (BFQlar)

Foto: iStock

Biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqaruvchilari o‘z mahsulotlarini “sog‘lom hayot kaliti” sifatida reklama qiladilar. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bu vositalar immunitetni mustahkamlaydi, energiya beradi va hayot sifatini yaxshilaydi.

Ammo amalda BFQlarning aksariyati ilmiy jihatdan tasdiqlangan foydaga ega emas. Ular dori preparatlaridan farqli o‘laroq qat’iy tekshiruvlardan o‘tmaydi, oqibatda mahsulot tarkibi yoki dozasi ishlab chiqaruvchining yozganidan farq qilishi mumkin. Ba’zan hatto taqiqlangan yoki toksik moddalar ham aniqlanadi.

Vitamin yoki mineral yetishmovchiligini to‘ldirish uchun ham BFQlarni o‘zboshimchalik bilan ichish tavsiya etilmaydi. Agar organizmda haqiqatan yetishmovchilik bo‘lsa, buni faqat shifokor aniqlab, zarur dori shaklida buyuradi.

3. O‘RVI (shamollash)da “virusga qarshi” dorilar

Foto: iStock

Ko‘plab dorixonalarda sotiladigan “antivirus” vositalar tarkibiga azoksimer bromid, umifenovir va imidazolil etanamid pentandiy kislotasi kabi moddalar kiritiladi. Ular immunitetni kuchaytiradi, deb aytiladi, biroq bu da’volar ilmiy asosga ega emas.

Xalqaro sog‘liqni saqlash standartlarida O‘RVIni davolash uchun bunday dorilar tavsiya etilmaydi, chunki ularning samaradorligi yirik klinik tadqiqotlarda isbotlanmagan.

Aksariyat hollarda virusli shamollash o‘zi bilan bir haftada o‘tib ketadi. Eng muhim chora — dam olish, ko‘p suyuqlik ichish, isitma bo‘lsa parasetamol yoki ibuprofen qabul qilish. Bu usullar xavfsizroq va ancha arzondir.

4. Shifokor ko‘rsatmasisiz topshiriladigan tahlillar

Foto: iStock

Xususiy laboratoriyalar ko‘pincha tahlil topshirish uchun yo‘llanma talab qilmaydi va turli “profilaktik” paketlarni targ‘ib qiladi.

Masalan, ular kortizol darajasini aniqlab, stressni baholashni taklif etadilar. Aslida esa, bunday tahlil faqat endokrin kasalliklarni aniqlash uchun zarur.

Hech qanday klinik belgilarsiz tahlillar topshirish esa asossiz xavotir, ortiqcha tashxis qo‘yish (giperdiagnostika) va ortiqcha xarajatlarga olib keladi. Shu sababli, muammo tug‘ilganda avvalo shifokorga murojaat qilish lozim, u simptomlarni baholab, zarur bo‘lsa tahlillarni belgilaydi.

5. “Sog‘lomlashtiruvchi” deb ataladigan maxsus muolajalar

Foto: iStock

Ozonoterapiya, galoterapiya (tuzli xonalar), vitaminli osma ukollar va loy bilan davolash kabi xizmatlar ko‘p joylarda “sog‘lomlashtiruvchi” deb reklama qilinadi.

Ammo ilmiy nuqtai nazardan, bu usullarning samarasi isbotlanmagan. Ba’zilari, masalan vitaminli osma ukollar hatto organizmga zarar yetkazishi mumkin. Shu bois bunday muolajalar sog‘liqni yaxshilashdan ko‘ra, ko‘proq tijoriy maqsadga xizmat qiladi.

6. Uy sharoitidagi magnitoterapiya apparatlari

Bozorlarda hozirda “magnit maydonli davolovchi” qurilmalar keng tarqalgan. Sotuvchilar reklamasiga ko‘ra, ular bo‘g‘im og‘rig‘i, yurak-qon tomir, nafas olish muammolari va varikoz kabi kasalliklarda yordam beradi.

Ammo magnitoterapiya ilmiy jihatdan isbotlanmagan muqobil tibbiyot turiga kiradi. Hozirgacha hech bir yirik tadqiqot uning foydasini tasdiqlamagan.

Shuning uchun bunday qurilmani sotib olish orqali siz nafaqat katta mablag‘ yo‘qotasiz, balki kasallikni ham og‘irlashtirib yuborish xavfiga duch kelasiz.

author info

Sevara Soliyeva

От qwert.uz