
Ba’zi kunlarda butun dunyo sizga qarshidek tuyuladi: boshingiz qattiq og‘riydi, chakkalaringiz gursillab uradi, ko‘zlaringiz yumilib ketadi, bunday paytda qahva ham yordam berolmaydi. Keyin yangiliklarda “Bugun kuchli magnit bo‘roni kutilmoqda” degan xabarga ko‘zingiz tushadi. Ular orasida bog‘liqlik bormi?
— Manba: «Daryo» nashri.
Magnit bo‘ronlari chindan ham salomatlikka ta’sir ko‘rsatishi mumkin, garchi har bir kishining reaksiyasi o‘ziga xos bo‘lsa-da. Keling, bu qanday hodisa ekanligi, tanamizga qanday ta’sir qilishi va bo‘ronli kunlarni qanday yengib o‘tish mumkinligi haqida batafsil to‘xtalamiz.
Magnit bo‘roni nima va u qayerdan paydo bo‘ladi?
Yer ko‘rinmas qalqon bilan o‘ralgan ulkan magnitga o‘xshaydi. Bu qalqon — magnitosfera — bizni quyosh shamoli va kosmik nurlanishdan himoya qiladi. Ammo ba’zida Quyoshda “chaqnash” hosil bo‘ladi — plazma va energetik zarralarning ulkan portlashini yuzaga keltiradi. Bu chaqnash Yerga yetib kelganda, sayyoraning magnit maydoni tebrana boshlaydi.
Aynan shu tebranish magnit bo‘roni deb ataladi. U bir necha soatdan bir necha kungacha davom etishi mumkin. Bunday bo‘ronlar qutb yog‘dusini hosil qiladi. Afsuski, shunday chiroyli manzara hosil bo‘lganda bosh og‘rig‘i va charchoq ham yuzaga keladi.
Olimlar bo‘ronlar kuchini K-indeksi bo‘yicha (0 dan 9 gacha) o‘lchaydi:
- 0-3: tinch, bo‘ron deyarli sezilmaydi;
- 4-5: kuchsiz yoki o‘rtacha bo‘ron, organizmda yengil o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin;
- 6-9: aloqa, GPS va sun’iy yo‘ldoshlar ishini izdan chiqarishga qodir kuchli bo‘ron.

Nima uchun magnit bo‘ronlarini his qilamiz?
Agar bo‘ron magnitosferaning yuqori qismida sodir bo‘lsa, nima uchun inson bundan aziyat chekadi? Yerning magnit maydoni nafaqat kompas va sun’iy yo‘ldoshlarga, balki bizga ham ta’sir qiladi.
Aslida tanamiz suv va elektrolitlar to‘ldirilgan katta qop, suv molekulalari esa kichik magnitlardir. Qon, limfa va hujayra suyuqliklari elektr tokini o‘tkazadi va bo‘ron paytida Yerning magnit maydoni “tebrana” boshlaganda, organizmda mikroskopik aylanma toklar paydo bo‘ladi. Ular hujayra va organlar o‘rtasidagi odatiy signallarni buzadi — miya aniq buyruqlar o‘rniga “shovqin” qabul qiladi va tomirlarda spazm yuzaga keladi.
Ayniqsa, uchta tizim zaif hisoblanadi:
- Yurak-qon tomir tizimi: chunki maydon tebranishlari ta’sirida qon tomirlari torayib, bosim o‘zgarib turadi.
- Asab tizimi: xavotir, asabiylashish va uyqusizlik bilan javob beradi.
- Miya qon aylanishi: to‘qimalarning kislorod bilan ta’minlanishi buziladi — gipoksiya yuzaga keladi, natijada fikrlash qobiliyati pasayib, holsizlik paydo bo‘ladi.
Aslida magnit bo‘roni organizm uchun o‘ziga xos stress hisoblanadi, faqat bu stressning manbai hissiy emas, balki kosmik bo‘ladi. Inson qanchalik sezgir bo‘lsa, Quyoshning ko‘zga ko‘rinmas to‘lqinlarini shunchalik aniq his qiladi.

Kimlar magnit bo‘roniga ta’sirchan bo‘ladi?
Magnit bo‘ronlariga hamma ham bir xil ta’sirlanmaydi. Ba’zilar hech qanday o‘zgarishsiz o‘sa, boshqalar har bir tebranishni sezadi. Xavf guruhiga quyidagilar kiradi:
- Qon bosimi va yurak kasalliklari bor bemorlar, chunki ularning qon tomirlari bosim va magnit maydonining o‘zgarishlariga sezgir bo‘ladi;
- Ob-havoga bog‘liq odamlar, ya’ni ob-havo va bosim o‘zgarishlariga ta’sirchan shaxslar;
- Keksalar — ularda moslashuv mexanizmlari sekinlashgan bo‘ladi;
- Surunkali charchoq va stress bilan yashayotgan odamlar — ularning asab tizimi barqaror bo‘lmaydi.
Qizig‘i, ayollar erkaklarga qaraganda kuchliroq ta’sirlanadi — ehtimol, bu gormonal o‘zgarishlar va rivojlangan intuitsiya tufaylidir (garchi bu ilmiy emas, balki hayotiy kuzatuv bo‘lsa-da).
Bundan himoyalanish mumkinmi?
Magnit bo‘ronlaridan to‘liq himoyalanish imkonsiz, ammo ularning ta’sirini yumshatish mumkin. Bunday paytda quyidagi maslahatlarga amal qiling:
— Ko‘proq suv iching. U qonning normal aylanishini ta’minlashga yordam beradi.
— Kamida 7-8 soat uxlang. Tana tiklanishi uchun vaqt zarur.
— Toza havoda ko‘proq bo‘ling. Sayr qilish to‘qimalarni kislorod bilan yaxshiroq to‘yintiradi.
— Yengil ovqatlaning va kofeinli ichimliklarni kamroq iste’mol qiling. Qahva, spirtli ichimliklar va yog‘li taomlar qon tomirlariga zo‘riqishni oshiradi.
— Xotirjam bo‘ling va to‘g‘ri nafas oling. Oddiy nafas olish mashqlari xavotirni kamaytirib, qon bosimini pasaytiradi.
Bundan tashqari, magnit bo‘ronlari bashoratini kuzatib borish foydali. Agar 5-6 darajali bo‘ron kutilayotgan bo‘lsa, oldindan choralar ko‘rish mumkin: yaxshilab uxlash, o‘zingizni ortiqcha charchatmaslik va agar shifokor buyurgan bo‘lsa, dori-darmonlar yoningizda bo‘lsin.

Magnit bo‘ronlari mistika ham, ob-havoga ta’sirchan odamlarning uydirmasi ham emas. Bu texnikaga, sog‘lig‘imizga ta’sir qiladigan fizik hodisadir. Quyosh koinotga plazma oqimlarini chiqarishni davom ettiraveradi, biz esa bunga moslashishni o‘rganamiz. Eng muhimi, vahimaga tushmaslik, lekin tanangiz bergan signallarni e’tiborsiz qoldirmaslik kerak. Agar magnit bo‘roni paytida o‘zingizni yomon his qilsangiz, bu zaiflik yoki vasvasaga tushish emas. Bu kosmik hodisaga organizmning tabiiy reaksiyasidir. Prognozlarni kuzatib boring, sog‘lig‘ingizni asrang va esda tuting: bu vaqtinchalik holat. Bo‘ron o‘tib ketadi, Quyosh tinchlanadi va ahvolingiz yaxshilanadi.

Hilola G‘iyosova
