
Har yili kuz va qish fasllari kelishi bilan gripp mavsumi ham boshlanadi. Odamlar ko‘p hollarda o‘zini himoya qilish uchun turli “xalqona” usullar yoki dorixonalardagi “immunitetni mustahkamlovchi” vositalarga murojaat qiladi. Biroq eng ishonchli himoya vositasi — grippga qarshi emlash ekanini ko‘pchilik hanuz tan olgisi kelmaydi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Emlash atrofida turli mish-mishlar, noto‘g‘ri tushunchalar va qo‘rquvlar shakllangan: kimdir vaksina foydasiz deb o‘ylaydi, kimdir esa u kasallikni keltirib chiqaradi deb ishonadi. Aslida esa ilmiy faktlar bu e’tiqodlarning asossizligini ko‘rsatadi.
Shu sababli yuqumli kasalliklar bo‘yicha rossiyalik mutaxassis Irina Samatova bilan birgalikda grippga qarshi emlash haqidagi eng mashhur 5 ta yanglish tushunchalarni tahlil qildik.
1-xatolik: “Emlash foydasiz, virus har yili o‘zgaradi”
Bu keng tarqalgan noto‘g‘ri tushunchalardan biri. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, gripp virusi haqiqatan ham tez mutatsiyaga uchraydi, biroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti har yili yangi shtammlarni kuzatadi va ular asosida yangilangan vaksina ishlab chiqiladi. Demak, har yili olinadigan gripp vaksinalari o‘sha mavsumda faol tarqaladigan virus turlariga qarshi himoya qiladi. Ya’ni vaksina dolzarb shtammlar asosida har mavsum yangilanadi.
Fakt: JSST ma’lumotiga ko‘ra, har yili gripp sababli dunyo bo‘yicha 3–5 million kishi og‘ir asoratlar bilan kasal bo‘ladi hamda 290 mingdan 650 minggacha odam vafot etadi. Shulardan aksariyati emlanmaganlardir.
2-xatolik: “Vaksina o‘zi grippni keltirib chiqaradi”
Bu sog‘liq haqida keng tarqalgan xato qarashlardan biri. Grippga qarshi vaksinalarda faqat virusning o‘lik (inaktiv) zarralari yoki antigenlari mavjud. Ular organizmga virusni tanitish va immunitetni shakllantirish uchun xizmat qiladi, ammo kasallikning o‘zini keltirib chiqara olmaydi.
Emlashdan so‘ng biroz holsizlik, bosh og‘rishi yoki 37°C atrofida harorat kuzatilishi mumkin — bu immun tizimning tabiiy javobi, kasallik belgisi emas.
“Vaksinadan keyingi yengil noqulaylik — immunitet ishga tushganining belgisi. Bu holat odatda 1–2 kun ichida o‘tib ketadi”, deydi shifokor.

3-xatolik: “Emlash immunitetni zaiflashtiradi”
Bu fikr ilmiy asosga ega emas. Aksincha, emlash immun tizimini mashq qildiradi. Ya’ni u virus bilan to‘qnash kelmasdan turib, tanani himoya antitanalarini ishlab chiqarishga o‘rgatadi.
Immunitet tanqisligi yoki surunkali kasalligi bor odamlarga esa emlash aynan tavsiya etiladi, chunki bunday bemorlarda gripp og‘ir va asoratli kechishi mumkin.
Fakt: JSST va AQSh Kasalliklarni nazorat qilish markazi (CDC) ma’lumotiga ko‘ra, emlangan bemorlarda pnevmoniya, yurak asoratlari va shifoxonaga tushish xavfi 60 foizgacha kamayadi.
4-xatolik: “Grippga qarshi dorilar bor, shuning uchun emlashning hojati yo‘q”
Dorixonalarda immunomodulyatorlar yoki “grippga qarshi” deb reklama qilinadigan vositalar juda ko‘p, ammo ularning aksariyatining samarasi ilmiy isbotlanmagan. Bu preparatlar simptomlarni biroz yengillashtirishi mumkin, ammo kasallikning o‘ziga sabab bo‘layotgan virusni to‘xtata olmaydi.
Emlash esa immun tizimini oldindan tayyorlaydi, ya’ni organizm virus bilan to‘qnashganda u tez va samarali himoya javobini beradi.
“Immunomodulyatorlar vaqtincha yordam berishi mumkin, lekin ular profilaktika vositasi emas. Eng ishonchli himoya vositasi — o‘z vaqtida o‘tkazilgan emlash”, deydi mutaxassis.
5-xatolik: “Emlangan odam gripp bilan kasallamaydi”
Bu ham noto‘g‘ri tushuncha. Hech bir vaksina kasallik yuqtirib olmaslikka 100% kafolat bermaydi, biroq u kasallikning og‘ir kechishi va asoratlarini deyarli to‘liq oldini oladi. Emlangan inson gripp bilan kasallansa ham, odatda yengil shaklda, qisqa muddatli va asoratsiz kechadi.
Shu bilan birga, gripp mavsumida quyidagi profilaktika choralariga amal qilish tavsiya etiladi:
• jamoat joylarida niqob taqish va masofa saqlash;
• qo‘llarni tez-tez yuvish va antiseptik vositalardan foydalanish;
• xonalarni shamollatish va havoni nam holatda tutish;
• to‘g‘ri ovqatlanish, yetarli uyqu va jismoniy faollik.

Sevara Soliyeva
